8. Quyidagilar Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
budjet tashkilotlarida budjet mablag‘larini boshqarish va budjet hisobini yuritish bo‘yicha maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida budjet tashkilotlarining moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilish orqali budjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishini nazorat qilish va ortiqcha to‘lovlarning oldini olish;
budjet qonunchiligiga rioya etish bo‘yicha budjet tashkilotlari bilan tizimli asosda profilaktika ishlarini olib borish;
budjet tashkilotlarida aniqlanayotgan pul mablag‘lari va moddiy boyliklarni talon-toroj qilish, kamomadlarga yo‘l qo‘yish, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini tuzish, tasdiqlash hamda ijro etish tartibini buzish va budjet qonunchiligini boshqacha tarzda buzish holatlarini chuqur tahlil qilish va ular sodir etilishi shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
masofaviy nazoratni keng ko‘lamda qo‘llash, zamonaviy axborot texnologiyalari va ma’lumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlari va maqsadlarini aniqlash yo‘li bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda budjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanishda budjet qonunchiligiga hamda budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
budjet tizimi budjetlari mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki davlat kafolati ostida jalb qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovi hamda amalga oshirilgan to‘lovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
davlat xaridlarida budjet buyurtmachilari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki davlat kafolati ostida jalb qilingan mablag‘lar, shuningdek, insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash;
Inspeksiya tizimida mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa korrupsiyaviy holatlarning oldini olish.
9. Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) budjet tashkilotlarida budjet mablag‘larini boshqarish va budjet hisobini yuritish bo‘yicha maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida budjet tashkilotlarining moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilish orqali budjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishini nazorat qilish va ortiqcha to‘lovlarning oldini olish sohasida:
xarajatlar smetasiga kiritilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘larning haqqoniyligi va ularning amaldagi normativlarga muvofiqligini o‘rganish;
mehnatga haq to‘lash bo‘yicha belgilangan razryadlarga, lavozim maoshlari, ustamalar, ish haqiga qo‘shimchalar va boshqa to‘lovlar miqdorlariga rioya etilishini o‘rganish asosida ortiqcha to‘lovlarning oldini olish;
xodimlarning belgilab qo‘yilgan cheklangan umumiy soniga, xodimlarning toifalari o‘rtasidagi o‘zaro nisbat normativlariga, namunaviy shtat normativlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
tarifikatsiya ro‘yxatlarini tuzishning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibi va normativlariga rioya etilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish.
b) budjet qonunchiligiga rioya etish bo‘yicha budjet tashkilotlari bilan tizimli asosda profilaktika ishlarini olib borish sohasida:
budjet tizimi budjetlari xarajatlarini rejalashtirish davrida profilaktika ishlarini kuchaytirish va uning samaradorligini oshirish;
elektron tarzda budjet tizimi budjetlari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘larining harakati to‘g‘risida tegishli manbalardan olinadigan ma’lumotlarni tahlil qilish asosida moliyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishi xavfi mavjud bo‘lgan moliyaviy nazorat obyektida profilaktika ishlarini olib borish;
hududiy moliya organlari va g‘aznachilik bo‘linmalarida budjet qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan profilaktika ishlarini olib borish;
v) budjet tashkilotlarida aniqlanayotgan pul mablag‘lari va moddiy boyliklarni talon-toroj qilish, kamomadlarga yo‘l qo‘yish, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini tuzish, tasdiqlash hamda ijro etish tartibini buzish va budjet qonunchiligini boshqacha tarzda buzish holatlarini chuqur tahlil qilish va ular sodir etilishi shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish sohasida:
moliyaviy huquqbuzarliklar profilaktikasini olib borish uchun ma’lumotlar bazasini shakllantirish, umumlashtirish va hisobini yuritish;
budjet tizimi budjetlari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishda masofadan kuzatish tizimini va kameral nazoratni joriy etish orqali tekshirishlar samaradorligini oshirish;
moliyaviy nazorat va huquqbuzarliklar profilaktikasi shakllari hamda usullarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
g) masofaviy nazoratni keng ko‘lamda qo‘llash, zamonaviy axborot texnologiyalari va ma’lumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlari va maqsadlarini aniqlash yo‘li bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda budjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish sohasida:
vazirliklar va idoralar bilan real vaqt rejimida axborot almashinuvi orqali budjet qonunchiligini buzish xavfini tahlil qilish;
“Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi orqali aniqlangan xavflarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
modul asosida davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun ayrim masalalar bo‘yicha faoliyatini mavzuli nazorat qilish;
bir hudud yoki sohada aniqlangan xarakterli moliyaviy huquqbuzarliklar yuzasidan respublika hududidagi nazorat obyektlarida tizimli moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
moliyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon yaratuvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha moliyaviy nazorat obyektlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish;
moliyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini tahlil qilish asosida ularga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish.
