Темурийлар даврида Мовароуннаҳр ва Хуросон.
Garchand Amir Temur qudratli saltanat barpo etib, uning hududlarini sharqu
g’arbga, shimolu janubga kengaytirib, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy jihatlardan
yuksaltirib dovrug’ini olamga mashhur qilgan bo’lsa-da, biroq uning vafotidan keyin
mamlakat tanazzullikka uchrab bordi. Buning asosiy boisi avvalo shundaki, Amir Temur
tasarrufiga kirgan ellar va yurtlar shu qadar xilma-xil, uzoq masofalarga cho’zilgan bo’lib,
ularni yagona bir markazdan turib uzoq vaqt boshqarish murakkab edi. Buning ustiga
ulardagi mavjud turli-tuman muholifatchi kuchlar ertami-kech o’z hududiy mustaqilligi
uchun harakat etishlari tabiiy edi.
Sohibqiron saltanatini zaiflashtirish va parchalanishga olib kelgan muhim
sabablardan yana biri - ko’p sonli temuriy shahzodalar o’rtasida toj-taxt talashib boshlanib
ketgan va bir necha yillarga cho’zilgan o’zaro besamar urushu nizolardir. Chunki, Amir
Temur vafotidan so’ng uning ko’p sonli vorislari uning dono vasiyatlari, o’gitlariga quloq
osmay, markaziy hokimiyatni egallash yo’lida jangu-jadalga kirishadilar.
Amir Temur Xitoy yurishiga otlangan bir paytda O’trorda 1405 yil 18 fevralda
kasallanib vafot etgan paytda uning 4 o’g’lidan 2 tasi (Mironshoh va Shohruh
Mirzolar) va 19 ta nevara, 15 chevara, shuningdek, qizlari - Og‘a begim, Sulton Baxt
begim va Og’a begimning o’g’li Sulton Husayn Mirzolar qolgan edi.
Amir Temur vasiyatiga ko’ra uning o’rnini Qobul, Qandahar va Shimoliy Hind
erlarini boshqarib turgan nabirasi Pirmuhammad (Jahongir Mirzo o’g’li) egallashi kerak
edi. Biroq shahzoda Halil Sulton (Mironshoh o’g’li)ning o’zboshimchalik bilan
Samarqandni egallab, o’zini hukmdor deb e’lon qilishi, tabiiyki, boshqa shahzodalarning
ham qo’zg’alishiga, saltanatning darz ketishiga olib keldi. Buning oqibatida tez orada
g’arbiy hududlarning ancha qismi mustaqil bo’lib ajralib ketdi. Ozarbayjon tomonda
turkmanlarning Oq quyunli va Qora quyunli sulolalarining Temur saltanatiga
bo’ysunmaslik va unga qarshi qarshilik harakati kuchaydi. Amir Xudaydod va Shayx
Nuriddinlar esa Movarounnahrning turli hududlarida bosh ko’tardilar. Faqat qat’iyatli,
shijoatli Shohruh Mirzo bu qonli nizolar, urushlarga barham berib, Xuroson va Movarounnahrda hokimiyat jilovini qo’lga kiritadi. U 1409 yilda Movarounnahrdagi
vaziyatni o’z foydasiga hal etib, uni katta o’g’li Ulug’bekka topshiradi. O’zi esa Xuroson
hukmdori bo’lib qoladi (1407-1447).
Do'stlaringiz bilan baham: |