32415-modda. Nazorat shikoyatini qaytarish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi nazorat shikoyatini quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) nazorat shikoyati ushbu Kodeksning 32413-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob bermasa;
2) nazorat shikoyatini qaytarish to‘g‘risida ariza kelib tushgan bo‘lsa.
Shikoyat bergan shaxs ushbu modda birinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng yangidan umumiy tartibda murojaat qilishga haqli.
32416-modda. Nazorat shikoyatini qabul qilishni rad etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi nazorat shikoyatini qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) nazorat shikoyati nazorat instansiyasi sudiga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;
2) nazorat shikoyati belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilgan bo‘lsa;
3) nazorat shikoyati qonunga muvofiq nazorat tartibida shikoyat qilinishi mumkin bo‘lmagan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa;
4) nazorat shikoyati kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilmagan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa;
5) nazorat shikoyati nazorat tartibida ko‘rib chiqilgan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa.
32417-modda. Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
3) nazorat shikoyatini bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari;
5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;
6) nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etishning qisqacha sabablari.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi sudyaning ajrimiga qo‘shilmaslikka hamda nazorat shikoyatini bergan shaxsning arizasi asosida uni bekor qilish va nazorat shikoyatini ish bilan birga ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish haqida ajrim chiqarishga haqli.
Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan nazorat tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin.