Ijtimoiy ishdagi nazariy bilimlarning ko’pchiligi sotsiologik nazariyalar asosida vujudga kelgan. Sotsiologiya jamiyatni bir butun tizim deb oladigan va undagi alohida ijtimoiy institutlar, jarayonlar, ijtimoiy guruhlar to’g’risidagi fandir.
Ijtimoiy hayotni tushuntirishga urinishlar antik davrdayoq (Platon, Aristotel va boshqalar) yuz bergan va butun falsafa tarixida davom etgan edi. XX asrning 20-yillaridan boshlab sotsiologiyada ishlab chiqarish va boshqaruvni empirik tadqiq qilish ustuvor bo’la boshladi, sotsiologiyaning ixtisoslashuvi boshlandi (oila sotsiologiyasi, shahar sotsiologiyasi, huquq sotsiologiyasi va boshqalar, jami 40 yo’nalish). Sotsiologiyaning bu maxsus bo’limlari ijtimoiy ish bo’yicha ham, sotsium tipi bo’yicha ham ixtisoslashayotgan ijtimoiy xizmatchilar tomonidan batafsil o’rganilishi lozim.
Jahon sotsiologiya fanining namoyandalaridan biri Robert King Merton (1910 yilda tug’ilgan) shunday degan edi: «Sotsiologiya – bu o’ta qadimiy predmetni o’rganish to’g’risidagi juda yosh fan». Bundan-da aniq ta`rifni topolmaysiz. Biz hozir jamiyat deb ataydigan ta`rifga insonlar qadim zamonlardayoq qiziqishgan. 2500 yil mobaynida mutafakkirlar jamiyatni tahlil qilishgan va unga ta`rif berishgan, biroq yig’gan bilimlarini sotsiologiya deb atashmagan. Jamiyat tuzilishi haqidagi dastlabki va ancha to’liq tasavvurni antik davr faylasuflari berishgan. Antik davrdagi birinchi sotsiologlarni ijtimoiy faylasuflar deyishadi. Ularning orasida ikkita buyuk mutafakkirni ko’rsatib o’tish mumkin – Aflotun (eramizgacha 427–347 y.) va Arastu (eramizgacha 384–322 y.). Ular hozirgi sotsiologlar kabi an`analarni, urf-odatlarni, insonlarning fe`l-atvorlari va o’zaro munosabatlarini o’rganishgan, faktlarni umumlashtirishgan, jamiyatni takomillashtirish bo’yicha amaliy tavsiyalar bilan tugaydigan kontseptsiyalarni tuzishgan. Aflotunning “Davlat” asari “Umumiy sotsiologiya” bo’yicha tarixdagi birinchi risola hisoblanadi. Buyuk mutafakkir ijtimoiy stratifikatsiyaning dunyodagi birinchi nazariyasi asoslarini ishlab chiqadi, unga ko’ra har qanday jamiyat uchta sinfga ajratilgan: davlatni boshqaruvchi donishmandlardan iborat oliy sinf; uni g’alayon va tartibsizliklardan saqlovchi jangchilardan iborat o’rta sinf; hunarmandlar va dehqonlarni o’z ichiga oluvchi past sinf. Antik davrning yana bir qomusiy donishmandi Arastu esa stratifikatsiya nazariyasining o’z variantini taklif qildi. Unga ko’ra o’rta sinf tartibning tayanchi sifatida ko’riladi. Undan tashqari yana ikkita sinf mavjud bo’lgan – boy plutokratiya va mulkdan mahrum proletariat. Arastu o’z davridagi mavjud stratifikatsion, ya`ni ijtimoiy tabaqalashuv tartiblarini qo’llab-quvvatlaydi. Arastu komil inson, komil fuqaro, adolatli davlat xususidagi qarashlarini ilmiy asoslashga intildi. Komil inson tarbiyasi shaxsning o’z davlatiga bo’lgan yuksak vatanparvarligini, o’z ijtimoiy-siyosiy tuzumiga sadoqatni shakllantirishdan boshlanadi. Komil fuqaro tarbiyasi esa har tomonlama mukammal davlat tartibotini yuzaga keltirishdan boshlanadi. Demak, komillik tizimidagi «davlat-fuqaro-inson» tartiboti Arastuning davlat va jamiyatni mukammallashdan iborat sotsiologik kontseptsiyasini tashkil etadi. U jamiyat a`zolarining ma`naviy-mafkuraviy tarbiyasi masalasida umumdavlat nuqtai nazarida turdi. Jamiyatning tarbiyaviy vazifasi xususiy shaxslar yoki alohida guruhlar qo’liga topshirib qo’yilmasligi lozim. Arastu davlat va jamiyatning ideal maqsadlari mushtarak, umumiy bo’lganligi sababli ham mazmuniy asosi bir xil bo’lgan tarbiyaviy tizim ishga tushmog’i zarur, deb hisoblaydi. Xullas, Aristotel’ antik dunyo sotsiologiyasi tarixini eng mazmundor davri bo’lmish grek sotsiologiya maktabiga mantiqiy yakun yasagan. Uning sotsiologik qarashlari dastlab qadimgi Rimning sotsiologiya maktabi namoyondalari (TSitseron, Lukretsiy, Vergiliy, Goratsiy, Ovidiy) ga hayotbaxsh ilhom bag’ishladi, so’ngra esa o’rta asrlar sharqining buyuk mutafakkirlari Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ibn Rushdlar dunyoqarashlariga o’z ta`sirini ko’rsatdi. Faqat ikki ming yildan keyingina Evropa ilm arboblari jahonga jamiyat to’g’risidagi misli ko’rilmagan asarlarni in`om etdi. Bu avvalo, sotsiologiyaning ilmiy bosqichiga bevosita zamin yaratgan N.Makiavelli, J.Lokk va T.Gobbs sa`y-harakatlari tufayli yuz berdi.
O’rta asrlardayoq arab donishmandi Ibn Xaldun (1332–1406), kishilik jamiyatining tuzilishini tuzgan holda, odamlarning yirik ijtimoiy guruhlari xatti-harakatini sinchiklab o’rgangan. XVIII–XIX asrlardagi ko’pgina evropalik mutafakkirlar, jumladan, Vol’ter, Didro, Kant, Gegel’, Gobbs, rasmiy tarzdagi sotsiologiya fani paydo bo’lishidan ancha oldin insonlarning fe`l-atvori, ijtimoiy axloq va an`analari, xalqlarning xarakteri, ijtimoiy tipajlarning xulq-atvori to’g’risida yozishgan.
Movaraunnahrda tabiat va jamiyatni sotsiologik anglash va o’rganish ulug’ mutafakkir Al-Forobiy tomonidan jiddiy kengaytirildi. U Abu Mansur al-Moturidiy tomonidan ilmiy-teologik jihatdan asoslangan inson erki nazariyasini yanada rivojlantirdi. U o’zining «Fozil odamlar shahri» asarida insondagi insonlik mohiyati o’zlikni anglashdan boshlanishi, fozil shaxs voqea va xodisalarning mohiyatini idrok eta bilishini, mohiyatga intilish haqni tanish ekanligini, insonga berilgan ruh aqlni rivojlantirishga, unga quvvat bag’ishlashga mas`ul ilohiy kuch ekanligini, aql esa inson tomonidan narsalarni mohiyatan tanlab farqlashga ko’mak berishini asoslab beradi. Forobiy olamni anglashda vorisiylik omilini juda katta kuchga ega ekanligini alohida qayd etadi. Uning fikriga ko’ra, inson barcha haqiqatlarni o’zining qisqa umri davomida anglashga, tabiat va jamiyatning barcha siru-asrorlarini tushunib, idrok eta olishga qodir emas. SHu boisdan u o’zidan oldinga ajdodlari tomonidan bildirilgan fikr-xulosalarni boricha shubhalanmay o’zlashtirishi zarurligi, ilm-ma`rifat bobida etuk donishmandlar fikrlariga ergashishi lozimligini alohida ta`kidlaydi. Forobiy jamiyatning boobro’ shaxslari, olimlari, oqil kishilari ijtimoiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchlaridir, deb hisoblaydi. Forobiy o’sha paytdayoq ijtimoiy fikrning ahamiyati katta ekanligini chuqur anglab, zamonaviy sotsiologiyada ko’p qo’llanuvchi ekspertlar, ya`ni o’z davrining etuk donishmandlari fikrlariga tayanib ish tutish zarurligiga urg’u beradi. «Donishmandlarga ishonib, ularga ergashuvchi odamlar o’sha narsalarni donishmandlar bilganday bilib oladilar. Zero, donishmandlarning bilimlari, eng exshi bilimlardur»7.
Do'stlaringiz bilan baham: |