www.ziyouz.com kutubxonasi
216
emas, faqat uzun, ingichka mo‘ylovi bor. Burgut burun. Ko‘zlari katta-katta. Ozariy tilda
gapirdi, so‘zlarining hammasiga tushundim. Shialarning imomlari Bibi Fotimaning
avlodlari bo‘lgan emasmi, shuning uchun ular ayol zotini juda hurmat qilar ekanlar. Men
buni yo‘lda ham ko‘p sezdim.
— Lekin o‘zimizda ham ilgari ayollarga ehtirom kuchli bo‘lgan, — dedi Bobur.—
Samarqandda Bibi Xonim nomli madrasa qurilgan, Tuman oqa maqbarasi bor. Hirotda
Gavharshod begim madrasasi mashhur.
— Bilmadim, u zamonlarda ulug‘ ayollar ko‘p bo‘lganmi yoki ularning ilmu san’atga
ishtiroklari katta bo‘lganmi? — dedi Mohim begim eriga qarab. — Hozir nechukdir undoq
emas-da, hazratim?
— Falakning gardishi ajib! — dedi Bobur. — Ayollarga munosabat hamisha ilmu san’-
atga munosabat bilan rost kelur. Ilmu san’at barq urgan davrlarda ayollarning hurmati
ham baland. Chunki ilmu san’at ayollarning ishtiroki bilangina astoydil yuksalgan.
Ma’naviy inqiroz davrlarida olimlaru san’atkorlar nechog‘lik xor bo‘lsa ayollar ham
shunchalik kamsitilmishdir.
— Siz aytgan shu inqiroz hozir Movarounnahrni chirmab olgan, hazratim! — dedi
Xonzoda begim. — Ko‘chmanchi xonu sultonlar mamlakatning quruq gavdasini egallab
olmishlar. Uning ruhi bilan ishlari yo‘q. O‘lgan odamning arvohini ranjitish adolatdan
emas. Shayboniyxon parokanda bo‘lib yotgan o‘lkalarni birlashtirdi. Samarqandda o‘z
nomiga madrasa qurdirdi. Ko‘hak* daryosining ustiga ko‘prik qurdirdi. Savob ishlari shu
bo‘ldi. Lekin olimlaru san’atkorlarga muomalasi qandoq durusht bo‘lsa, ayollarga ham
shundoq edi. Te-muriylar ayollarning nomiga madrasayu maqbaralar qurdirganini
aytsangiz, g‘azabi kelur edi. Uningcha, Ulug‘bek ilmu san’atga berilib, dinu imonni
unutgan emish, ayollarni taltaytirib, xalqning axloqini buzgan emish. Xon yozdirgan
«Shayboniynoma», «Nusratnoma» degan kitoblarning birontasida birorta ayolning nomi
tilga olingan emas. Shahzodayu sultonlarning onalari yoki xotinlari haqida so‘zlash zarur
bo‘lib qolsa, «falonchining qizi», «falonchining xotini» deb, faqat otasi yoki erining
nomini yozurlar. Chunki ayollarning nomini nomahramlar tilga olsalar gunoh bo‘lur
emish! Hali bu— madrasa ko‘rgan ilmlik xonning davrida bo‘lgan ishlar. Hozir tirik
qolganlarida shu ilm ham yo‘q. Faqat dag‘al bir kuchu bid’atu xurofot. Ilmu san’at ahli
sultonlar zulmidan qochib, biri Xurosonga, biri Istambulga ketdi, biri Kobulga keldi. Endi
butun umidimiz sizdan, Boburjon! Siz Movarounnahrning ulug‘ ruhini tiklarsiz, ilmu
ma’rifat quyoshini yurtimizga qaytarib olib borursiz deb, yo‘lingizga ko‘z tikkanlar ko‘p!
Bobur opasining aytganlari quruq gap emasligini bilardi. Shayboniyxon o‘lgandan keyin
Samarqanddan, Buxorodan, Toshkentdan Boburga maxfiy xatlar va choparlar kelgan
edi. Ko‘chmanchi sultonlar zulmidan bezgan odamlar Boburni tezroq yurtiga qaytishga
chor-lar edilar.
— O‘tgan hafta Andijondan xushxabar keldi, — dedi Bobur opasiga mamnun ko‘z
tashlab.— Farg‘ona vodiysidagi barcha xayrixohlarimiz ko‘chmanchi sultonlarni quvib
yuboribdir. Menga kitobot keldiki, «Qorategin orqali Andijonga tezroq yetib keling, ota
yurtingiz sizga muntazir!»
Xonzoda begim quvonch bilan:
— Tangrimga ming qatla shukr! — dedi.
— Hazratim bizni Kobuldan Qunduzga olib kelganlarining boyisi ham shuki, — dedi
Mohim begim ovozini pasaytirib, — tezroq vatanlariga qaytmoqchilar!
— Andijongami? — shivirladi Xonzoda begim inisiga.
Bobur o‘ychan kulimsirab bosh chayqadi — u Andijonga ishonchli bir kishisini
yubormoqchi, o‘zi esa Hisor orqali Samarqandga yurish qilmoqchi edi. Lekin Bobur
o‘zining bu niyatini tarix sahnasida paydo bo‘lgan yangi bir kuch — Shoh Ismoil bilan
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |