„Aytay senga dard-u alamim, ofati jonim, fikr ayla o'zungga" deb boshlanadigan mustazodi shoir holatini ifoda etishi jihatidan muhim ahamiyatga egadir. An'anaga ko'ra bu she'r ham ishqiy yo'nalishda. G'azal singari qofiyalanadigan bu she'riy turning misralardan keyin kelib, o'zaro qofiyalanadigan va sindirilganday tuyuluvchi qisqa satrlari shoirga eng keskin ruhiy holatlarni ham erkin ifodalash imkonini bergan:
Boshimga agar kelsa balo, sabr etadurman,
Sendin kecharim yo'q,
Qaydin kechayin, ko'nglumda to'ladur senga mehrim,
Men oshiqi shaydo.
Shoirning „Bul xasta vujudimni meni o'rtadi butkul, Ul zulfi parishon" tarzida boshlanadigan mustazodida ham sitamkor va bevafo ma'shuqa ko'yida abgor bo'lgan oshiq holati eng nozik sezimlariga qadar tiniq tasvir etilgan. Bu asarda oshiq va yor holati ko'proq tazod yo'li bilan berilganligi ular tabiatidagi muhim jihatlarni yorqin ko'rsatishga imkoniyat yaratgan:
Bul xasta vujudimni meni o'rtadi butkul,
Ul zulfi parishon,
Ul gul yuzining ishqida men volau bulbul,
Ul g'unchai xandon.
Bir rahm qilib so'rmadi holimni nechuk deb.
Ul orazi gulgun,
Yuz va'da qilib birga vafo qilmadi bir yo'l,
Ul va'dasi yolg'on.
Yor sifatlarining to'rt misrada ham „ul" so'zidan so'ng berilishi va ular o'z holicha salbiy ma'no tashimasalar-da, oshiqning abgor ahvoli sababchisi sifatida ma'shuqaning sitamkor, bevafo, berahmligini namoyon etishi shoir mahorati samarasidir.
Mashrab she'riyati mazmun teranligidan tashqari, badiiy jihatdan ham yetuk, mukammaldir. U so'zni g'oyat nozik his etadi, ohangni yaxshi ilg'aydi, tashbih-majozlardan samarali foydalanadi. Mana shu baytda ifodalangan holat murakkabligi va tasvir go'zalligi kishini hayratga soladi:
Man ayturman: „Ko'ngul uzgil!" Bu ko'nglum ko'ngul uzmaydur,
Ko'ngul ayturki: „Ey nodon, ko'ngul uzsam, uzilgaymu?!"
Shoir „ko'ngul" va „uz" so'zlari takroridan jozibali bir poetik manzara, sehrli so'z o'yini hosil qilgan. She'rda o'ziga xos bir „istig'no", „noz-karashma" bor. Uning bunday go'zal va ohangdor chiqishiga „takrir" va ,,tavzi'" san'atlari yordam bergan. Takrir biror so'zning o'rniga qarab takrorlanib kelishi natijasida tasvirni kuchaytirish ko'zda tutiladigan san'atdir. Baytda ko'ngul so'zi besh joyda kerakli ma'noni kuchaytirish maqsadida ishlatilgan. „Uz" hijosi esa „uzgil", "uzmaydur", „uzilgaymu" so'zlarining o'zagidan olingan bo'lib, ta'sirchanlikni oshirishga xizmat qilgan. So'z bosh bo'g'inining bu xilda „uzib olib" takrorlanishi mumtoz she'riyatda „tavzi'' san'ati deyiladi. Tavzi' ulashish, tarqatish ma'nolarini bildiradi.
Mashrab she'riyati, yuqoridagi misollardan ma'lum bo'lganidek, millionlab kishilar qalbidagi ezgu va olijanob tuyg'ularni, haqqa, haqiqatga bo'lgan tashnalikni topib ifoda etgan she'riyatdir. Shoir o'z asarlarida o'z tuyg'ularini shunchaki ifodalagan emas, balki baland pardalarda tarannum qilgan. Shu sababli ham bu asarlar asrlar ardog'ida keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |