O‘N IKKINCHI QOIDA
Yaxshi yashash uchun ...
Mayda-chuydalarga hech qachon befarq qaramang. Ayni holatda qo‘lingizdan kelganini qilishga, bir necha ortiqcha daqiqa sarflashga, maqtov yoki tashakkur so‘zlarini aytishga hech qachon erinmang. Siz haqingizda boshqalar nima deb o‘ylashi ahamiyatsiz, ammo o‘zingiz qanday o‘ylashingiz juda muhim. Agar og‘ir vaziyatlarni yumshatishga urinib, mas’uliyatdan o‘zingizni olib qochadigan bo‘lsangiz, qo‘lingiz hech qachon baland kelmaydi. Siz o‘ziga xos odamsiz va o‘ziga xos tarzda ish tutishingiz kerak. Hech qachon mayda-chuydalarga befarq qaramang.
O‘qituvchi, talaba, ishchi, savdogar, avtobus haydovchisi, murabbiy, sportchi, liftchi, shifokor, huquqshunos — hayotda qaysi bir kasbni tanlagan bo‘lmang, qaysi bir kasb-hunar bilan tirikchilik qilmang — hech qachon, hech qachon mayda-chuydalarga befarq qaramang.
Darhaqiqat, biz voqea-hodisalar yashin tezligida rivojlanayotgan bir davrda yashamoqdamiz. Bu hovliqma olamda og‘ir vaziyatlarni yumshatish va ayrim majburiyatlarni bajarishdan qochishga o‘rganib qolish juda oson.
Biz tarix saboqlari va donolarning o‘gitlarini unutib qo‘yyapmiz. Nima ish bilan shug‘ullanmang, mayda-chuydalarga befarqlik sizga juda qimmatga tushishi mumkin.
Edison e’tiborsizlik oqibatida o‘ndan birga ajratuvchi nuqtani boshqa joyga qo‘yib, qimmatbaho patentga egalik qilish huquqini qo‘ldan chiqargan.
Robert de Vinchentso o‘zining noto‘g‘ri hisob ko‘rsatilgan hisob varaqchasiga qaramay qo‘l qo‘yib yuborgani tufayli muhim musobaqani boy bergan. Ushbu dono so‘zlarga ko‘pchiligingiz qo‘shilsangiz kerak:
Mix yo‘q edi —
Taqa
Yo‘qoldi.
Taqa tushib,
Ot
Oqsab qoldi.
Ot oqsadi —
Sardor
O‘q yedi.
Sardor o‘ldi —
Qo‘shin
Yengildi.
Yov shaharga kirdi,
Qildi xo‘b qirg‘in.
Nega?
Taqachida
Mix yo‘qligi uchun.
(«O‘rdak Momo qofiyalari»)
Aytishlaricha, Benjamin Franklin shu so‘zlarni takrorlashni yoqtirgan ekan.
Tabiiyki, har bir inson o‘ziga g‘oyat yoqadigan, hatto bepul bajarishga ham tayyor bo‘lgan ish topishni orzu qiladi. Afsuski, bunday baxtli odamlar juda kam topiladi. Shuning uchun ham ko‘pchiligimiz doimiy mehnatdan charchab, sekin-asta mas’uliyatdan qochishga urina boshlaymiz. Bu sizning o‘zingizga bo‘lgan munosabatingizga salbiy ta’sir qilishidan tashqari, mayda-chuydalarga befarqlik yoki yengiltaklik bilan qarash yanada kattaroq muammolarga olib keladi. Siz boshqacha odamsiz. Gaplaringiz yoki ishlaringiz bilan hamma narsani qoyillatib bajarish qobiliyatingizga boshqalarda zarracha shubha uyg‘otmang. Faqat omadsiz va o‘rtamiyona odamlargina mayda-chuydalarga e’tibor bermaydilar.
Bu oddiy, ammo kuchli haqiqatga ajoyib misol Nyu-York bandargohidagi Ozodlik oroli uzra qad rostlab turibdi. Agar qachondir Nyu-Yorkka kelsangiz-u, bir-ikki soat bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa, Ist-Riverdagi Sharqiy o‘ttiz to‘rtinchi ko‘chadan boshlanuvchi vertolyot sayriga chipta sotib oling. Bandargoh uzra qad rostlagan Ozodlik haykaliga yaqinlashganda, unga alohida e’tibor bilan qarang.
Ozodlik ma’budasining po‘lat konstruktsiya bilan mustahkamlangan mis tanasi dengiz sathidan 305 fut balandlikda yuksalib turadi. Vertolyot haykalni aylanib o‘tayotganida, uning har bir soch tutami, xuddi ko‘ylagi va tanasining boshqa detallari singari, mayda-chuyda tafsilotlarigacha puxta va mukammal aks ettirilganining guvohi bo‘lasiz. Bu behad nozik ish haykaltarosh Ogyust Bartoldining Parijdagi ustaxonasida qo‘shimcha bir necha hafta mehnatni talab qilgani aniq. Holbuki, buyuk haykaltarosh bu bir necha haftani tejab qolishi ham mumkin edi — chunki o‘sha payt hech kim, hatto istagan taqdirda ham, Ozodlik ma’budasining boshini yaqindan ko‘ra olmasdi!
Haykal prezident Grover Klivlend tomonidan 1886 yil 28 oktyabrda ochildi. 1886 yili hali samolyotlar yo‘q edi! Aka-uka Rayt o‘zlari qurgan birinchi aeroplanda yerdan faqat o‘n yetti yil keyin ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldilar. Bartoldi haykalni tepadan faqat dengiz chag‘alaylarigina ko‘rishi, ma’budaning soch tutamlari puxta va mukammal ishlanmasa, buni hech sezmasligini juda yaxshi bilardi. Biroq buyuk san’atkor yengil yo‘l izlamas edi. Shuning uchun ham ma’budaning har bir soch tolasi, kokili — o‘z o‘rnida!
Do'stlaringiz bilan baham: |