O‘rnatilgan kompyuterlar - mikrokontrollerlar. O‘rnatilgan kompyuterlar - turli xildagi qurilmalarni boshqarish va ushbu qurilmalar bilan ulardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi aloqalarni, ya’ni interfeyslarni tashkil qilish vazifalarini bajaradilar. O‘rnatilgan kompyuterlar yoki mikrokontrollerlar yordamida ishlaydigan qurilmalarga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin: nusxa ko‘chiruvchi qurilmalar, video kameralar, raqamli fotokameralar, printerlar, skanerlar, modemlar, CD-ROM disk yuritgichlari, telefonlar, kir yuvish mashinalari, mikro to‘lqinli pechlar, televizorlar, avtomobillar, meditsina sohasida qo‘llanilayotgan turli xil qurilmalar va boshqa-boshqa ko‘pgina sohalarda ishlatilib kelinayotgan turli xil o‘lchamlarga ega qurilmalar.
Mikrokontrollerlar o‘lchamlari unchalik katta bo‘lmasada, ular biron bir qurilmani ishlashini va ishlatilishini to‘liq taminlab bera oladigan hisoblash vositasi sifatida qaralishi mumkin [21,27]. Har bir mikrokontroller – protsessor, xotira va ma’lumotlari kiritish-chiqarish vositalaridan tashkil topgan. Qurilmalarga ma’lumotlarni kiritish-chiqarish, ularda kechayotgan jarayonlarni nazorat qilish imkonini beruvchi maxsus displeylar, yorug‘lik indikatorlari va tovush chiqaruvchi vositalarni kuzatish natijasida amalga oshiriladi. Mikrokontrollerlarning dasturiy ta’minoti, ko‘p xollarda ishlab chiqaruvchi tomonidan doimiy xotiraga yozib qo‘yilgan bo‘ladi. Barcha mikrokontrollerlarni ikkita guruxga ajratish mumkin: universal va maxsus mikrokontrollerlar guruhi. Universal mikrokontrollerlar, bu kichik o‘lchamlarga ega odatdagi kompyuterlardir. Maxsus mikrokonrollerlar esa, ma’lum masalalarni yochish uchun mo‘ljallangan – arxitektura va buyruqlar to‘plamiga ega qurilma sifatida ishlab chiqariladi. Mikrokontrollerlarning 4, 8, 16 va 32-razryadli xillari mavjud.
Shaxsiy kompyuterlardan farqli ravishda mikrokontrollerlarga xos va ularni ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlar mavjud:
Birinchidan - universal mikrokontrollerlar kichik o‘lchamlardagi shaxsiy kompyuterlar sifatida qaralishi mumkin deb aytdik. Ammo mikrokontrollerlar asosida ishlab chiqarilayotgan qurilmalarning soni, shaxsiy kompyuterlarning soniga nisbatan ancha ko‘p ekanligi sababli, ularning narhlarini arzon qilib ishlab chiqarishga harakat qilinadi.
Ikkinchidan - barcha mikrokontrollerlar real vaqt masshtabida ishlaydi. Har bir kirish signaliga kechiktirilmagan javob berilishi kerak bo‘ladi. Masalan, ko‘pgina qurilmalarda foydalanuvchi qaysidir tugmani bossa, unga tegishli bo‘lgan yorug‘lik indikatori ishga tushadi, bunda kechayotgan jarayonlar orasida, xech qanday to‘xtab qolishlar, ya’ni kutib turishlar (pauza) bo‘lmasligi kerak.
Uchinchidan - o‘rnatilgan tizimlarda, ko‘pgina elektrik va mexanik ko‘rsatgichlari cheklangan bo‘ladi. Bunday ko‘rsatgichlar sirasiga, ularning o‘lchamlari, og‘irliklari va energiya ist’emoli kabi ko‘rsatgichlarini kiritish mumkin. Bunday tizimlarda qo‘llaniladigan mikrokontrollerlar, yuqorida keltirilgan cheklashlarni hisobga olgan holda ishlab chiqariladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |