II.2. Bo’lajak ichki ishlar idoralari xodimlarining mehnat faoliyatiga tayyorligi
Ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo'nalish-laridan biri xodimlarni psixologik jihatdan tayyorlashdir. Har qanday kasbiy faoliyat insonga muayyan talablar qo'yadi hamda uning shaxsi va butun turmush tarzida o'ziga xos iz qoldiradi. Ichki ishlar idoralari xodimi kasbiy faoliyat samaradorligini belgilab beruvchi qanday shaxsiy xislatlarga ega bo'lishi lozimligini aniqlash uchun ushbu faoliyatning o'zini psixologik jihatdan tahlil qilish, uning o'ziga xos jihatlarini aniqlash, tarkibiy tuzilishini ochib berish zarur. Kasbiy faoliyatning qonuniyatlarini aniqlash uni nafaqat o'rganishga, balki takomillashtirishga ham qaratilgan tashkiliy tadbirlar tizimini ishlab chiqishga imkon beradi
Ichki ishlar idoralari xodimlarini psixologik jihatdan tayyorlashdan ko'zlangan maqsad ularda xizmat faoliyatining har qanday murakkab sharoitlarida kasbiy jihatdan to'g'ri, aniq, yuqori ishchanlik bilan harakatlanish ko'nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining shaxsiy, birinchi navbatda, kasbiy jihatdan muhim xislatlariga alohida talablar qo'yiladi. Ushbu faoliyat xodimlarda hissiy-irodaviy barqarorlikni, stress holatlarini vujudga keltiruv-chi omillar ta'siriga qarshi psixologik immunitet shakllantirishni talab etadi.
Psixologik tayyorgarlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xodimlarning ichki ishlar idoralari uchun tipik bo'lgan stress omillar va ularning ta'siriga psixologik chidamliligini oshirish;
xodimlarda psixologik xislatlarni rivojlantirish, har qanday vazifani operativ xizmat faoliyatining turli murakkab va xavfli sharoitlarida ham muvaffaqiyatli bajarishlariga yordam beruvchi uquv va ko'nikmalarning o'ziga xos jihatlarini shakllantirish.
Psixologik tayyorgarlik xodimlar kasb mahoratining tarkibiy qismidir. U xodimning shakllangan va rivojlangan psixologik xususiyatlari majmui bo'lib, operativ xizmat faoliyatining o'ziga xos va muhim psixologik xususiyatlariga javob beradi va uni amalga oshirishning zarur shart-sharoitlaridan biri hisoblanadi.
Psixologik tayyorgarlik xodimning kasb mahoratini keskin oshiradi. Ilmiy tadqiqotlar va mavjud ijobiy tajriba professional ta'lim tizimiga psixologik tayyorgarlikni maqsadga yo'nalgan tarzda oshirib borishningmaxsus vazifalari, shakl va usullarini kiritish zarurligini ko'rsatmoqda. Bugungi kunda psixologik tayyorgarlik - ichki ishlar organlari kasb tayyorgarligining muhim tarkibiy qismidir. «Shaxsiy tarkib sifati uning kasbiy mahorati darajasi, axloqiy-ruhiy darajasi, jismoniy tayyorgarligi va intizomi bilan belgilanadi»7.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining psixologik tayyorgarligi xodimlarga operativ xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli va samarali bajarish uchun zarur bo'lgan sifatlarni shakllantirish, rivojlantirish va faollashtirish bo'yicha maxsus tashkil etilgan maqsadga muvofiq ta'sir ko'rsatish jarayonidir.
Psixologik tayyorgarlik xizmat faoliyatining xususiyatlariga bog'liq. Shunga ko'ra, psixologik tayyorgarlikning mazmuni aniq ifodalangan kasbiy yo'nalishga ega bo'lmog'i lozim.
Xodimlar psixologik tayyorgarligining mazmuniga quyidagilarni kiritish mumkin:
jinoyatchilikka qarshi kurashga psixologik jihatdan tayyor bo'lish xislatlarini shakllantirish;
maxsus operativ xizmat faoliyatining turli jihatlariga psixologik yo'nalganlikni rivojlantirish;
kasbiy jihatdan muhim bo'lgan bilish xislatlarini shakllantirish va rivojlantirish;
turli toifadagi fuqarolar bilan psixologik aloqa o'rnatish uquv va ko'nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
operativ xizmat faoliyatining turli vaziyatlarida rolga kirishish ko'nikmalarini ta'minlash;
fuqarolar bilan muloqotga kirishning murakkab, nizoli vaziyatlarida ta'sir etishning psixologik-pedagogik usullarini qo'llash mahoratini shakllantirish;
operativ xizmat faoliyatining og'ir vaziyatlarida o'zini tuta olish va psixologik barqarorlikni ta'minlash;
- shaxsning ijobiy hissiy-irodaviy xislatlarini rivojlantirish, xodimlarga o'zini tutish va boshqarish usullarini o'rgatish;
irodaviy faollikni va irodaviy harakat ko'nikmalarini shakllantirish;
ishdagi ruhiy zo'riqishlarga tayyorlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |