O‘N UCHINCHI QOIDA
Yaxshi yashash uchun ...
Har bir tongni quvonch bilan qarshi oling. Har bir yangi kunga Tangrining navbatdagi in’omi, kecha tugata olmagan ishingizni nihoyasiga yetkazish uchun berilgan navbatdagi ajoyib imkoniyat sifatida qarang. Kayfiyatingizni kelayotgan kunga sozlang. Birinchi soatdayoq muvaffaqiyat g‘oyasi, bugun qiladigan ijobiy ishlaringizning g‘oyasi tug‘ilsin. Bu kun boshqa hech qachon qaytarilmaydi. Uni dastlabki onlardan boshlab, bekorga sarflamang. Yomon kayfiyat tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan ortiq bemaza narsa yo‘q.
Kayfiyatingizni kelayotgan kunga sozlang. Har bir yangi tongni quvonch bilan qarshi oling va kechagi natijalaringizdan o‘zish imkoniyatini bergani uchun Tangriga shukrona ayting. Ko‘pchilik yangi kun nima olib kelarkin, deb qo‘rqib, ertalab o‘rnidan turgisi kelmaydi. Ular ertalabki xulq-atvorimiz kunning qolgan qismiga o‘z muhrini bosib, bizni ertangi kunga va kelgusidagi barcha kunlarga tayyorlashini tushunmaydilar.
Navbatdagi kun ham tushkun, quvonchsiz va zerikarli o‘tishini his etgan holda, faqat kun botganidan keyin ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan yaxshi tushgagina umid qilib uyg‘onish naqadar dahshatli!
Bundan yaxshirog‘i esa shu: har bir tongni quvonch bilan kutib olish, kun o‘zida yashirgan imkoniyatlar uchun unga rahmat aytish, atrofdagilarga mehr-muhabbat ko‘rsatish, do‘stu dushmanga xushmuomalalik va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish, yaxshi bajarilgan ishdan lazzatlanish. Har bir yashab o‘tilgan kun hayotingizda ana shunday iz qoldirishi kerak.
Biroq, eng muhimi — tongni quvonch bilan qarshi oling. Bosh chayqayapsizmi? Nachora, agar bu oddiy mashq ham sizga og‘ir bo‘lib tuyulayotgan bo‘lsa, agar ertalab uyg‘onib quvonish uchun sabab yo‘qligini his qilsangiz, tushkunlikka tushmang. Bu hammaning hayotida bo‘ladi. Shunday kunlar bo‘ladiki, hatto dunyodagi eng quvnoq odamlar ham o‘zlarini qurshagan olam bilan muloqot qilishdan ko‘ra to‘rt devor ichida yolg‘iz o‘tirishni afzal ko‘radilar. «Yomon» kunlar hammada, hatto eng obro‘li siyosiy arboblar, mashhur sportchilar va yirik korporatsiyalarning prezidentlarida ham uchraydi. Hammamiz ham ba’zan gavjum bekatlarda avtobus kutish, qaysar mijozlarga sim qoqish yoki qo‘pol boshliq bilan uchrashish o‘rniga boshimizni yumshoq yostiq ostiga yashirish istagi bilan uyg‘onamiz.
Mabodo, siz ertaga ertalab navbatdagi kun og‘ir kechishi, har qancha urinmang, sizga hech qanday mukofot keltirmasligini his qilib uyg‘onadigan bo‘lsangiz, ruhingizga butun kun mobaynida bardamlik baxsh etadigan bir maslahat beraman. Bu oddiy usul yoki fokus — qanday istasangiz, shunday atang — hech qachon pand bermaydi, sizga bir tsentga ham tushmaydi, shunga qaramay, siz uchun po‘rtahol sharbati, qahva, bifshteks, quymoq yoki ruhni ko‘taradigan musiqa yozilgan kassetadan ham ko‘proq foyda keltiradi. Siz o‘zingizni qurshagan olamga ijobiyroq, qizg‘inroq, unumliroq... va minnatdorona munosabatda bo‘la boshlaysiz.
Agar ertalab o‘zingizga nisbatan qattiq achinish hissi bilan uy-g‘onsangiz, yangi gazetani olib o‘qing. Faqat birinchi sahifasiga qaramang, aks holda chindan ham yerto‘laga tushib yashiringingiz kelib qoladi. Buning o‘rniga... ta’ziyalar bosilgan sahifaga ko‘z tashlang!
U yerda siz bilan bajonidil o‘rin almashishga, barcha g‘am-tashvish, ikkilanish, qo‘rquv va muammolaringizni o‘z yelkasiga olishga tayyor bo‘lgan odamlarning uzun ro‘yxatiga ko‘zingiz tushadi. Keyingi safar ertalab uydan chiqqingiz kelmasa, shu usulni sinab ko‘ring. Keyin menga rahmat aytasiz.
Endi qushlarning sayrashini eshitayotgandirsiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |