BIR KELIB KETING MAKTABIMIZGA!
2017-yil. Onalik ta’tilidan yana maktabga qaytish o’yida ishlash nasib etarmikin deb turganimda, yangi qaror qulog’imga chalindi, tavakkal poytaxtga yo’l oldim. Sirtdan ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirib xotirjam qaytdim.
Ko’z o’ngimda kapital ta’mirdan chiqqan maktab… Jamiyatda, ta’limda yangilanish shamoli yengil esayotgan damlar. Tuman maktabida shuncha o’zgarish, quvonchdan yig’lagim keldi. Bahorda paxta chopiq, yozda yantoq chopiq, sanayversang yot ishlarning adog’i yo’qdek. Uyda go’daklar yolg’iz, ko’cha-yu xiyobonda, stadion, maydonda muallim uyga intiq. Kech kuzgacha ter, ter, yig’. Maktabda o’quvchilar sinfga qamalgan, qorovuldek ilmiy mudirning ko’zi eshiklarga qadalgan. O’qituvchisiz dars o’tib tentiragan bolalar. Qishda esa qo’llarimiz ishqalab yo cho’ntaklarga yashirib, yelkamizni silkitib, yurib-yurib isinib, tanamizni qizdirib, dars o’tardik qimtinib. O’quvchiga, bolamga achinardim o’ksinib, zax xonada kim ham isir o’tirib…
Yangi so’zi bunchalar yaxshi! Shukronalar aytib, maza, huzur qilasan kishi. Jadidchi bobolarim, Avloniy, Fitratlarim, Hamzayu Behbudiylar, Cho’lponu Qodiriylar, “Yangi Turkiston” rostlamoq edi ishi, millat ruhin uyg’otish, edi ular tashvishi. Bo’zsuvda otildi o’qlar, ketdi ular, o’tdi yillar, asr to’lib, bobolarim armoni maktabimning ostonasida orzu bo’lib qiyg’os gulladi. Ekkan-tikkan, bog’bonlar ham bor bo’lsin, renessansning kenjasi boshlangani rost bo’lsin!
Bugun har kim o’z ishi bilan band, begona boshini suqmas muqaddas ishga. Maktabimning bog’ida qishda bodring gullaydi, osilgan uyalarda qushlar chax-chax sayraydi, yasalgan to’g’larida burgut qanot qoqadi. Bizning ko’chada bayram, to’ylar navbat sanaydi. Yangi uylar, yangi unvon yoki yangi ulov bir-birini ulaydi. Yurt rahbari el oldida ulug’ maqsadni qo’ydi, kamalakdek serjilo nur-u ziyoga yo’ydi. Qog’ozdagi hujjatlar, harakat-u amalda, besh tashabbus bir mushtumdek, zarbalar bo’ldi aniq. Kitobni o’qiganlar, yuztadan oshirganlar, minadi avtomobil, ertakka o’xshaydi-ya, xuddi misli “Susambil”.
O’rta yoshmi, ulug’mi, endi ishga kelganmi, hammaga teng imkoniyat, ochiq temir eshiklar, barcha birdek e’zozda. Ikrom aka, Sarvardek murabbiylar, zo’rlar bor, futbol-u voleybolda ko’ksi baland tog’lar bor. Lyudmila, Dilorommi, Kimyo yo Qurbonoymi, Gulizeboyu Zamira mashina haydaganmi?! Muhabbat, Gulsarami, Nodirayu Davronmi, Dilfuzayu Mavjuda, Lobar kuylar avjida. Yulduz balqqan sahnada, gul-gul yonar chehralar, barcha birdek Mahliyo. Barisida mehr bor, issiq quyosh tafti bor, bunda Dildor kamina o’rganadi, ishlaydi shod-u xurram, baxtiyor!
Do'stlaringiz bilan baham: |