32420-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish Nazorat shikoyati (protest) bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida ushbu Kodeksning 3245-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi.
Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatida nazorat tartibida ko‘rib chiqilayotganda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlar berish uchun chaqirtirilishi mumkin. Bu holda ularga ushbu Kodeksning 3245-moddasida nazarda tutilgan tartibda nazorat instansiyasi sudi majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Ularning kelmaganligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
32421-modda. Ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi Ish nazorat shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida sudning ajrimi chiqarilgan yoki protest O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining kotibiyatiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay nazorat tartibida ko‘riladi.
Ish nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida, nazorat shikoyatini bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar va (yoki) ularning vakillari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan sud majlisida nazorat tartibida ko‘riladi.
Ish nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ma’ruzasi bo‘yicha ko‘riladi, sudya ish holatlarini, ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarining mazmunini, nazorat shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni bayon etadi.
Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish bo‘yicha tushuntirishlar berishga haqli. Nazorat shikoyatini bergan shaxs birinchi bo‘lib tushuntirish beradi, agar ish prokurorning protesti bo‘yicha ko‘rilayotgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib prokuror so‘zga chiqadi.
Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan nazorat tartibida ko‘rilayotganda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari ishtirok etib, ish bo‘yicha o‘z fikrini bayon qiladi.
Ish nazorat tartibida ko‘rilayotganda barcha masalalar ishni ko‘rib chiqishda ishtirok etayotgan sudyalarning ko‘pchilik ovozi bilan hal qilinadi.
Ishni nazorat tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Qarorning ko‘chirma nusxalari nazorat shikoyatini (protestini) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 3248-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.