Bismillahi rohmani rohim
Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan boshlayman.
Aqlli himoya
Yoshi ulg‘ayib qolgan jang san’ati ustasi qaytib maydonga tushmaslikka qaror qildi. Biroq bir kuni yosh, manman polvon uni olishuvga chorladi. Usta bunga e’tibor bermay, jim o‘tiraverdi. Yosh jangchi endi uni masxaralashga, ajdodlarini haqoratlashga tushdi. Ammo bu ham natija bermadi.
Oxir-oqibat yosh polvonning hafsalasi pir bo‘lib, indamay qoldi.
Ustozning shogirdlari uning xatti-harakatidan hayron qolishdi, ayrimlari esa ta’na ham qilishdi:
– Nahot sizga o‘zingizning yoki ajdodlaringizning sha’ni qadrli bo‘lmasa?!
Ustoz bu savolga savol bilan javob berdi:
– Agar sizga biror narsa sovg‘a qilishsa-yu, uni olmasangiz, hadya kimda qoladi?
– Egasining o‘zida qoladi-da! – deyishdi ular.
– Hasad, g‘azab va nafrat ham xuddi shunday. Agar biz uni qabul qilmasak, u o‘z egasida qoladi.
“Obonato!”
Afrikadagi bir qabilani o‘rganish uchun borgan antropolog olim qabila bolalariga shunday o‘yin taklif qildi. Daraxt yoniga meva to‘la savatni qo‘ydi va: “Ichingizdan kim birinchi bo‘lib daraxt yoniga yetib kelsa, manavi bir savat meva uniki bo‘ladi!” – dedi.
Olim chopishga ruxsat ishorasini qilgan payt bolalar bir-birlarining qo‘llarini mahkam tutib, birgalikda yugurishdi. Marraga baravar yetib kelib, yutuqlari – mevalarni birgalikda mazza qilib yeb olishdi. Bolalarning bunday topqirligidan lol qolgan olim ulardan mevalarga faqat bir kishi ega chiqishi mumkin bo‘la turib nima uchun bunday qilganliklarini so‘radi. Ular: “Obonoto!” deb javob berishdi. Bu so‘z qabila tilida: “Men borman, chunki biz bormiz!” degan ma’noni anglatardi.
Bolalar oq-qorani hali yaxshi bilmasa-da, o‘zaro mehr va oqibat tuyg‘ularini dildan his qilar, ular bir kishi baxtiyor bo‘lib, qolganlar baxtsiz bo‘lsa, bu baxtiyorlik hech kimga quvonch keltirmasligini anglab yetgan ekan.
Irmoq haqida masal
Irmoq o‘rmon ichidan oqib borarkan, qanday shiddatli, tez, qanday tiniqman-a, deb g‘ururlanardi.
Boshqa hech bir irmoq bilan qo‘shilishni istamas, o‘zini eng kuchli hisoblar va o‘rmonni yolg‘iz o‘zi kesib o‘ta olishiga ishonardi. To‘satdan yo‘lida dalaga duch keldi-yu, uni yengib o‘tishga kuchi yetmay, tuproqqa singib ketdi.
Irmoq yerosti suv yo‘liga tushib, loyqalandi, balchiqlarga aralashib oqdi. Nihoyat daryoga yetib bordi va unga nolishni boshladi: “Agar anavi dala yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lmaganida, men o‘zim allaqachon ulkan daryoga aylangan bo‘lardim!”
Bu gapni eshitgan daryo og‘ir chayqaldi va dedi: “Eh, nodon irmoqcha-ya! Sening yerga shimilib, bunday loyqa holga kelishingda dalaning nima aybi bor? Bilib qo‘y, birovlarni mensimaydigan, boshqalarga ayb yuklaydigan irmoq hech qachon daryoga aylana olmaydi!” Orif Tolib
Do'stlaringiz bilan baham: |