Bishkek sammiti: shht doirasidagi manfaatli hamkorlikning besh ustuvor mezoni



Download 103 Kb.
Sana20.06.2021
Hajmi103 Kb.
#71750
Bog'liq
SHHT SAMMITLARI


BISHKEK SAMMITI: SHHT doirasidagi manfaatli hamkorlikning besh ustuvor mezoni

“SHHT roli va mavqeini yanada mustahkamlash bizning “Shanxay ruhi” hamda tashkilot tamoyil va qadriyatlariga nechogʻli amal qilishimizga bogʻliq boʻladi”. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13-14-iyun kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining oʻn toʻqqizinchi majlisida soʻzlagan nutqida shunday deb taʼkidladi.

Ushbu muhim mintaqaviy tadbir doirasida Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil topganining 18 yilligi nishonlandi. Maʼlumki, Xitoy, Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlatlari SHHTning ilk olti aʼzosi hisoblanadi. Keyingi bosqichda, 2017-yili yana ikki mamlakat – Hindiston va Pokiston ushbu tashkilot safiga qoʻshildi.

Hozirgi vaqtda SHHTda 8 ta aʼzo-davlat, 4 ta kuzatuvchi-davlat va 6 ta muloqot uchun hamkor-davlat faoliyat yuritmoqda. Boshqacha aytganda, u Yevroosiyoning beshdan uch qismini va dunyo aholisining qariyb yarmini qamrab olgan.

Buni raqamlarda ifoda etadigan boʻlsak, SHHT tarkibidagi mamlakatlarning umumiy maydoni 34 mln. kvadrat kilometrdan iborat. Bu ulkan makonda 3,2 milliard aholi yashaydi.

Shu tariqa ushbu tashkilot jugʻrofiy jihatdan va aholi soni borasida jahonning eng yirik tuzilmalaridan biriga aylandi. Oʻtgan davrda SHHTga aʼzo davlatlar turli sivilizatsiyalar toʻqnashuvi, “sovuq urush” va boshqa har xil salbiy yondashuvlardan voz kechdi. Tashkilotning barcha aʼzolari oʻzaro hurmat, teng huquqlilik, adolat va manfaatli amaliy hamkorlik tarafdoridir.

Eng muhimi, mazkur mintaqaviy tashkilot barqaror va sogʻlom ruhda rivojlanmoqda. Bugungi kunda Xitoy bilan SHXTga aʼzo boshqa davlatlar oʻrtasidagi savdo aylanmasi 20 barobar ortgan. Bu koʻrsatkich 2018-yil yakunlari boʻyicha 12 milliard AQSH dollaridan 255 milliard dollarga yetdi. Jahon yalpi ichki mahsulotining 20 foizdan ziyodi SHHTga aʼzo davlatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida dunyodagi geosiyosiy vaziyatga baho berar ekan, zamonaviy xalqaro munosabatlar tub oʻzgarishlar davrini boshdan kechirayotgan hozirgi paytda “Shanxay ruhi” tushunchasi qanchalik ahamiyatli ekaniga eʼtibor qaratgani bejiz emas. Binobarin, aynan ushbu tashkilotga asos solinishi xalqaro munosabatlar tizimiga “Shanxay ruhi”ni olib kirdi.

Mazkur tushuncha SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar rivojida oʻziga xos oʻrin tutadi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taʼbiri bilan aytganda, “Shanxay ruhi”: oʻzaro ishonch, oʻzaro manfaat, tenglik, maslahat, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy rivojlanish istagi – ana shular SHHTning asosiy gʻoyasidir”.

Bugungi kunda SHHT koʻp tomonlama izchil hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali jahon iqtisodiyoti taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Shu munosabat bilan yaqinda Pekinda “Bir makon, bir yoʻl” forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilganini taʼkidlash lozim. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlarining dengiz portlariga bevosita chiqishini hal qilish va mintaqamizni Sharqdan Gʻarbga, Shimoldan Janubga qadar bogʻlovchi qitʼalararo magistral chorrahaga aylantirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Oʻz navbatida, Bishkek sammiti – SHHT doirasidagi hamkorlik jarayonlarida yana bir muhim marrani zabt etish nuqtasi sifatida eʼtirof etildi. Bunday amaliy muloqotlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “mintaqamizda zamonaviy taraqqiyotning eng muhim masalalari boʻyicha yondashuvlarni moslashtirishga xizmat qiladi”.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida, shuningdek, bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlar uchun, bir tomondan, xavfsizlikni taʼminlashda kelishilgan siyosatni yuritish, ikkinchi tomondan, davlatlarimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish muhim ekaniga toʻxtaldi.

Chindan ham, oʻtgan davrda SHHTga aʼzo davlatlar qariyb 1 ming 400 ta hujjat imzolagan. Shundan 46 foizi – bevosita xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, atigi 7 foizi koʻp tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish masalalariga taalluqlidir.

Ushbu ikkita raqamni oʻzaro taqqoslang: xavfsizlik va iqtisodiyot sohalarida SHHT doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari oʻrtasida muayyan nomutanosiblik mavjudligi shundoq koʻrinib turibdi.

Eng muhim vazifa: SHHTning turli yoʻnalishlardagi faoliyati mezonlarini oʻzaro muvofiqlashtirish, uygʻunlashtirish lozim.

Shu maʼnoda, sammit yakunlari boʻyicha SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida turli sohalardagi sheriklikni rivojlantirishga doir 22 ta hujjat imzolangani juda muhim. Jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining taklifi asosida Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugun SHHT oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Ilk bosqichda asosiy eʼtibor chegara muammolarini hal qilishga qaratilgan boʻlsa, endilikda oʻzaro hamkorlikning koʻlamlari va miqyoslari tubdan kengaydi.

Bishkek sammitida SHHT doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari haqida atroflicha soʻz yuritilganini xuddi shu tarixiy voqelik bilan izohlash oʻrinlidir.

Oʻzbekiston Prezidenti “SHHTni rivojlantirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqish gʻoyasini ilgari surdi. Bunda, beshta ustuvor mezonga tayangan holda, SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadga muvofiq ekaniga eʼtibor qaratildi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning birinchi mezoni – iqtisodiyot. Bu oʻrinda aholi farovonligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga doir qoʻshma loyihalarni hayotga chuqur tatbiq etish haqida soʻz bormoqda.

Buning natijasida mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatbardoshligi oshadi. Aholi, avvalambor, yoshlar uchun yanada koʻproq yangi ish joylari tashkil etish mumkin boʻladi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Markaziy Osiyo bundan keyin ham SHHTning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolishi zarurligini taʼkidlagani gʻoyat ahamiyatlidir.

Chunki bugungi kunda mintaqamiz nisbatan barqaror, ishonchli va iqtisodiy jihatdan mustahkam boʻlib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, keng miqyosli hamkorlikni rivojlantirish, muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay sharoit va noyob imkoniyatlar yaratadi.

Oʻzaro aloqalar, samarali iqtisodiy va transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha SHHT Hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish zarurligi alohida taʼkidlandi. Prezidentimizning fikricha, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi oʻzaro savdoni rivojlantirish va SHHT doirasidagi hamkor mamlakatlarga investitsiyalar oqimini oshirishga kuchli turtki beradi.

Davlatimiz rahbarining Bishkek sammitidagi ushbu tashabbusi nafaqat yurtimiz, balki mintaqa va dunyo jamoatchiligi tomonidan ham katta qiziqish bilan kutib olindi. SHHT doirasidagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan Oʻzbekistonning yangi tashabbuslariga bunday keng qiziqish va katta eʼtibor zamirida, albatta, muayyan omillar oʻz mujassamini topgan.

Birinchidan, mamlakatimiz rahbarining koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflari, xususan, SHHTning 2017-yili Ostonada va 2018-yili Sindaoda boʻlib oʻtgan sammitlarida ilgari surgan tashabbuslari toʻla qoʻllab-quvvatlandi hamda izchil amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, SHHT doirasida tashkil etiladigan turli maqomdagi uchrashuvlarga, asosli ravishda, oʻz strategik maqsadlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay maydon sifatida yondashadigan Oʻzbekiston uchun SHHT mintaqasidagi transport kommunikatsiyalari mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida muhim omil hisoblanadi.

Uchinchidan, Bishkek anjumani kun tartibidagi dolzarb ahamiyatga molik mavzular qatorida transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, xususan, SHHT makonidagi mavjud transport yoʻlaklaridan foydalanishning samaradorligini oshirish va yangi transport yoʻlaklarini barpo etish istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi.

Agar SHHT makonidagi avtomobil yoʻllarining uzunligi 13 mln. kilometrdan iborat boʻlib, bu butun dunyodagi avtomobil yoʻllarining 20 foizini tashkil etishi, qolaversa, ushbu makon 244 ming kilometrlik temir yoʻllarga ega ekani inobatga olinsa, transport yoʻlaklari boʻyicha mavjud umumiy salohiyatimiz nihoyatda ulkanligi oydinlashadi.

Ammo, hozirgi vaqtda jahon miqyosida tashiladigan tovarlar miqdorining atigi 2-3 foizigina SHHT makonidagi ana shu temir yoʻllar orqali oʻtmoqda, xolos. Bu koʻrsatkich, albatta, ayni sohadagi hamkorligimiz hozircha maqtangulik darajada emasligini koʻrsatadi.

Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish – davr talabidir. Shu maqsadda SHHTning Iqtisodiy forumini muntazam oʻtkazish tarafdorimiz, dedi Prezidentimiz. Shunday anjumanlarning dastlabkisini Samarqand shahrida oʻtkazish taklif qilindi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning ikkinchi mezoni – ekologiya. “Yashil” texnologiyalar va agroinnovatsiyalarni tatbiq etish masalalarini ham xuddi shu mezon oʻzida qamraydi.

Davlatimiz rahbarining “aqlli” qishloq xoʻjaligi texnologiyalari va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasida oʻzaro hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusi ana shu ezgu niyatlar roʻyobiga qaratilgan.

Mamlakatlarimizda zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida SHHTning “Yashil belbogʻ” dasturini qabul qilish dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaydi Oʻzbekiston Prezidenti.

Afsuski, bugun yer yuzida suv zaxiralarining taqchilligi, sifatli ichimlik suf manbalarining kamayishi, yerlar degradatsiyasi, bioxilma-xillikka putur yetishi, jiddiy iqlim oʻzgarishlari kabi salbiy omillar global tus olgan. Bu esa millionlab insonlar hayotiga xavf va tahdid solmoqda.

Bunday achchiq misollardan biri mintaqamizdagi Orol fojiasi boʻlib, qurigan dengiz tubidan har yili 100 million tonnalab chang va tuz havoga koʻtarilmoqda. Bu zararli gʻuborlar minglab kilometr masofaga tarqalmoqda.

Davlatimiz rahbari aytganidek, “biz Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologik farovonligi va iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz”.

Ayni paytda mazkur muammoni hal etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik Trast fondi tashkil etilgan. Oʻzbekiston bu yerda Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi yaratish boʻyicha yaqin hamkorlik qilishni istaydi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning uchinchi mezoni – axborot sohasi. Davlatimiz rahbari SHHT makonidagi barcha mamlakatlarning axborot texnologiyalari rivojlanishiga masʼul idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini joriy etish taklifi bilan chiqdi.

Kiberxavfsizlik masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik dasturini ishlab chiqish gʻoyasi ham diqqatga loyiqdir. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi asosida SHHTga aʼzo mamlakatlarning Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning toʻrtinchi mezoni – gumanitar hamkorlik. Sayyohlik va madaniyat sohalarida rang-barang va serqamrov dasturlarni amalga oshirish, “xalq diplomatiyasi” imkoniyatlaridan yanada keng foydalanish ham shu jumlaga kiradi.

Oʻzbekiston SHHT doirasida parlamentlararo muloqotni tiklashga doir tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu yangi mexanizm tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, SHHT faoliyatiga parlamentariylar, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Prezidenti yana bir yaxshi anʼanaga asos solish taklifi bilan chiqdi. Bu – har yili tashkilotda raislik qiluvchi mamlakatdagi shaharlardan birini “SHHTning sayyohlik va madaniyat poytaxti”, deb eʼlon qilish tashabbusidir.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “SHHT shahar va mintaqalarining tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va turistik salohiyatini yanada toʻliq namoyon etish muhim”.

Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Yoshlar kengashi yigʻilishida ilgari surilgan tashabbuslardan kelib chiqqan holda, SHHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlariga doir 2019-2020-yillarga moʻljallangan dasturning 5 ta loyihasi Oʻzbekistonda amalga oshiriladigan boʻldi.

Xususan, “Startaplar forumi”, “PROlogue” V xalqaro kinofestivali, “Doʻstlik uchun!” velomarafoni, SHHT yoshlarining qishki oromgohi, havaskor yoshlarning futbol boʻyicha birinchi chempionati va voleybol boʻyicha turniri Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etiladi.

SHHT doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning beshinchi mezoni – xavfsizlik. Mintaqamiz, umuman, SHHT makonidagi barqarorlik koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyat bilan uzviy bogʻliqdir.

Hozirgi vaqtda SHHTga aʼzo davlatlar Afgʻoniston bilan asosan ikki tomonlama bitimlar negizida hamkorlik qilmoqda. Bir qancha loyihalar boʻyicha ushbu mamlakatning energetika va infratuzilmalar tizimlarini tiklash hamda rivojlantirishga koʻmaklashilmoqda. Kelgusida Afgʻoniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishda koʻp tomonlama shartnomalarga tayanish muhim samaralar berishi tayin.

Shu nuqtai nazardan, Bishkek sammiti yakunida qabul qilingan “SHHT – Afgʻoniston” Muloqot guruhining harakatlariga doir “Yoʻl xaritasi” alohida diqqatni tortadi. Ushbu mamlakat bilan yaqin hamkorlikda ustuvor infratuzilma loyihalarini ilgari surish orqali Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish rejasi ham muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi”.

Xulosa qilib aytganda, Bishkek sammitida SHHT makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, taraqqiyot va farovonlikni oshirishga yoʻnaltirilgan yangi hamda yuksak marralar belgilab olindi. Bu marralarga erishish, bir tomondan, tashkilotning uzluksiz rivojlanishi va mustahkamlanishiga koʻmaklashsa, ikkinchi tomondan, SHHT makonida istiqomat qiladigan koʻpsonli aholining tinch va toʻq, sogʻlom va obod yashashiga xizmat qiladi.

SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTINING TOSHKENT SAMMITI

2016-yil 23-24-iyun kunlari Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi. Majlis O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tdi.

ShHT sammiti tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001-yil 15-iyunda Shanxay shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan ShHTni tashkil etish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida tuzilgan. O‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zi qamragan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashkilotning asosiy maqsad va vazifalari etib belgilangan.

ShHT Xartiyasida a’zo davlatlar mustaqillik, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish, teng huquqlilik, o‘zaro anglashuv va fikrlarni inobatga olish, ichki ishlariga aralashmaslik, xalqaro munosabatlarda kuch ishlatmaslik va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga amal qilishi qayd etilgan.

O‘tgan 15-yilda tashkilotning mustahkam huquqiy asosi yaratildi, kotibiyati va tarkibiy tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. ShHT nufuzli davlatlararo tashkilot sifatida xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egalladi, ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi.

O‘zbekiston tashkilotning asoschilaridan biri, ulkan iqtisodiy va geosiyosiy salohiyatga ega davlat sifatida uning faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimiz ShHTga savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘larning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda muhim vosita sifatida qaraydi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uchinchi marotaba raislik qilmoqda. Mamlakatimiz ShHTga 2003-2004 hamda 2009-2010-yillarda raislik qilgan.

O‘zbekistonning tashkilotga birinchi raisligi ham ShHT faoliyatini yangi mazmun bilan boyitgan. 2004-yil 17-iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida poytaxtimizda tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi organi – Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi ochilgan. Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar ShHTning asosiy maqsadlaridan bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, turli tahdid va xavf-xatarlarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.

2004-yildagi sammitda ShHTning vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, ShHT huzuridagi kuzatuvchi maqomi to‘g‘risidagi nizom va boshqa qator hujjatlar imzolangan. Pokiston, Hindiston, Eron va Mo‘g‘ulistonga ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi berilgan. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘sha yilgi sammitga Afg‘oniston rahbari ilk bor mehmon sifatida taklif qilingan. Keyinchalik Afg‘oniston ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘ldi.

O‘zbekistonning ikkinchi raisligi davrida amalga oshirilgan ishlar ham ShHT faoliyatini yangi bosqichga ko‘tardi. 2010-yil aprel oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida ShHT va BMT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Bu Shanxay hamkorlik tashkilotining mazkur global tuzilma bilan o‘zaro aloqalariga asos bo‘lib kelmoqda.

2010-yil 11-iyun kuni Toshkentda o‘tgan sammitda, shuningdek, tashkilot doirasidagi masalalarni hal etishda muhim hujjatlar – ShHTning ish yuritish qoidalari va ShHTga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi 2015-yil 11-iyuldan buyon tashkilotga raislik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz a’zo davlatlar bilan birgalikda ShHT doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro aloqalar muvofiqlashuvini yaxshilash, tashkilotning xalqaro maydondagi rolini kuchaytirish yuzasidan salmoqli ishlarni amalga oshirdi. ShHTning xalqaro aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq tashabbuslarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish orqali tashkilot faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratdi.