d) O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishda budjet qonunchiligiga hamda budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan maqsadli foydalanilishda budjet qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari daromadlarining hisoblanishi va o‘z vaqtida undirilishida qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
hisobot yili yakuni bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishini yakuniy nazoratdan o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik muassasalari tomonidan milliy va chet el valyutasidagi mablag‘lardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
budjet ssudalaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
budjet tizimi budjetlaridan subsidiyalar ajratilishida qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibiga rioya etilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
qonunchilik hujjatlarining oldingi taftishda yoki tekshirishda aniqlangan buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tartibidagi tekshirishlarni tashkil etish;
davlat moliyaviy nazorati hujjatlarini umumlashtirish, ular yuzasidan tegishli axborotlar va takliflar tayyorlash;
davlat moliyaviy nazorati natijalarida aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, maqsadsiz va noqonuniy xarajatlarni, pul mablag‘lari va tovar-moddiy boyliklar kamomadini undirish yuzasidan, nazorat obyekti aybdor shaxslarini javobgarlikka tortish yuzasidan taqdimnoma va ko‘rsatmalar tayyorlash;
nazorat tadbirlarini muvofiqlashtirish va metodik jihatdan ta’minlash;
ma’muriy javobgarlikka olib keladigan qonunchilik hujjatlarini buzish holatlari bo‘yicha o‘z vakolati doirasida bayonnomalar tuzish;
davlat moliyaviy nazorati natijalari bo‘yicha topshirilgan hujjatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qabul qilingan va sud organlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bo‘yicha budjet qonunchiligi buzilishi bartaraf etilishi monitoringini olib borish;
e) budjet tizimi budjetlari mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki davlat kafolati ostida jalb qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovi hamda amalga oshirilgan to‘lovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilish ishlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlarni haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan va ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda keng qamrovli masofaviy (kameral) nazorat va monitoring olib borish;
tegishli elektron hujjatlarni tahlil qilish yo‘li bilan moliyalashtirilgan mablag‘ miqdoriga mos ravishda haqiqatda bajarilgan qurilish hajmi monitoringini olib borish;
pudratchining tanlanishi va tender (tanlov) o‘tkazilishida qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini o‘rganish;
tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda obyektda bajarilgan qurilish ishlari sifatini o‘rganish;
qonunchilik hujjatlari asosida belgilangan pudrat tashkilotlari hamda qurilish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshiriladigan obyektlarda buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar o‘rtasida qurilish materiallari, mashina va mexanizmlar, uskuna va jihozlar, ishchilarning ish soati va pudratchining boshqa xarajatlari, obyekt uchun tayyorlangan qurilish materiallari, jihozlar va boshqalar bo‘yicha asoslovchi hujjatlarni hamda rasmiylashtirilgan kelishuv bayonnomalarini o‘rganish va narxlarini tahlil qilish;
qurilish obyektlarida haqiqatda bajarilgan fizik ish hajmlarining loyiha-smeta hujjatlariga, oferta hamda bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisob-faktura ma’lumotnomalari asosida nazorat o‘lchovidan o‘tkazish;
nazorat o‘lchovi natijasiga ko‘ra pudrat shartnomasi asosida loyiha-smeta hujjatlarida, ofertada va bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisob-faktura ma’lumotnomalarida nazarda tutilgan ish turlari va hajmlarining haqiqatda bajarilganligini ish turlari va hajmlari bo‘yicha tahlil qilish;
nazorat o‘lchovi natijasiga ko‘ra qurilish obyektida haqiqatda bajarilgan ish turlari va hajmlarida loyiha-smeta hujjatlaridan chetga chiqish holatlarini tahlil qilish;
bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisob-faktura ma’lumotnomalari bo‘yicha qurilish obyektiga o‘rnatilgan asbob-uskunalarni hamda kommunikatsiya sohasida bajarilgan ishlarning sifati sinovdan (laboratoriyadan) o‘tkazilganligini yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish.
j) davlat xaridlarida budjet buyurtmachilari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat xaridlari jarayonida cheklovlarga amal qilinishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
elektron do‘kon (milliy do‘kon) vositasida, boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion vositasida va eng yaxshi takliflarni tanlash, tender va to‘g‘ridan to‘g‘ri tuziladigan shartnomalar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilgan xaridlar bo‘yicha shartnoma va shartnomaga oid qo‘shimcha kelishuvlar qonunda belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
davlat xaridlari sohasida budjet buyurtmachilarining ma’muriy javobgarlikka olib keladigan qonunchilik hujjatlarini buzish holatlari bo‘yicha o‘z vakolati doirasida bayonnomalar tuzish.
z) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki davlat kafolati ostida jalb qilingan mablag‘lar, shuningdek, insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki davlat kafolati ostida jalb qilingan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi;
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida qarz oluvchi-rezidentlar tomonidan qarz (kredit) bo‘yicha bitimlarda belgilangan muddatda qarzning to‘liq qoplanishi;
O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlari hisobiga tushgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi;
insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish.
i) davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi;
davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalari daromadlarining hisoblanishi va o‘z vaqtida undirilishida qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan ajratiladigan pensiya mablag‘lari, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam hamda kompensatsiya mablag‘lari maqsadli sarflanishi;
shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarining to‘g‘ri va to‘liq hisoblab chiqarilishi, o‘z vaqtida to‘lanishi hamda Aksiyadorlik tijorat Xalq banki va uning filiallarida fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi hamda foizlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa jamg‘armalar mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish.
l) o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash sohasida:
jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek, moliyaviy nazorat obyektlarining (davlat moliyaviy nazorati natijalari bo‘yicha e’tirozlar) murojaatlarini ko‘rib chiqish (o‘rganish va tekshirish);
“Davlat auditi” dasturiy majmuasi orqali jismoniy shaxs(lar)dan tushgan xabar bo‘yicha masofaviy yoki qoidabuzarliklar sodir etilgan nazorat obyektiga chiqqan holda davlat moliyaviy nazorati tadbirini amalga oshirish;
murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshirish, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
tushgan va ko‘rib chiqilgan (o‘rganilgan, tekshirilgan) murojaatlarni umumlashtirish, tahlil qilish va ularning natijalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish.
k) Inspeksiya tizimida mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa korrupsiyaviy holatlarning oldini olish sohasida:
xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
tizimda korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish.