BIR G‘AZAL MA‘NOSI
Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvorul-hudo,
«Yor aksin mayda ko‘r» deb, jomdin chiqti sado.
G‘ayr naqshidin ko‘ngul jomida bo‘lsa zangi g‘am,
Yo‘qtur, ey soqiy, mayi vahdat masallik g‘amzudo.
Ey, xush ul maykim, anga zarf o‘lsa bir sing‘an safol,
Jom o‘lur getiynamo, Jamshid, ani ichkan gado.
Jomu may gar buyladur, ul jom uchun qilmoq bo‘lur,
Yuz jahon har dam nisor, ul may uchun ming jon fido.
Dayr aro hush ahli rasvo bo‘lg‘ali, ey mug‘bacha,
Jomi may tutsang meni devonadin qil ibtido.
Toki ul maydin ko‘ngul jomida bo‘lg‘ach jilvagar
Chehrai maqsudi mahv o‘lg‘ay ham ul dam moado.
Vahdate bo‘lg‘ay muyassar may bila jom ichrakim,
Jomu may lafzin degan bir ism ila qilg‘ay ado.
Sen gumon qilg‘andin o‘zga jomu may mavjud erur.
Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.
Tashnalab o‘lma, Navoiy, chun azal soqiysidin
«Ishrabu, yo ayyuhal-atshon» kelur har dam nido.
Lug‘at
1. Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvorul-hudo – Quyosh kosasining aksidan hidoyat (yo‘l ko‘rsatuvchi, rahnamolik qiluvchi) nurlar porlab chiqdi.
2. Yor – do‘st, sevgili. Ammo bu yerda Xudovand ma’nosida keltirilgan.
3. Aks – ilohiy nurning tajallisi, jilolanib, porlab ko‘rinishi.
4. May – ichimlik. Orifona ma’noda ilohiy tajalliydan sarxushlik, muhabbat zavqining to‘lib-toshishi.
5. Jom – may ichiladigan idish, kosa. Bu yerda 1) orif inson qalbi va 2) ilohiy tajalliy aks etgan moddiy dunyo, borliq ma’nolarida kelgan.
6. G‘ayr – Alohdan boshqa narsalar, ya’ni dunyo. G‘ayr naqshi – dunyo tashvishlari.
7. Soqiy – 1) yaqin do‘st; 2) ma’shuqa; 3) piri komil; 4) Parvardigor. Bu baytda piri komil ma’nosida keltirilgan.
8. Mayi vahdat – birlik, yagonalik mayi. Orifona ma’noda Xudo diydoriga oshiq insonning qalbida ilohiy nur porlab, uning ruhining Mutlaq ruh bilan qo‘shilishi va shu tufayli oliy ma’naviy lazzat topishi. Ayni paytda ilohiylik va moddiylikning birlashuvi, jamuljam bo‘lishini ham anglatadi.
9. Masallik – kabi, o‘xshagan, bamisoli.
10. G‘amzudo – g‘amni, dunyo tashvishini ketkizadigan.
11. Zarf – idish.
12. Sing‘an safol –safol kosa parchasi, ko‘chma ma’noda siniq ko‘ngil, xoksorlik.
13. Getinamo – olamni ko‘rsatuvchi.
14. Jamshid – qadimgi eron podsholaridan.
15. Nisor – bag‘ishlash, tuhfa qilish.
16. Dayr – zardushtiylar ibodatxonasi, butxona, nasroniy rohiblar yig‘iladigan joy, shuningdek, dunyo ma’nolarida ishlatiladi. Tasavvufda orif insonlar majlisi, piri komil huzuri. Chunonchi, dayr piri shu ma’nodadir.
17. Mug‘bacha – zardushtiy otashparastlar ibodatxonasi (dayr)ning xizmatkori. Tasavvufiy ma’noda pirning so‘zi va nasihatlari, fayzu tarovatini muridlarga yetkazuvchi kishi.
18. Devona – ilohiy jazba tekkan oshiq inson.
19. Ibtido – boshlanish, avval, boshlanadigan joy.
20. Chehrai maqsud – maqsad yuzi. Alloh nurining porlab namoyon bo‘lishi, ilohiy haqiqatning ayonlashuvi.
21. Mahv bo‘lmoq – yo‘qolish, ko‘rinmay qolish, erib, qorishib ketish.
22. Moado – Allohdan o‘zga narsalar, ya’ni moddiy dunyo.
23. Vahdat – birlashish.
24. Lafz – so‘z, ibora.
25. Nafy – tanqid, inkor.
26. Mayxona – komil inson majlisi, oriflar suhbat qiladigan joy.
27. Zohid – umrini taqvo va toat bilan o‘tkazadigan parhezkor odam.
28. Azal soqiysi – Alloh taolo.
29. “Ishrabu yo ayyuhal-atshon” – ichingiz ey tashnalar (Qur’on, Baqara surasi, 60-oyat)
30. Nido – ovoz, sado.
G‘azal baytlarining nasriy bayoni
1. Ertalab chiqqan quyosh kosasining aksidan hidoyat nurlari porlab ko‘rindi va Xudoning jamolini uning tajallisida ko‘r, deb olamdan sado chiqdi.
2. Ey soqiy, agar Xudodan o‘zga tashvishlar, moddiy dunyo g‘amu anduhi ko‘ngil oinasini kir qilgan bo‘lsa, bu kir – zangni faqat ilohiy tajalliy nuri, shu nur zavqi bilan yuvish mumkin.
3. Bu nur, bu may shunday ajoyibki, unga bir singan sopol kosa bo‘lagi – faqir kishi ko‘ngli ham idish bo‘lishi mumkin, o‘shanda jom – butun olamni ko‘rsatadigan bo‘ladi va bu jomdan may ichgan, ya’ni tajalliy nuridan bahra topgan odam, gado bo‘lsa-da, o‘zini podshoday his etadi.
