Muammoli vaziyatning belgilari quyidagilar:
oʻquvchiga notanish faktning mavjud boʻlishi;
vazifalarni bajarish uchun oʻquvchiga beriladigan koʻrsatmalar, yuzaga kelgan bilish mashaqqatini hal qilishda ularning shaxsiy manfaatdorligi. Muammoli vaziyatdan chiqa olish hamma vaqt muammoni, ya’ni nima noma’lum ekanligini, uning nutqiy ifodasi va yechimini anglash bilan bog’langan. Muammoli vaziyatning fikriy tahlil qiladigan boʻlsak, u avvalombor oʻquvchilarning mustaqil aqliy faoliyatidir. U oʻquvchini intellektual mashaqqat keltirib chiqargan sabablarni tushunishga, unga kirish, muammoni soʻz bilan ifodalash, ya’ni faol fikr yuritishni belgilashga olib keladi. Bu oʻrinda izchillik yorqin koʻrinadi: avvalo muammoli vaziyatyuzaga keladi, soʻng oʻquv muammosi shakllanadi. Oʻqitish amaliyotida boshqa variant – oʻsha muammo tashqi koʻrinishda muammoli vaziyatyuzaga kelishiga muvofiq kelganday boʻladigan variant ham uchraydi. Faktlar, hukmlar nazariy qoidalar ziddiyatlari mazmunidagi savollar koʻrinishidagi muammoning ifodasi odatda «nimaga» savoliga javob boʻladigan muammoli vaziyatning mavjudligini aks ettiradi. Shunday qilib, oʻquvchilar biladigan vazifa va uni mustaqil hal qilinish usuli oʻquv muammosi boʻla olmaydi, ikkinchidan, biror vazifaning yechilish usullarini va uni izlash vositalarini bilishmasa ham oʻquv muammosi boʻla olmaydi. Oʻquv muammosining muhim belgilari quyidagilar:
yangi bilimlarni shakllantirishga olib keladigan noma’lumning qoʻyilishi;
oʻquvchilarda noma’lumni topish yoʻlida izlanishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan muayyan bilim zahirasining boʻlishi. Oʻquv muammosini yechish jarayonida oʻquvchilar aqliy faoliyatining muhim bosqichi uning yechilish usulini oʻylab topish yoki gipoteza qoʻyish hamda gipotezani asoslashdir. Oʻquv muammosi muammoli savollar bilan izchil rivojlantirib boriladi va bunda har bir savol uning hal qilinishida bir bosqich boʻlib xizmat qiladi. Muammoning tarkibiy qismlari, ma’lum va noma’lumning oʻzaro munosabati xarakteri bilimga boʻlgan ehtiyojni keltirib chiqaradi va faol bilishga boʻlgan izlanishga undaydi. Ta’kidlash joizki, muammoli oʻqitishning zaruriy sharti oʻquvchilarda haqiqatni va uning natijasini izlash jarayoniga boʻlgan ijobiy munosabatni vujudga keltirish hisoblanadi. Oʻquvchilarning muammoli oʻqitishdagi ijodiy va qidiruv bilish faoliyati muammoli vaziyat paydo qilinganda oʻquvchilar mashg’ulotda muammoni ifodalab berishdan iborat boʻladi, ya’ni bilishdagi qiyinchiliklarning paydo boʻlishi mohiyatini (ya’ni ushbu damda unga nima ma’lum boʻlsa) soʻz bilan ifodalab beradi, soʻngra muammoning yechilish usullarini qidiradi va bunda turli tahminlarni olg’a suradi, oʻquvchilar haqiqiy deb topgan taxminlardan birini gipoteza sifatida asos qilib oladi va uni isbotlaydi, izlanish muammo yoki vazifa bajarilgandan soʻng tugallanadi. Shaxs bilish faoliyatining izlanish davrini maxsus sxemalarda ifodalash mumkin: muammoli vaziyat – oʻquv muammosi – oʻquv muammosini yechish uchun izlanish – muammoning yechilishi. Muammoli oʻqitish mashg’ulotlarini tashkil etish va oʻtkazishning muhim tomoni shundaki, bunda oʻqituvchi uning ham ta’limiy, ham tarbiyaviy funksiyasini yaxshi anglab olgan boʻlishi talab qilinadi. Oʻqituvchi hech qachon oʻquvchilarga tayyor haqiqatni (yechimni) berishi kerak emas, balki ularga bilimlarni olishga turtki berishi, mashg’ulotlarda va hayot faoliyatlarida zarur boʻlgan axborot, voqea, vaqt va hodisalarni ongida kayta ishlashlariga yordam berishi lozim boʻladi. Muammoli oʻqitish bilimlarni ongli va mustahkam oʻzlashtirish, atrof-muhitga oʻzining faol munosabatini belgilab olishda oʻquvchilar bilish faoliyatini jonlantirishda katta imkoniyatlarga ega. Muammoli oʻqitishda oʻqituvchi oʻquvchilarning bilish faoliyatini tashkil etadi, shundagina oʻquvchilar fanlarni tahlil qilish asosida mustaqil ravishda intellektual mashaqqatlarni hal qilish, xulosa chiqarish va umumlashtirish, qonuniyatlarni shakllantirish, qoʻlga kiritilgan bilimlarni yangi vaziyatga tatbiq etishga intiladi. Ayrim hollarda oʻqituvchi oʻquvchilarda nafaqat qiziqish uyg’otishi kerak, balki oʻquv muammosini oʻzi hal qilib qoʻymasligiva boshqa hollarda oʻquvchilarning oʻquv muammosini yechishdagi mustaqil ishlariga rahbarlik qilish lozim, natijada oʻquvchilarda bilimlarga mustaqil erishish qobiliyati shakllanadi hamda gipoteza qoʻyish va uni isbotlash orqali yangi aqliy harakat usullarini topadi, bilimlarni bir muammodan ikkinchisiga koʻchirish koʻnikmasini hosil qiladi, diqqat va tasavvurlari rivojlanadi. Oʻquvchilar muammoli oʻqitish jarayonida muammoli vaziyatda oʻquv materiallarini idrok qilish orqali bilim va aqliy harakat usullarini oʻzlashtirar ekan, oʻrganilganlarni mustaqil tahlil qilar ekan, gipotezalar qoʻyish va ularni isbotlash orqali oʻquv muammolarini shakllantirar va yechar ekan, unda oʻquvchilarning intellektual faolligi ta’minlanadi. Shunday qilib, muammoli oʻqitishning vazifasi oʻquvchilar tomonidan bilimlar tizimi va aqliy hamda amaliy faoliyatlari usullarini samarali oʻzlashtirishga hamkorlik qilish, ularda yangi vaziyatda olingan bilimlarni ijodiy qoʻllash malakasini hosil qilish, bilish mustaqilligi oʻquv va tarbiya muammolarini hal qilishdir. Oʻquv jarayonining amaliy tahlili muammosi oʻqitishning oʻziga xosligini belgilash imkoniyatini ochadi. Muammoli oʻqitishning mohiyati ta’lim oluvchi tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan axborotlarni oʻqituvchining maxsus tashkil kilishidan iboratdir. Muammoli oʻqitishni tashkil etishning birinchi sharti oʻquv axborotlarining takomillashib borishi tizimidir. Muammoli oʻqitishning ikkinchishartida muammoli oʻqitish amalga oshiriladi va unda axborotning oʻquv vazifasiga oʻtkazilishi vaqtida uni yechish usulini tanlash imkoniyati koʻzda tutiladi. Muammoli oʻqitishning uchinchisharti ta’lim oluvchining subektiv mavqei, ularning bilish maqsadlarini anglab yetishi va qaror qabul qilishi, masalani hal qilish va natijani qoʻlga kiritish uchun oʻzlarining ihtiyorida boʻlgan vositalarni baholay bilishidir. Muammoli oʻqitishga asoslangan oʻquv mashg’ulotlarini oʻtkazish metodikasi unda qoʻllanadigan metodlarni asoslab berishni talab qiladi. Bunda: ijodiy, qisman-ijodiy yoki evristik, axborotlarni muammoli bayon qilish, axborotni muammoli boshlash orqali bayon qilish asosiy metodlar hisoblanadi. Ijodiy metod ta’lim oluvchining ijodiy mustaqilligini toʻla amalga oshiradi. Unda oʻquvchi oʻqituvchining bergan vazifasini bajaradi, ayni vaqtda oʻzlari ham oʻquv muammosini shakllantiradi, oʻzlari mustaqil gipotezani yechishga harakat qiladilar, izlanishni amalga oshiradi va provard natijaga erishadilar. Shu tariqa ijod metodi qoʻllash bilan oʻquvchilarfaoliyati olimlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yaqinlashadi. Oʻqituvchi faqat oʻquvchilarning ilmiy izlanishlariga umumiy rahbarlik qiladi, vazifalar esa ularning mustaqil oʻquv-bilish xatti-harakatlarining toʻla davriyligini koʻzda tutadi: yo tahlilgacha axborotlar yig’iladi yoki yechilishiga qadar oʻquv muammosi qoʻyiladi hamda yechimlar tekshirib koʻriladi va yangi bilimlar joriy qilinadi. Ijodiy metoddan oʻrganilayotgan kursning umumiy asoslarini qamrab olgan eng muhim mavzularni oʻtishda foydalanish tavsiya etiladi. Bu esa boshqa barcha materiallarning tobora ongli oʻzlashtirilishiga olib kelishi lozim. Shuningdek, bunday metodda mashg’ulot oʻtkazish uchun oʻqituvchi tanlangan boʻlim yoki mavzu oʻquvchilarning idrok qilishlariga qulay boʻlishini nazarda tutishi lozim boʻladi. Ijodiy metod ta’lim oluvchidagi uzoq vaqtni va maxsus sharoit yaratilishini talab qiladi. Oʻquvchilarning ijodiy ishlari shakliy jihatdan rang-barangdir. Ular ma’ruza matnini tayyorlash va seminarga tayyorgarlik koʻrish, u yoki bu masalaning nazariy holatini (adabiyotlar bilan birma-bir ishlash, hujjatlarni arxivda oʻrganish) oʻrganish, koʻrgazmali qurollar, didaktik materiallar tayyorlash va boshqalardir. Qisman ijodiy metod murakkab muammoni boʻlaklarga ajratib, uning qulay masalalarini bosqichma-bosqich aniqlab olishda qoʻllanadi va unda hal qilingan har bir bosqich (qadam) masalaning keyingi bosqichini yechishda asos boʻlib xizmat qiladi. Bunda oʻquvchilar bunda oʻquv mummosining qoʻyilishida, gipotezani taxmin qilish va isbotlashda faol qatnashdilar. Ularning faoliyati reproduktiv va ijodiy unsurlarini oʻzida qamrab oladi. Bunda oʻqitishning qidiruv (izlanish) suhbati, oʻquvchilarning javoblari va toʻldirishlariga qoʻshimcha qilgan holda oʻqituvchining bayoni, faktlarni kuzatish va umumlashtirish usullari qoʻllanadi. Bu hollarda oʻquvchilarning reproduktiv va qidiruv (izlanish) faoliyatining muvofiqligiga muhim ahamiyat kasb etadi. Ular biror bosqichdagi oʻquv muammosining mustaqil hal qilinishidan to ulardan aksariyati yechilgunga qadar kuchli oʻzgarib turishi mumkin. Mashg’ulotlarda ijodiy suhbatni qoʻllash maqsadga muvofiq topiladi. Oʻquvchilar bunday suhbat jarayonida oʻzlarida avvaldan mavjud boʻlgan bilimlari, ijodiy faoliyati tajribasiga asoslangan holda oʻqituvchi rahbarligida muammoni izlaydi va mustaqil ravishda uning yechimini topadi. Oʻquvchilar oʻz tashabbuslari bilan savollarga javob beradilar yoki oʻz chiqishlarida turli mulohazalarni bildiradilar, muammoning yechilishidagi oʻz variantlarini ilgari suradilar, hodisalar oʻrtasidagi rang-barang aloqalarni qayd qiladilar, bahslashadilar, boshqalarning fikriga tanqidiy munosabat bildiradilar. Bu jarayonda oʻqituvchining oʻquvchilarga yordam berish darajasi ularning mashg’ulotlarga tayyorgarlik koʻrish darajasiga bog’liq boʻladi. Ijodiy suhbatga tayyorlashda oʻqituvchining unga oʻta mas’uliyat bilan yondoshishi talab qilinadi. Oʻqituvchi bunday suhbatga oldindan jiddiy tayyorgarlik koʻrishi lozim: avvaldan shunday savollar oʻylab topishi kerakki, ular oʻquvchining u yoki bu hodisaning mohiyatini oʻylashga majbur etsin, suhbat yoʻnalishi va gipotezaning ehtimol koʻrilgan variantlari va uning yechilish yoʻllarini bashorat qila olsin. Oʻqituvchi oʻquvchilarning umuman muammoni yechish uchun yetarli darajada tayyorgarlik koʻrib kelmasligini ham koʻzda tutishi va bunday vaqtda sodda va murakkablashtirib boruvchi qoʻshimcha savollarni tayyorlab qoʻyishi lozim, bunday savollar orqali oʻquvchilar ijodiy hal qilishishart boʻlgan vazifalarni qismlarga ajratish ham zarur boʻladi, ya’ni muammo kichik muammolarga boʻlinadi va muammoli vazifa yechiladi. Oʻqituvchi bunday vaziyatda vazminligini saqlashi, oʻquvchilarga tezroq yordam berish, kamchiligini tuzatish va yanglish fikr bildirganlarga tanbeh berishga shoshilmasligi, balki qoʻshimcha savollar bilan oʻzlarining xatosini anglashga va toʻg’ri qaror qabul qilishga erishish maqsadga muvofiqdir. Materialni muammoli bayon qilish axborotni bayon qilishdan tubdan farq qiladi, chunki unda u yoki bu hodisaning belgilari, xossalari, tushunchalari, qoidalari shunchaki tasvirlab beriladi, tayyor xulosalar bayon qilinadi. Oʻquv axborotlarining muammoli bayoni metodidan foydalanishning boshqa varianti fan taraqqiyoti tarixidagi u yoki bu qonunning olimlar tomonidan kashf etilishi yoʻlini yoritib berish boʻlishi ham mumkin. Oʻquv jarayonida keng tarqalgan metodlardan biri – shartli ravishda oʻquv axborotlarining bayonini muammoli boshlash deb nomlanadigan metoddir. Materialni muammoli bayon qilish metodidan bu metod muammoli vaziyat faqat materialni bayon qilish boshidagina yaratilishi bilangina farqlanadi. Keyinchalik material axborot usulida bayon qilinadi. Albatta, bu metod yuqorida oʻquvchining ijodiy izlanish faoliyati, ayniqsa, ijodiy metodida koʻringan koʻnikmalarni hosil qilishga imkoniyat bermaydi, lekin oʻquvchilarning mashg’ulot ibtidosida olgan ilxomlari barcha materialni faol idrok qilishga, unga yuqori qiziqish uyg’otishga bevosita turtki beradi. Yuqoridagi barcha metodlar orasida bu metod oʻzining oddiyligi bilan ajralib turadi. Muammoli vaziyatni tashkil qilishda quyidagi extimol koʻringan didaktik maqsadlarni hisobga olish zarur: oʻquv materialiga oʻquvchilar diqqatini jalb qilish, ularning bilishga boʻlgan qiziqishini uyg’otish, oʻquvchilarning bilish faoliyatini jonlantirish, ularni intellektual zoʻriqish mashaqqatlariga olib kelish, oʻquvchilar tomonidan egallangan hozirgi bilim, malaka va koʻnikmalar kelajakda yuzaga keladigan bilishga boʻlgan talablarini qondira olmasligini koʻrsata bilish, oʻquvchilarga oʻquv muammolarini tahlil qilishga, uning yechilishidagi eng ratsional yoʻllarni aniqlashda yordam berish kerak.
Oʻquv jarayonidagi muammoli vaziyatning bir necha tiplari farqlanadi:
1. Oʻquvchilar qoʻyilgan vazifaning yechilish usulini bilmaydilar, muammoli savolga javob berolmaydilar.
2. Oʻquvchilar avval olgan bilimlarini yangi sharoitda, holatda foydalanish zaruriyatiga duch keladilar.
3. Vazifaning nazariy jihatdan yechilishi mumkin boʻlganyoʻli va tanlangan usulning amaliy jihatdan qoʻllash qiyinligi orasida ziddiyat yuz beradi.
4. Vazifaning bajarilishida natijaga amaliy erishish va oʻquvchilarda uni nazariy jihatdan asoslashga bilim yetishmasligi oʻrtasida ziddiyat yuz beradi.
Adabiyotlarda muammoli vaziyatyaratishning quyidagi koʻp uchraydigan usullari qayd qilinadi:
hodisalar, oʻrganilayotgan tushunchalar mohiyatini tushuntirish uchun muammoli vazifalar qoʻyish;
olingan bilimlarning amaliy tatbiqi usullarini topish uchun muammoli vazifa qoʻyish;
oʻquvchilarni hodisalar va faktlar orasidagi ziddiyatlar va nomuvofiqliklarni tushuntirib berishlariga undash;
ilmiy tushunchalari va hayotiy tasavvurlari orasidagi ziddiyatni keltirib chiqaradigan fakt va hodisalarni tahlil qilishga undash;
oʻquvchilarni fakt, hodisa, xatti-harakatlar, xulosalarni chog’ishtirish, qiyos qilishga undash;
oʻquvchilarni goʻyo tushunib boʻlmaydigan xarakterdagi va fan tarixida ilmiy muammoning qoʻyilishiga sabab boʻlgan faktlar bilan tanishtirish. Muammoli vaziyatni vujudga keltirishning yuqorida keltirilgan usullari uning boshqa variantlariga chek qoʻymaydi. Har bir oʻqituvchioʻzining amaliy faoliyatida oʻquv materiallari bilan ijodiy ishlash jarayonida uni tashkil qilishning turli imkoniyatlarini qidirishi va topishi mumkin. Oʻquvchilarning fikrlari tobora qiyomiga yeta borib, muammoli vaziyat ularda ma’lum xissiy hozirlikni vujudga keltiradi, mustaqil amalga oshirilgan bilish jarayonidan, kashfiyotlardan qoniqish hosil qiladi. Xayratga tushish, tushkunlik yoki shodlik hissiyotlari muammoli vaziyatni toʻg’ri tashkil qilish belgilari boʻlib xizmat qiladi. Ma’lumki, yuqori koʻtarinkilik bilimlarni samarali oʻzlashtirish, haqiqatni qidirish va unga erishishning muhim omili hisoblanadi. Muammoning murakkabligi, oʻquvchilarning bilim saviyasi va malakasi, ularning ijodiy faoliyati koʻnikmalari, didaktik maqsadga yoʻnalganligiga qarab muammoli oʻqitishda oʻquvchi va oʻqituvchi oʻzaro munosabatlarining turli variantlari boʻlishi mumkin, ya’ni muammolilikning turli sathlari amalda boʻlishi mumkin. Pedagogikaga oid adabiyotlarda asosan muammolilikning uch sathi haqida fikr yuritiladi: Birinchi sathda oʻqituvchioʻzi muammoni qoʻyadi, uni shakllantiradi va oʻquvchilarni mustaqil ravishda uning yechilish yoʻlini qidirishga yoʻnaltiradi. Ikkinchi sathda oʻqituvchi faqat muammoli vaziyatni vujudga keltiradi, oʻquvchilar esa muammoni mustaqil shakllantiradilar va yechadilar. Uchinchi sath – oliy sath boʻlib, unda oʻqituvchishunday qoidani koʻzda tutadi: muayyan muammoni koʻrsatib bermaydi, balki unga oʻquvchilarni «roʻbaroʻ» qiladi hamda ularni mustaqil ijodiy faoliyatga yoʻnaltiradi, ularni boshqaradi va natijani baholaydi. Oʻquvchilar esa muammoni mustaqil anglaydilar, uni shakllantiradilar, uning yechilish usullarini tadqiq qiladilar. Oʻquv muammosining qoʻyilish jarayonini osonlashtirish uchun muayyan tartibga rioya qilish lozim boʻladi. Yechilish lozim boʻlgan hamda yangi tushunchalar bilan bevosita bog’liq boʻlgan avvalgi oʻzlashtirilgan bilimlar doirasini faollashtirmasdan turib, muammoni qoʻyib boʻlmaydi. Muammoli vazifalarni tashkil qilishdan oldin oʻquvchilarning sabab-oqibat aloqalarini oʻrnata olish usullarini egallaganligiga ishonch hosil qilish, oʻquvchilarning muammoli vaziyatni tahlil qila olish darajasini oʻrganish shartdir. Shuningdek, oʻqituvchi oʻquvchilar e’tiboriga faqat ular uchun qulay boʻlgan muammolarni qoʻymasligi ham mumkindir. Shu bilan birgalikda muammoning yechilishi uni toʻg’ri qoʻya bilishga koʻp jihatdan bog’liq ekanligini unutmaslik zarur. Bu qoidalarni amalga oshirish avvalo oʻquv materialining mazmun xususiyati bilan bog’liqdir. Uning tarkibi va tuzilmasiga qator talablarni qoʻyish mumkin.
