3.5. Zamonaviy kompyuterlarda o‘rnatilayotgan protsessorlar va
ularning muhim jihatlari
Intel Core i7 protsessori. Intel Core i7 protsessori birinchi shaxsiy kompyuter hisoblangan IBM PC kompyuterida ishlatilgan Intel 8088 protsessorining avlodidir. Intel Core i7 protsessori, tarkibida bor-yo‘g‘i 29 000-ta tranzistori bo‘lgan Intel 8088 protsessoridan anchagina farq qilishiga qaramasdan, unda Intel 8088 va undan keyin ishlab chiqarilgan Intel protsessorlari oilasiga mansub protsessorlar uchun yozilgan ikkilik dasturlarni bajarish mumkin. Avval ham ta’kidlab o‘tganimizdek ushbu protsessorlar arxitekturalari bir-biriga mos holda takomillashtirib kelingan, ya’ni ular o‘zaro bir-biriga mos tushadi, rus tilida bu «совместимость» deb ataladi.
Intel Core i7 protsessorining dastlabki versiyasi 4-ta yadroli Nahalem arxitekturasiga asoslangan edi [1, 16]. Ushbu protsessor tarkibida 731 000 000-ta tranzistor bo‘lib, uning «qatorining kengligi» 45 nanometrga va taktli generatorining chastotasi esa 3,2 GGs-ga teng edi. Odam sochining diametri 20 000-100 000 nanometrnini tashkil qiladi.
Intel Core i7 protsessorining 2011 yili ishlab chiqarilgan yangi versiyasi Sandy-Bridge arxitekturasi asosida qurilgan. Uning tarkibida ishlatilgan tranzistorlarning soni 1 160 000 000-taga etdi, tezligi 3,5 GGs-ni va «qatorining kengligi» esa 32 nanometrni tashkil etdi.
Intel Core i7 64-razryadli kompyuter bo‘lib, unda 80386, 80486, Pentium, Pentium II, Pentium Pro, Pentium III, va Pentium 4 protsessorlari asosida qurilgan kompyuterlardagi kabi, ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan standart arxitektura - ISA (Industry Standard Architecture) dan foydalanilgan. Ushbu protsessor undan avval ishlab chiqarilgan va nomlari yuqorida sanab o‘tilgan protsessorlar tarkibida mavjud bo‘lgan IEEE 754 standartiga asoslangan registrlar va buyruqlar to‘plamlariga egadir. Intel Core i7 buyruqlarining tarkibiga birinchi navbatda kriptografik amallarni bajarish uchun mo‘ljallangan yangi buyruqlar qo‘shilgan.
Intel Core i7 protsessori tarkibida 2-tadan 6-tagacha yadro bo‘lgan holda ishlab chiqarilishi mumkin. Unda ham Pentium 4 protsessoriga o‘xshab bir nechta apparat oqimlarni bir vaqtda faollashtirib ishlash mumkin bo‘lgan – giperoqimli texnologiyadan foydalanilgan. Core i7 protsessorlarida ham uch sathi kesh xotiradan foydalaniladi. Ularda ma’lumotlar va buyruqlar uchun mo‘ljallangan alohida-alohida qilib ishlangan, har biri 32 Kbayt hajmga ega birinchi sath (L1) kesh xotiralari mavjud. Har bir yadro o‘zining 256 Kbaytli ikkinchi sath (L2) kesh xotirasiga ega. Hajmi 4 Mbaytdan 15 Mbaytgacha bo‘lishi mumkin uchinchi sath (L3) kesh xotirasidan barcha yadrolar birgalikda foydalanadilar.
Intel Core i7 protsessori tomoning uzunligi 37,5 mm bo‘lgan kvadrat shaklidagi LGA korpusiga joylashtirilgan (3.18-rasm).
Mikrosxema uning past qismida joylashgan 1155-ta chiqish oyoqchalariga ega. Bu oyoqchalarning 286-tasi protsessorni kuchlanish bilan ta’minlash uchun, 360-tasi shovqinni kamaytirish uchun erga ulangan, 447-ta chiqish signallar uchun ishlatilgan, 62-ta chiqish esa zahira uchun qoldirilgan (3.19-rasm).
3.18-rasm. Intel Core i7 protsessorining mikrosxemasi.
3.19-rasm. Intel Core i7 protsessori chiqish oyoqchalarining nomlanishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |