Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi-ning 13-moddasida O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, qadrqimmati va boshqa dahlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, deb belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy
mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar. O’zbekistonda yagona fuqarolik
o’rnatilgan. Har bir fuqaro yashash, shaxsiy daxlsizlik, turar joy daxlsizligi, bir joydan
ikkinchi joyga ko’chish, so’z va e’tiqod erkinligiga ega bo’lib, bu huquqlar davlat
tomonidan himoya qilinadi. Fuqarolarning istagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi
dinga e’tiqod qilmaslik huquqi qonun bilan mustahkamlab qo’yilgan.
O’zbekistonda shaxs erkinligi, inson huquqlarining muhofazasi va kafolati, mehnat
va kasbni erkin tanlash huquqi, ta’lim olish, ijtimoiy muhofaza va boshqa huquqlari
qonun bilan himoya qilinadi.
1995 yil 23 fevralda birinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasida Oliy
Majlisning Inson huquqlari bo’yicha Vakili (Ombudsman) lavozimi ta’sis etildi va bu
lavozimga Sayyora Rashidova saylandi. Uning maqomi va faoliyat doirasi 1997 yil 26
aprelda qabul qilingan Oliy Majlisning "Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman)
to’g’risida" gi qonun bilan belgilab berildi. Vakil BMTning inson huquqlari bo’yicha
markazi, EHXTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi bilan
yaqin hamkorlikda faoliyat ko’rsatmoqda.
O’zbekiston Respublikasining 1995 yil 30 avgustda qabul qilingan "Fuqarolarning
huquq va erkinliklarini buzuvchi harakat va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish
to’g’risida"gi qonuni Inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashga xizmat qilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil oktyabr oyida e’lon qilingan
"Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish
to’g’risida"gi Farmonga binoan inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi
Milliy markazi tashkil etildi.
O’zbekistonda fuqaro va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari
bilan bog’langan. Davlat o’zining fuqarolar oldidagi vazifalarini bajarmoqda.
Fuqarolarning erkinliklari va huquqlarini amalda himoya qilmoqda. Shuningdek,
fuqarolarning ham davlat oldidagi burchlari, majburiyatlari belgilab qo’yilgan.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari,
erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. Davlat har bir inson
zimmasiga tarixiy, ma’naviy va madaniy merosni avaylab asrash, atrof tabiiy muhitga
ehtiyotkorona munosabatda bo’lish, soliq va yig’imlarni to’lash majburiyatini yuklaydi.
Konstitutsiyaning 52-moddasida "O’zbekiston Respublikasini himoya qilish -
O’zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan
tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tashga majburdirlar", deb belgilab qo’yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |