Bir martali yakka tanlash. Bu o‘zidan changlanuvchi o‘simliklarda o‘tkaziladi. O‘simlik urug‘lari alohida–alohida saqlab keyingi yil seleksion pitomnikka ( SP ) ekiladi. Bu yerda ham tanlash yakka-yakka o‘tkazilib, talabga javob beradigan o‘simliklar tanlab olinadi va urug‘i alohida-alohida saqlanib ikkinchi yili seleksion pitomnikka ekiladi. Talabga javob beradigan o‘simliklar uchinchi yili nazorat pitomnikka beriladi. Nazorat pitomnikdan keyin DNS, KNS va DNS o‘tkaziladi.
Yakka tanlash quyidagi afzalliklarga ega: 1. Tanlab olingan o‘simliklar bir-biri bilan birlashtirilmasdan bir necha bo‘g‘inlar davomida alohida-alohida genotip bo‘yicha o‘rganiladi.
2. Keraksiz belgi va xususiyatli o‘simliklarga qilinadigan mehnat va mablag‘ harajatlarni tejash imkoniyati tug‘iladi.
3. Yakka tanlashda olingan o‘simliklar bir necha yillar alohida-alohida o‘rganilganligi sababli ulardagi qimmatli belgi va xususiyatlar kuchayib mustahkamlanib boradi.
Tanlash seleksiyaning asosiy usullaridan biri hisoblanadi. U genetik usullar bilan birgalikda tegishli belgi vaxususiyatlarga ega bo‘lgan navlar yaratishga imkon beradi. Amaliy seleksiyada tanlashning ikki usuli – ommaviy va yakka tanlash qo‘llaniladi. Bularning har biri ekin xiliga, o‘simliklarning gullash biologiyasiga, seleksiya oldida turgan vazifalarga, shuningdek seleksionerning ijodiy mahoratiga qarab bir necha ko‘rinishlarda olib boriladi.
Yakka tanlash bilan ish olib borilganda tanlab olingan har bir o‘simlikning nasli bir necha avlod davomida alohida ko‘paytiriladi va belgi hamda xususiyatlarni o‘tkazish qobiliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Yakka tanlashda populyatsiya sun’iy ravishda oila va tizmalarga ajratib yuboriladi.
Tanlab olingan o‘simliklar bir necha yil nasli bo‘yicha tekshiriladi. Yakka tanlash usuli bilan ish olib borilganda bir xil sharoitda va turli yillarda tanlab olingan boshlang‘ich o‘simliklarning yuzlab nasllari ekiladi va solishtirib ko‘riladi. Bu seleksionerga irsiy va irsiy bo‘lmagan o‘zgarishlar o‘rtasidagi farqni aniqlashga va shu asosda eng yaxshi nasllarni ajratib olishga va ularni ko‘paytirishga imkon beradi. Bunda tanlab olingan dastlabki urug‘lik o‘simliklarning miqdori boshlang‘ich nusxalarning hajmiga, populyatsiyaning o‘zgaruvchanlik tabiatiga, ish sharoiti va seleksionerning imkoniyatlariga ko‘ra bir necha yuzdan 2-3 mingtagacha bo‘lishi mumkin.
O‘zidan changlanuvchi o‘simliklar ustida ish olib borilganda yakka tanlashning bir martalik usulidan foydalaniladi. Tanlash o‘tkazish uchun boshlang‘ich material sifatida tabiiy populyatsiyalar, duragay va mutant populyatsiyalar olinadi. Tabiiy populyatsiya yoki navlardan tanlab olingan bitta urug‘lik o‘simlikning naslini oila, mutant populyatsiyalardan tanlab olingan o‘simlikniig naslini esa mutantli tizma deb ataladi.