Davlat rahbarlari ShHTning 15-yillik faoliyati asosiy natijalarini ko‘rib chiqdilar. Tashkilot nufuzli va ahamiyatli tuzilma sifatida xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egallagani alohida ta’kidlandi.

Majlisda xalqaro terrorizm, ekstremizm va uning boshqa ko‘rinishlari bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun birdek xavf solayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu tahdidlarga faqat hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirish orqali qarshi kurashish mumkinligi qayd etildi.

ShHT Xartiyasi qoidalari va boshqa hujjatlariga muvofiq terrorizm, separatizm va ekstremizmga, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, qurol-yarog‘, o‘q-dori va portlovchi moddalar bilan noqonuniy savdo, ommaviy qirg‘in qurollari va ularni yetkazib berish vositalari tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish ShHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

O‘zaro hamkorlik, davlat suverenitetini hurmat qilish va boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga asoslangan holda, xavfsiz, xolis va ochiq axborot makonini yaratishga doir sa’y-harakatlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Majlisda ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqa va dunyodagi vaziyatga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Iqtisodiyotning pasayishiga qarshi samarali kurashish borasida tajriba almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida uzoq muddatli o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va infratuzilmani rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda transport kommunikatsiyalari, energetika, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo‘g‘uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif, sammit mehmoni – Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi. Shuningdek, majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev qatnashdi.

Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Jefri Feltman, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ijrochi direktori Gun Szyanvey ham ishtirok etdi.

Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar imzolangani Toshkent sammitining muhim voqealaridan bo‘ldi.

Hindiston va Pokistonning ShHTning teng huquqli a’zosi maqomiga ega bo‘lishi tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va umuman dunyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlaydigan ko‘p tomonlama mexanizm sifatida tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Kambodja Qirolligi va Nepalga ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari maqomini berish to‘g‘risidagi memorandum imzolanishini ma’qulladilar.

Muzokaralar yakunida ShHT o‘n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi, ShHTning 2025-yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror, ShHTga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar imzolandi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raislik davridagi faoliyatiga yuksak baho berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis o‘zaro ishonch va hurmat ruhida, ishchan kayfiyatda o‘tganini, erishilgan kelishuvlar ShHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.

ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov O‘zbekistonning tashkilotga raisligi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lganini, bu davrda barcha tadbirlar, jumladan, Toshkent sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi xalqi va rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan ShHTning Toshkent sammiti yakuniga yetdi. U tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida muhim kelishuvlarga erishilgan sammit sifatida ShHT tarixidan alohida o‘rin oladi.

ShHTga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.

Ostona sammiti Tahrirlash

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida oʻtgan yigʻilishda, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Xi Jinping, Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atambayev, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari — Afgʻoniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf Gʻani, Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Moʻgʻuliston Respublikasi prezidenti Tsakhiagiin Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Navoz Sharif, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ibrohim Rahipur ishtirok etdi. Majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʻmitasi direktori Yevgeniy Sisoev qatnashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi António Guterres, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Amanjol Janquliyev, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min ishtirok etdi.

Oʻtgan yillar davomida ShHT nufuzli davlatlararo tashkilot sifatida xalqaro maydonda mustahkam oʻrin egalladi, koʻp tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi.

Tashkilotning 2016 yilgi Toshkent sammitida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga aʼzo davlat maqomini olish yoʻlidagi majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolangan edi.

Sammitda Hindiston va Pokiston tashkilotga aʼzo sifatida qabul qilindi.

Hindiston va Pokistonning ShHT aʼzosi maqomiga ega boʻlishi tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va dunyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda koʻp tomonlama mexanizm sifatida tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qiladi.

ShHTga aʼzo davlatlar xalqaro terrorizm, separatizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik va psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga, axborot xavfsizligiga tahdid solayotgan xavflarga qarshi faol, izchil kurashmoqda.

Sammit ishtirokchilari ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyatiga oid axborotlarni tinglab, ularning faoliyatini ijobiy baholadi. Ushbu tuzilmalarga Tashkilot doirasida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash borasida, xususan, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini jadal rivojlantirish, sanoat infratuzilmalarini modernizatsiyalash, sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, ishbilarmon doiralar va moliyaviy tuzilmalar oʻrtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish orqali amaliy koʻmak berishga yoʻnaltirilgan faoliyatni kengaytirish boʻyicha oʻzaro aloqalarni faollashtirishni tavsiya etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida sammit ishtirokchilari eʼtiborini Afgʻonistondagi vaziyatni yaxshilash zarurligiga qaratib, u erda sodir etilayotgan davomli teraktlar dunyoning barcha mamlakatlari uchun xavf solayotganini alohida taʼkidladi. Ushbu tahdidlarga hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirgan holda qarshi kurashish zarurligini qayd etdi.

Yoshlarni turli yot gʻoyalardan asrash, ularning zamonaviy taʼlim-tarbiya olishi, komil inson boʻlib voyaga etishida davlatlararo hamkorlikning ahamiyati katta.

Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkiloti koʻmagida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam boʻladi, - dedi Mirziyoyev.

Oʻzbekiston ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, „Bir makon, bir yoʻl“ loyihasi doirasida transport-kommunikatsiya sohasini jadal rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida alohida ahamiyatga ega. Shavkat Mirziyoyev ShHT davlatlari temir yoʻl sohasi rahbarlarining uchrashuvlarini tashkil qilish zarurligini taʼkidladi.

ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish gʻoyasini ilgari surdi.

Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari boʻyicha qabul qilingan Ostona deklaratsiyasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid asosiy yondashuvlar, koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun barcha saʼy-harakatlarni yoʻnaltirishga qaratilgan mushtarak intilishlar oʻz ifodasini topgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali boʻlgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari ShHT sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini taʼkidlab, Qozogʻiston tomoniga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdilar.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik Xitoy Xalq Respublikasiga oʻtdi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha AXBOROT

(Sindao shahri, 2018-yil 9-10-iyun)

2018-yil 9-10-iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri N.Modi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti N.Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti S.Jeenbekov, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti M.Husayn, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti I.Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ishtirok etdilar.

Majlisga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin raislik qildi.

Majlisda SHHT Bosh kotibi R.Alimov va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori Ye.Sisoyev ishtirok etdi.

Tadbirda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti A.G‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti A.Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti H.Ruhoniy, Mo‘g‘uliston Prezidenti X.Battulga, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari A.Muhammad, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi Bosh kotibi Lim Jok Xoy, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijrochi kotibi S.Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Yu.Xachaturov, Osiyoda Hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Ijrochi direktori Gun Szyanvey, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi T.Sarkisyan, Jahon banki vitse-prezidenti V.Kvava, Xalqaro valyuta fondi departamenti direktori Li Chan Yon ishtirok etdilar.

A’zo davlatlar rahbarlari 2017-yilgi Ostona sammiti yakunlarining ijrosini hamda jahon siyosati va iqtisodiyotida kechayotgan jarayonlar asnosida SHHTni yanada rivojlantirishga doir birinchi galdagi vazifalarni ko‘rib chiqdilar. Tomonlarning o‘zaro kelishilgan pozitsiyasi qabul qilingan Sindao deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.

A’zo davlatlar SHHT Xartiyasining maqsad va prinsiplariga rioya etgan hamda “Shanxay ruhi”ga tayangan holda SHHTni 2025-yilgacha mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirayotganlari qayd etildi. Bugungi kunda SHHT noyob, nufuzli va obro‘li mintaqaviy birlashma sifatida qaror topgani, Tashkilotga Hindiston va Pokiston a’zo bo‘lgandan so‘ng uning salohiyati sezilarli darajada oshgani ta’kidlandi.

Siyosat, xavfsizlik, savdo va iqtisodiyot, jumladan, moliya, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi amaliy hamkorlikni, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashni davom ettirish borasidagi istak-xohishlar mushtarak ekani bildirildi. SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018-2022-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi ma’qullandi.

Dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha fikr almashish asnosida SHHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, yangi mazmundagi xalqaro munosabatlar va yagona taqdirga ega bo‘lgan insoniyat hamjamiyatini yaratishning mushtarak g‘oyasini shakllantirishga ko‘maklashish yo‘lida hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

A’zo davlatlar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplari doirasida Afg‘oniston, Suriya, Yaqin Sharq, Koreya yarim orolidagi va boshqa mintaqaviy nizolarga barham berishning qat’iy tarafdoridir. Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Qo‘shma yalpi harakatlar dasturining izchil ijrosini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

A’zo davlatlar BMTning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Ular BMTning xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli konvensiyasi, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining BMT maydonida Terrorizmdan xoli tinchlikka erishish bo‘yicha xulq kodeksini ilgari surish tashabbusini qabul qilish masalasida murosaga erishish muhimligini ta’kidladilar.

A’zo davlatlar rahbarlari Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasining BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zoligiga o‘z nomzodlarini ilgari surish istagini qayd etdilar.

SHHTning xavfsizlikka nisbatan tahdidga va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan munosabati o‘zgarmas bo‘lib qolmoqda. SHHTga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilingan Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi bu boradagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Uni amalga oshirishda SHHT MATT asosiy rol o‘ynaydi.

Qayd etilgan yo‘nalishlarda tomonlarning o‘zaro aloqalari uchun muhim platforma vazifasini o‘tagan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha Xalqaro konferensiya yakunlari (Dushanbe shahri, 2018-yil 3-4-may) yuksak baholandi.

A’zo davlatlar rahbarlari yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, yoshlarni buzg‘unchi harakatlarga jalb etilishining oldini olish bo‘yicha kompleks ishlarni yo‘lga qo‘yish tarafdoridir. Shu munosabat bilan Yoshlarga qo‘shma murojaat va uning qoidalari ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturi qabul qilindi, O‘zbekiston Respublikasining BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

A’zo davlatlar bundan buyon ham SHHTning 2018-2023-yillarga mo‘ljallangan narkotiklarga qarshi strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi, shuningdek, narkotik vositalar va psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishning oldini olish bo‘yicha SHHT Konsepsiyasi asosida narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni davom ettiradi.

SHHT axborot xavfsizligini ta’minlash, davlatlarning axborot makonidagi mas’uliyati va o‘zini tutishi bilan bog‘liq universal xalqaro qoidalar, norma va tamoyillarni ishlab chiqish sohasidagi ko‘p ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.

SHHTga a’zo davlatlar barqaror taraqqiyot sohasidagi Global masalalarni amalga oshirishda BMT markaziy o‘rin tutishini yoqlashi ta’kidlandi. Ochiq turdagi jahon iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida asosi Jahon savdo tashkiloti hisoblangan global iqtisodiy boshqaruv, ko‘p qirrali savdo tizimini izchil boshqarish va rivojlantirish arxitekturasini takomillashtirish muhimligi qayd etildi.

SHHT savdo va sarmoya, savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha vazifalarni hal etish, elektron savdoni rag‘batlantirish, xizmatlar industriyasi va xizmatlarni sotishni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni belgilash uchun qulay sharoit yaratishga intilmoqda. Mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom ettiriladi.

O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l bo‘yicha idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlandi. Ekologiya muammolariga e’tiborni kuchaytirish maqsadida tashkilotga a’zo davlatlar Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini qabul qildi. SHHTga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorligi dasturi loyihasi bo‘yicha ishlar davom ettirildi.

Tojikiston Respublikasining “Suv – barqaror taraqqiyot uchun,2018-2028-yillar” Xalqaro harakat o‘n yilligi hamda BMT shafeligida ushbu mavzuga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish (Dushanbe shahri, 2018-yil 20-22-iyun) to‘g‘risidagi tashabbusi yuksak baholandi.

Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasining “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi tasdiqlandi, uni birgalikda amalga oshirish, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va “Bir makon, bir yo‘l”ni o‘zaro muvofiqlashtirish borasidagi sa’y-harakatlar qayd etildi.

A’zo davlatlar rahbarlari SHHT makonida keng, ochiq, o‘zaro manfaatli va teng huquqli sheriklikni shakllantirish maqsadida mintaqa mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama birlashmalar salohiyatidan foydalanish tarafdoridirlar.

SHHTda Hududlar rahbarlari forumining tashkil etilishi hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Forumning birinchi majlisini 2018-yilda Chelyabinsk shahrida (Rossiya Federatsiyasi) o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.

SHHT Ishbilarmonlar kengashi va SHHT Banklararo birlashmasi salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar davom ettiriladi.

Bank-moliya sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash va SHHT Taraqqiyot banki va SHHT Taraqqiyot fondi (Maxsus hisob)ni tashkil etish masalasi bo‘yicha umumiy yondashuvlar izlashni davom ettirishga doir ijobiy pozitsiya tasdiqlandi.

Davlat rahbarlari gumanitar hamkorlikning xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, ishonch va do‘stlikni mustahkamlashdagi alohida o‘rnini tasdiqlab, madaniyat, ta’lim, fan va texnika, sog‘liqni saqlash, turizm va sport sohalaridagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdilar.

SHHT kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan ko‘p tarmoqli hamkorlikni rivojlantirishga intilishi qayd etildi.

Majlis yakunida Davlat rahbarlarining savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bayonoti va Davlat rahbarlarining SHHT makonida epidemiya tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish to‘g‘risidagi bayonoti ham qabul qilindi. 2019-2020-yillarda SHHTga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligi dasturini amalga oshirish bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi, SHHT doirasida mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi, Tunu kun ishlaydigan aloqa shoxobchalarining CENcomm RILO-MOSKVA tezkor platforma kanallaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan o‘zaro axborot hamkorligi reglamenti, Ozonni yemiruvchi moddalar va xavfli chiqindilarning transchegaraviy harakati kuchayishi haqida axborot almashuv to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

SHHT Bosh kotibining SHHTning o‘tgan yilgi faoliyati hamda Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashi direktorining 2017-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi va tasdiqlandi.

SHHTga a’zo Davlatlar rahbarlari kengashi V.I.Norovni (O‘zbekiston Respublikasi) SHHT Bosh kotibi lavozimiga va J.F.G‘iyosovni (Tojikiston Respublikasi) MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimiga 2019-yil 1-yanvardan 2021-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrga tayinladi.

Ostona sammitidan (2017-yil 8-9-iyun) keyingi davrda Hukumatlar rahbarlari (Bosh vazirlar) majlisi (Sochi shahri, 2017-yil 30-noyabr - 1-dekabr), xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi (Pekin shahri, 2018-yil 21-22-may), tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari va navbatdagi majlislari (Nyu-York shahri, 2017-yil 20-sentyabr, Pekin shahri, 2018-yil 24-aprel), Milliy koordinatorlar kengashi majlislari (Yanchjou shahri, Moskva, Pekin, 2017-yil avgust - 2018-yil iyun), Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashi majlislari (Pekin, 2017-yil 17-sentyabr, Toshkent, 2018-yil 5-aprel), vakolatli organlar chegara xizmatlari rahbarlari majlisi (Dalyan shahri, 2017-yil 29-iyun), favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralar rahbarlari majlisi (Cho‘lpon ota shahri, 2017-yil 24-25-avgust), adliya vazirlari majlisi (Toshkent, 2017-yil 20-oktyabr), Oliy sudlar raislari majlislari (Toshkent, 2017-yil 25-27-oktyabr, Pekin, 2018-yil 25-may), sanitariya-epidemiologik farovonlikni ta’minlash uchun mas’ul xizmatlar rahbarlari majlisi (Sochi, 2017-yil 31-oktyabr), tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun mas’ul vazirlar majlisi (Moskva, 2017-yil 15-noyabr), bosh prokurorlar majlisi (Sankt-Peterburg, 2017-yil 29-noyabr), fan va texnika vazirliklari va idoralari rahbarlari majlisi (Moskva, 2018-yil 18-21-aprel), SHHT Forumi (Ostona, 2018-yil 4-5-may), milliy turizm ma’muriyatlari rahbarlari (Uxan shahri, 2018-yil 7-11-may), mudofaa vazirlari (Pekin, 2018-yil 24-aprel), madaniyat vazirlari (Sanya shahri, 2018-yil 15-may), narkotiklarga qarshi kurashish vakolatiga ega vakolatli organlar rahbarlari (Tyanzin shahri, 2018-yil 17-may) uchrashuvlari, SHHT Xotin-qizlar forumi (Pekin, 2018-yil 15-17-may), SHHT OAV forumi (Pekin, 2018-yil 1-iyun), SHHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi (Pekin, 2018-yil 6-iyun) va SHHT Banklararo birlashmasi Kengashi (Pekin, 2018-yil 5-7-iyun) majlislari, shuningdek, turli darajadagi boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

Davlat rahbarlari Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan SHHTga raislik davrida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdilar va Xitoy tomoniga mehmondo‘stlik va Sindao shahridagi sammitning yuksak darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.



Tashkilotning navbatdagi davriga raislik Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tdi. SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2019yilda Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tadi.
Download 103 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish