hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi — o‘z tasarrufida Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan, Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan mablag‘ oluvchi tashkilotlarga ega bo‘lgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan va Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkiloti yoki budjet mablag‘lari oluvchi.
3-modda. 2020-yilda budjet jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida budjet vakolatlarini taqsimlashning o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari (bundan buyon matnda Oliy Majlis palatalari deb yuritiladi):
birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan (bundan buyon matnda respublika budjeti deb yuritiladi) ajratiladigan mablag‘larni tasdiqlaydi;
respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlarini tasdiqlaydi;
respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larga ushbu Qonunga muvofiq o‘zgartirishlar kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi):
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining loyihasini tayyorlashda hamda respublika budjetidan mablag‘larni ajratishda asos sifatida foydalanish uchun birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini tasdiqlaydi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan vakolatlar doirasida birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun budjetdan ajratilgan mablag‘larga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni ma’qullaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tegishli ravishda:
a) quyidagilarni tasdiqlaydi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan va Toshkent shahri shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarining prognozini ma’qullaydi;
v) ushbu Qonunda belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (bundan buyon matnda Moliya vazirligi deb yuritiladi):
a) birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflariga asosan:
ushbu Qonun qabul qilingandan kundan boshlab bir oy muddatda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan budjetdan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga ma’qullash uchun takliflar kiritadi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalarini tayyorlash uchun hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan ajratiladigan budjet mablag‘laridan foydalanishning asosi sifatida hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjetlarning loyihalarini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar yuboradi.
4-modda. Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish
Ushbu Qonun bilan belgilangan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan faqat 2020 moliya yili davomida foydalaniladi.
2020 moliya yili oxirigacha foydalanilmagan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar kelgusi moliya yiliga o‘tkazilmaydi.
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan joriy yil uchun sohani rivojlantirish dasturlarini shakllantirish, shuningdek yuridik va moliyaviy majburiyatlarni qabul qilish faqat ularning respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lari miqdori doirasida amalga oshiriladi.
5-modda. Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larni qayta ko‘rib chiqish tartibi
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) ushbu Qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi taklif bilan birga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha asoslovchi materiallarni, shuningdek yangilangan makroiqtisodiy prognozlar, soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi.
6-modda. Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirishlar kiritish
Oldingi tahrirga qarang.
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larni boshqa birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish (ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno):
(6-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 18-maydagi O‘RQ-618-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 03/20/618/0596-son)
10 va undan ortiq foiz miqdorda Oliy Majlis palatalari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda Moliya vazirligining taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunga muvofiq Moliya vazirligiga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar tarkibida nazarda tutilgan quyidagi mablag‘lar birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larni hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga beriladigan budjetlararo transfertlarni ko‘paytirish orqali Moliya vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi:
ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini, ayrim xizmatlarning tariflarini va budjet tashkilotlarining xodimlariga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar uchun mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar;
fermer xo‘jaliklari tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasi xarajatlarining o‘rnini qoplash uchun subsidiyalar;
advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordam uchun haq to‘lash xarajatlari;
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 18-maydagi O‘RQ-618-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 03/20/618/0596-son)
“Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishda obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun qo‘shimcha kapital qo‘yilmalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturidagi taqsimlanmagan mablag‘lar.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar tarkibiga kiritilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga subsidiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining budjetlararo transfertlari miqdorlarini ko‘paytirish orqali O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi.
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar qayta tashkil etilgan taqdirda ushbu Qonunga o‘zgartishlar kiritilmaydi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 18-maydagi O‘RQ-618-sonli Qonuniga asosan uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 03/20/618/0596-son)
Obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablag‘larni joriy xarajatlarga yo‘naltirish taqiqlanadi.
7-modda. Ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘lariga o‘zgartirishlar kiritish
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun ajratilgan mablag‘larni boshqa ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish:
10 va undan ortiq foiz miqdorda Moliya vazirligining taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda tegishli birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchining taklifiga ko‘ra Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
8-modda. Hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘lariga o‘zgartirishlar kiritish
Bir hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun ajratilgan budjet mablag‘larini boshqa hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida:
10 va undan ortiq foiz miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti parametrlari
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari va xarajatlari
2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2021-2022-yillarga budjet mo‘ljallari 1-ilovaga muvofiq hamda ularni tayyorlashda asos bo‘lgan 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va 2021-2022-yillarga maqsadli mo‘ljallar 2-ilovaga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinsin.
10-modda. Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari prognozi va xarajatlari
2020-yil uchun davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari prognozi ma’lumot uchun qabul qilinsin hamda ularning xarajatlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11-modda. Respublika budjeti daromadlari prognozi va xarajatlari
2020-yil uchun:
respublika budjeti daromadlari prognozi 4-ilovaga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinsin;
respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining qo‘shimcha manbalari va yil boshiga qoldiq mablag‘lari tegishli ravishda ular umumiy xarajatlarining 3 foizidan oshmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq foydalaniladi hamda foydalanilgan mablag‘lar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga har chorakda hisobot taqdim etiladi. Mazkur xarajatlar 3 va undan ortiq foizga oshgan taqdirda ushbu Qonunga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud va prokuratura organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga soliqlar, majburiy yig‘imlar, bojlar va jarimalar hisobidan kelib tushadigan mablag‘larning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga o‘tkazilishi mumkin.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 18-maydagi O‘RQ-618-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 03/20/618/0596-son)
12-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari
2020-yil uchun:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari 6-ilovaga muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinsin;
respublika budjetidan viloyatlar mahalliy budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini viloyatlar mahalliy budjetlari daromadlari prognozining ijrosidan qat’i nazar, kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
13-modda. Ayrim soliqlar va to‘lov stavkalari
2020-yil uchun:
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan (xizmat ko‘rsatiladigan), aksiz solig‘i solinadigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan aksiz solig‘i stavkalari 8-ilovaga muvofiq;
jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari 9-ilovaga muvofiq;
meva-sabzavotchilik mahsulotlari (sabzavotlar, poliz ekinlari, mevalar, tokzorlar) bilan band qilingan yerlar uchun meva-sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalaridan undiriladigan yer solig‘i stavkalari 10-ilovaga muvofiq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 11-ilovaga muvofiq;
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari 12-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan summalari 13-ilovaga muvofiq (bunda 2020-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibini tanlash huquqi beriladi);
mahalliy yig‘imlarning chegaralangan stavkalari 14-ilovaga muvofiq;
avtotransport vositalarini sotib olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirish uchun avtotransport vositasining egalari (foydalanuvchilari) ushbu avtotransport vositalarini ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazganda hamda chet el davlatlari avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi va hududida tranzit harakatlanishi uchun yig‘imlarning stavkalari 15-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishda qo‘llaniladigan bojxona boji hamda aksiz solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadi.
14-modda. Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamg‘armalarini shakllantirish
2020-yil uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hajmi 731 mlrd. so‘m miqdorida belgilansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining 2020-yil uchun zaxira jamg‘armalari tegishli budjetlar umumiy xarajatlarining 1,5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorlarda shakllantiriladi.
Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamg‘armalari mablag‘lari kechiktirib bo‘lmaydigan hamda O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarini shakllantirishda oldindan nazarda tutib bo‘lmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan mablag‘lar ajratilgan taqdirda ushbu Qonunga o‘zgartishlar kiritilmaydi.
(14-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 18-maydagi O‘RQ-618-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 03/20/618/0596-son)
15-modda. 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasining budjet tizimi barqarorligini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining olti oylik yakunlari bo‘yicha daromad prognozlarining bajarilmagan va joriy moliya yilining oxirigacha ularning kelib tushishiga doir yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:
respublika budjetining umumiy xarajatlarini 3 foiz va undan ortiq miqdorlarda kamaytirish Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra Oliy Majlis palatalari tomonidan;
respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 foizdan kam miqdorda respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larini kamaytirish Moliya vazirligining taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
Budjetlar xarajatlarini qisqartirishda budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning budjet mablag‘larini o‘zlashtirishi hamda qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinadi.
16-modda. O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmlarini belgilash
Oldingi tahrirga qarang.
2020-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 5,5 mlrd. AQSh dollari, shundan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd. AQSh dollarigacha miqdorida belgilansin.
(16-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-dekabrdagi O‘RQ-655-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2020-y., 03/20/655/1660-son)
17-modda. Tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan xarajatlar
2020-yilda davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni o‘zlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida tasdiqlansin.
2020-yilda tashqi qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat maqsadli dasturlari bo‘yicha xarajatlarning vazirliklar va idoralar kesimidagi cheklangan miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining birgalikdagi taklifiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Budjetlararo munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
18-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini, tumanlar va shaharlar budjetlarini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining navbatdagi yil uchun loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ushbu Qonun kuchga kirgandan keyin bir hafta muddatda, mazkur Qonunga muvofiqlashtirilgan holda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risida uch kun muddatda qaror qabul qilinadi.
Navbatdagi yil uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingandan keyin uch kun ichida tegishli ravishda xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.
Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan tumanlar va shaharlarning budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar uch kun ichida qabul qilinadi.
19-modda. 2020-yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari
Quyidagi soliq turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq o‘tkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, bundan sement xomashyosi va sement ishlab chiqarishda foydalaniladigan ohaktosh mustasno.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga quyidagilar to‘liq o‘tkaziladi:
yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yakuniy iste’molchilarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i;
aylanmadan soliq;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat bojlari (patent boji va litsenziya berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladigan jarimalar;
ayrim tovarlarning chakana savdosiga beriladigan huquq uchun undiriladigan yig‘imlar;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladigan boshqa yig‘imlar (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun ularni ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida avtotransport egalari (foydalanuvchilari) tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulk, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aktivlari bo‘yicha ajratmalar va dividendlar;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat aktivlarini ijaraga berish va xususiylashtirishdan tushadigan daromadlar;
mobil aloqa xizmati va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz solig‘idan tushumlar tegishli ravishda 2019-yil 1-iyul holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisining respublika aholisidagi ulushiga muvofiq.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga quyidagi ulushlarda:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushumlarning (jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 70 foiz, Toshkent viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foiz;
foyda solig‘idan tushumlarning (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) Toshkent viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foiz;
qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 foizi o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:
tegishli darajadagi mahalliy budjetlarga ajratiladigan soliqlar va boshqa turdagi daromadlar (shu jumladan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan daromadlar) hamda budjetlararo transfertlarni taqsimlashga;
daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olinadigan mablag‘larning bir qismini tumanlar va shaharlar budjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli.
Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari:
ijaraga berilgan joyning yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilayotgan joyning xususiyatlarini, shuningdek ko‘rsatilayotgan xizmat turining mavsumiyligini hisobga olgan holda ijara to‘lovi bo‘yicha eng kam stavkalarga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan miqdorlariga nisbatan qo‘llaniladigan 0,7 dan 1,3 gacha pasayib boruvchi yoki o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga;
tumanlar va shaharlarning ommaviy dam olish va turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha ijara to‘lovi bo‘yicha eng kam stavkalarga hamda jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliqning yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorlariga nisbatan qo‘llaniladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga haqli.
Agar qonun hujjatlarida mahalliy budjetlarga tushadigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan bo‘lsa, bu turdagi daromadlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga o‘tkaziladi.
Davlat unitar korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan jamiyatlar tomonidan 2020-yilning 1-iyuliga qadar 2019-yil yakunlari bo‘yicha o‘z sof foydasining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tegishli ravishda ajratmalar va davlat ulushi bo‘yicha dividendlar hisoblanadi hamda 2020-yilning 1-sentabridan kechiktirmasdan tegishli darajadagi budjetlarga o‘tkaziladi.
20-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining hamda tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirish maqsadida qabul qilinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda vaziyatlarda va shunga o‘xshash kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablag‘lar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qo‘shimcha manbalarni yo‘naltirish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
21-modda. 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarini amalga oshirishning xususiyatlari
Quyidagi xarajatlar respublika budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi:
Oldingi tahrirga qarang.
umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi orqali (ushbu muassasalarning to‘rtinchi guruh xarajatlari tegishli tumanlar va shaharlar budjetlari hisobidan amalga oshiriladi);
(21-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlari.
Quyidagi xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi:
issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga aholiga ko‘rsatilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash xarajatlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari hamda Qarshi magistral kanalining ekspluatatsiya boshqarmasini moliyalashtirish xarajatlari;
umum foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish xarajatlari;
davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash xarajatlari.
Quyidagi xarajatlar tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtirishga o‘tkaziladi:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalarni to‘lash xarajatlari;
davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tuman va shahar markazlarini saqlash xarajatlari.
Eksperiment tariqasida:
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent shahridagi umumta’lim muassasalarini va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), kapital ta’mirlash va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar Toshkent shahri shahar budjeti hisobidan;
(21-modda to‘rtinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ijtimoiy soha obyektlarini, ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimi obyektlarini, umum foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, shuningdek sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tashabbusi bilan amalga oshiriladigan qo‘shimcha tadbirlar faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlari rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantiradi.
Choraklar yakuni bo‘yicha ushbu Qonunning 6-ilovasida keltirilgan daromadlarning prognoz ko‘rsatkichlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa va moliya yili oxirigacha ushbu mablag‘larning tushish ehtimoli bo‘lmasa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasiga xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan ko‘rilgan choralar bilan birgalikda tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat qiladi hamda bu taklif Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Tuman va shahar hokimliklari ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xuddi shu tartibda murojaat etadi.
4-bob. O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosining shaffofligini ta’minlash
22-modda. Budjet jarayonining shaffofligini ta’minlash
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar o‘zining rasmiy veb-saytlariga:
o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida mablag‘lar taqsimoti;
moliyaviy hisobotlar;
kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi;
o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolari va amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlarni joylashtirib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda tegishli budjet mablag‘larini taqsimlovchilar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning ro‘yxatini, loyihaning qiymati va ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini hamda taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakuni bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar soliq to‘lovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.
Davlat moliyaviy nazorati organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalarini hamda nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra aniqlangan moliyaviy qonunbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi ma’lumotlarni har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar ro‘yxati, shuningdek qurilish-ta’mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan majburiy tartibda o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirib boriladi.
23-modda. Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning, davlat maqsadli jamg‘armalarining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining hisobdorligi
Vazirlar Mahkamasi hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga, shuningdek har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning va davlat maqsadli jamg‘armalarining ularga ajratilgan budjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitishga haqli.
Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi taqsimlovchi organlari Moliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti bo‘yicha hisobotni tuzish uchun ushbu jamg‘armalar budjetlari hamda daromadlari va xarajatlari ijrosi yuzasidan hisobotlarni taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijrosini ko‘rib chiqish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari hamda hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning hisobdorligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tegishli ravishda hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitishga haqli.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Moliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti bo‘yicha hisobotni tuzish uchun mahalliy budjetlar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25-modda. 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni buzganlik uchun javobgarlik
2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
26-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Vazirlar Mahkamasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-dekabr,
O‘RQ-589-son
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 9-dekabrdagi O‘RQ-589-son Qonuniga
1-ILOVA
2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2021-2022-yillarga budjet mo‘ljallari
Do'stlaringiz bilan baham: |