4. Agar jom bilan may shunaqa bo‘lsa, bu jom uchun yuz jahonni bag‘ishlasa, bu may uchun ming jonni fido qilsa arziydi.
5. Ey pir so‘zini keltiruvchi pir majlisida hushyorlar hushini yo‘qotib, bexudu rasvobo‘lish uchun yig‘ilgan ekan, agar pir mujdasi, so‘zini yetkazmoqchi bo‘lsang, buni men devonadin boshlagin.
6. Shunda bu ilohiy nur – maydan ko‘ngil jomi yorishib ketib, chehrai maqsud – Alloh jamoli namoyon bo‘ladi va o‘sha zahoti Allohdin boshqa narsalar yo‘qoladi.
7. Shunday holatda may bilan jom, ya’ni ilohiy tajalli bilan dunyo yoki ko‘ngil orasida bir yaqinlik, birlashish yuz beradiki, “jom” va “may” so‘zlarini talaffuz qilgan odam har ikkisini bir nom (so‘z) bilan ifodalashi mumkin.
8. Ey zohid, sen o‘ylayotgan jomu mayni aytayotganim yo‘q, chunki bu sen nazarda tutgan jomu may emas, bilmasdan darveshlarni malomat qilma.
9. Ey Navoiy, azaliy zot – Parvardigori olam tajallisi nuridan bebahra bo‘lma, chunki Uning o‘zi o‘z kalomida “Iching, ey tashnalar!” deb qo‘yibdi.
G‘azalning umumiy ma’no-mazmuni
Alisher Navoiyning to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”) nomli lirik she’rlar to‘plami ushbu g‘azal bilan boshlanadi. An’anaga muvofiq g‘azal matla’i (birinchi bayti)ning birinchi misrasi arab tilida bitilgan. Xuddi shu arabcha jumla mazmuni keyingi baytlarda davom ettiriladi va shoir nazarda tutgan ma’nolar birin-ketin ravshanlashib, turli tashbeh-timsollar, istilohlar bilan o‘quvchiga yetkaziladi.
Bugina emas, ushbu g‘azal o‘zidan keyin keladigan g‘azallar uchun ma’lum ma’noda dasturiy xususiyatga ega. Ya’ni unda ulug‘ shoir dunyoqarashining asosiy yo‘nalishi aks etgan va u keyingi g‘azallarda davom ettirilgan. Shu ma’noda mazkur g‘azal ma’nolarini to‘g‘ri tushungan odam Navoiy devonlaridagi boshqa g‘azallarni ham anglab yetishga kalit topadi va shoir ideallari olamiga kirib boradi.
G‘azalda olamning ilohiy mohiyati va buni anglagan inson zavqu shavqi, qalb sururi ifodalangan. Hududsiz bu olam Yakkayu yagona Allohning tajalliy nuri bilan barhayot, munavvar va jozibali. Shaksiz, shu qudrat barcha jismlarni bir-biri bilan vobasta etadi, ulug‘ muntazamlikda saqlaydi, barqaror va poydor etadi. Ushbu nur Quyosh ko‘rinishida beqiyos ne’mat bo‘lib, har sahar porlashi, barcha jonzotlar, jumladan, Inson qalbini shodlikka limmo-lim etishi ayon haqiqat. Ammo Quyosh ham bir timsol, bir tashbeh, xolos. Ilohiy haqiqat, tajalliy bundan-da ulkan, ul jami borliqni, jumladan, quyoshni ham qamrab oladi. Bu Haqiqat va beintiho Qudratni orif inson, piri komil anglab yetadi. Buni anglagan orif, vali zotlar ham qalblari porlab, shu ma’rifat nurini boshqa talabgorlarga yetkazadilar. Yor aksi bilan oshno etadilar.
Diqqat qilsangiz, g‘azalda jom va may istilohlari boshidan oxirigacha bir-biri bilan bog‘liq, ammo xilma-xil talqinlarda davom etgan. Jom moddiy dunyo va may esa Yorning tajallisini aks ettiruvchi va unga bog‘langan ko‘ngil ishqi tug‘yonini anglatuvchi timsollar ekan, bunda uch ma’no bir-biri bilan bog‘liq holda zuhur etadi: 1) ilohiy nur jilosi; 2) dunyo; 3) inson qalbi. Inson agar faqat dunyo tashvishlari (zangi) bilan bog‘lansa, u Ilohiy nurdan bebahra qoladi. Holbuki, insonning oliy maqsadi – o‘z Asliyatini idrok etish va Unga qaytishdir. Shu bois u ko‘ngil kirlarini yuvib, uni Alloh nuri aks etgan jomga aylantirishi lozim, chunki ana shu darajaga yetgan odam dunyoning o‘zi Alloh jamoli aks etgan mazhar va jom ekanini anglab yetadi. Shunda inson o‘zini qudratli, mukammal his etadi va faqir, xoksor bo‘lsa ham bu muhabbat otashida pishib, podsho Jamshiddan-da kuchliroq sezadi. Bunda quyidagi rivoyatga ishora ham bor: deydilarki, shoh Jamshid mayni ixtiro qilgandan keyin, donishmandlar ko‘magida shunday bir jom yasatgan ekanki, agar unga may to‘ldirsalar, butun olam va uning voqea-hodisalari aks etar ekan. Jamshid, butun olamni shu jomda ko‘rib turar ekan. (Iskandar yasattirgan ko‘zgu ham shunday xususiyatga ega bo‘lgan deyishadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |