1.3-rasm. Investitsiya loyihalarining kengaytirilgan tasnifi10
Har bir loyihaviy faoliyat quyidagi 3 ta chegaralanishga ega:
Vaqt bo'yicha chegaralanishi;
Pul resurslari bilan chegaralanishi;
10 Rasm prof. D.G'.G'ozibekovning 2003 yilgi "Investitsiyalarni moliyalashtirish masalalari" nomli monografiyasi asosida shakllantirildi.
Texnik vazifalar bilan chegaralanishi (ishlar va operatsiyalarning turlari va sifatiga bo'lgan talab, investitsiya faoliyati ob'ektining texnik-iqtisodiy ko'rsatkichlari). Loyiha boshqa chegaralanishlarga ham ega bo'lib, ular orasida loyihani amalga oshirishning tashqi shart-sharoitlari alohida ahamiyat kasb etadi (institutsional,
iqtisodiy, huquqiy va boshqalar).
Loyihalarni 3 turdagi aktivlar (mulk) hisobiga moliyalashtirish mumkin: 1) Moliyaviy investitsiyalar va qarzlar. Bularga qimmatbaho qog'ozlar, bankdagi depozitlar, kreditlar, pul mablag'lari, yuqori likvidli qimmatbaho predmetlar kiradi; 2) Material (moddiy) aktivlar. Bularga ko'chmas mulk, asosiy vositalar, er, ishlab chiqarish texnikasi, liniyalari, xom ashyo, va materiallar kiradi; 3) Nomoddiy aktivlar. Bularga nou-xau, himoyalangan firma nomidan foydalanish xuquqi, intellektual mulk, innovatsiyalar, ishchi kapitali aqliy mahsuli kiradi.
Investitsiya loyihasi investor nuqtai nazaridan samarali deb baholanishi uchun, birinchidan, uni amalga oshirish ijobiy bo'lishi, ikkinchidan, muqobil loyihalarni solishtirish chog'ida yuqoriroq samaraga ega bo'lgan loyihani ma'qul ko'rish lozim.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalashda investitsiya loyihalarini amalga oshirishning ahamiyati benihoya katta bo'lib, u quyidagilar bilan izohlanadi: birinchidan, investitsiyalar ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etib, eksportga mo'ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantiradi; ikkinchidan, import o'rnini bosuvchi tovar ishlab chiqarish va buning uchun xorijiy investitsiyalarni iqtisodiyotning ustuvor sohalariga yo'naltirish, pirovardida, aholining me'yordagi turmush darajasini ta'minlash imkonini yaratadi; uchinchidan, kichik biznesni rivojlantirish va qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini jadallashtirish orqali o'sib borayotgan aholini ish joylari bilan ta'minlaydi; to'rtinchidan, korxonalarning eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini, moddiy-texnik bazasini yangilaydi va texnik qayta qurollantiradi; beshinchidan, tabiiy resurslarni qayta ishlovchi korxonalarni barpo etishga ko'maklashadi va boshq.
So'nggi yillarda iqtisodiyotda faol amalga oshirilayotgan tuzilmaviy o'zgarishlar va modernizatsiya qilish jarayoni investitsiya faolligini yanada oshirdi. Iqtisodiyotdagi investitsiyalar hajmining yildan-yilga sezilarli ravishda o'sib borishi milliy ishlab chiqarish hajmining o'sishi orqali o'zining ijobiy natijalarini ko'rsatdi. Davlat tomonidan investitsiya faoliyatini rivojlantirishga berilgan e'tibor va qo'llab-quvvatlash natijasida yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi va investitsiyalar miqdori o'sish sur'atlariga ega bo'ldi. Jumladan, 2017- 2021 yillar oralig'ida investitsiyalar hajmi 4,4 mlrd. AQSh dollaridan 44,6 mlrd. AQSh dollariga etgan va 2017 yilga nisbatan 10,4 martaga ortgan. Bu holat investitsiyalarning YaIMdagi salmog'ining o'sishiga olib keldi, jumladan, investitsiyalarning YaIMdagi ulushi 2017 yilda 35,1 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2022 yilga kelib bu ko'rsatkich 59,7 foizga ko'tarildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |