O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
431-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Inspeksiya) va uning hududiy boshqarmalarining maqomini, vazifalari va funksiyalarini, huquqlari va javobgarligini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Inspeksiya moliyaviy huquqbuzarliklar profilaktikasini, O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari (keyingi o‘rinlarda — budjet tizimi budjetlari) mablag‘larining maqsadli sarflanishini, moliyaviy nazorat obyektlari tomonidan budjet qonunchiligiga, shuningdek, budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat moliyaviy nazorat organi hisoblanadi.
3. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Budjet kodeksi va boshqa qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Inspeksiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Inspeksiya idoraviy jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarashli va o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga ega bo‘ladi.
Inspeksiya xodimi lavozimiga malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan (moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilmagan lavozimlardan tashqari) shaxslarni ishga qabul qilishga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan shaxslar mustasno.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy boshqarmalar) yuridik shaxs hisoblanmaydi, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankalarga ega bo‘ladi hamda o‘z faoliyatida bevosita Inspeksiyaga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
7. Inspeksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, qisqartirilgan nomi — Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi — State financial control Inspectorate of the Ministry of Finance of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — State financial control Inspectorate;
v) rus tilida:
to‘liq nomi — Gosudarstvennaya inspeksiya finansovogo kontrolya pri Ministerstve finansov Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Gosudarstvennaya inspeksiya finansovogo kontrolya.
Do'stlaringiz bilan baham: |