Oʻquv materiali quyidagi mazmunni qamrab oladi:
yangilik unsurlari (yangi tushunchalar, yangi belgilar, xususiyatlar, noma’lum tushunchalarning jihatlari, yangi aloqalar, harakatlanishning yangi usullari);
faktlar, bilish vazifalari va masalalari, ziddiyatlari koʻrinishidagi materiallarni qamrab olgan ma’lum va yangi bilim oʻrtasidagi ziddiyat;
umumpedagogik va didaktik tamoyillarni hisobga olgan pedagogik nazariyaning metodologik asoslari materialini mantiqqa muvofiq bayon qilish. Shuni ta’kidlash lozimki, oʻqitish jarayoni faqat «muammoli» yoki «nomuammoli» metodlar yordamidagina amalga oshmaydi, balki uning samarali borishi uchun xilma xil metodlarni qoʻllash maqsadga muvofiqdir. Oʻqituvchi mashg’ulotning maqsadi, oʻquv materiallarining mazmunini toʻplash, auditoriyada qatnashgan oʻquvchilarning xarakteri, ularning tayyorgarlik darajasini hisobga olgan holda ularni tinglash hamda birini ikkinchisi bilan bog’lashni amalga oshiradi. Shundagina oʻquv jarayonining yuqori samaradorligi ta’minlanadi. Shuningdek, muammoli oʻqitishning samaradorligi koʻp jihatlardan oʻquvchilarning ijodiy faoliyatga, muammoni ifodalash va yechishga boʻlgan tayyorgarligiga bog’liq boʻladi. Ularni ijodiy faoliyatga jalb qilishda muammoli boshlash bayonidan asta-sekin tadqiqot ishlarigachaoʻtish, muammoli oʻqitishning barcha metodlari zanjirida asta-sekinoddiydan murakkabga oʻtish tavsiya etiladi. Muammoli oʻqitishning talablar darajasidagi sifatini ta’minlash, oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilgan axborotlar boʻyicha bilimlarni chuqurlashtirish va kengaytirish maqsadida seminarlar oʻtkazish mumkin. Ma’lumki, bunday seminar oʻtkazishning dastlabki maqsadi ma’ruza yoki axborotni jamoa boʻlib muhokama qilishdir. Seminarning samaradorligi albatta oʻquvchilarni unga tayyorlash sifatiga bog’lik. Ayniqsa, ma’ruza va axborot tayyorlayotgan oʻquvchilar bilan ishlash muhim ahamiyatga ega. Oʻquvchilarni seminarga tayyorlash bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Muammoli savollar tizimini ishlab chiqishda oʻquvchilarni oʻylashga majbur qilish hamda ularning javoblari ehtimoli nazarda tutiladi. Shu bilan bog’liq ravishda mashg’ulot ssenariysi mashg’ulotning biror (ehtimol koʻrilgan) variantini aks ettirishi lozim boʻladi, uning realligi esa oʻqituvchining oʻquvchilardagi boshlang’ich fikrlash qobiliyati darajasi haqidagi qay darajada bilimga ega boʻlishiga bog’liq. Shu bilan birga, xatto yaxshi ishlab chiqilgan ssenariy boʻlsa-da, seminarning borishida avval oʻylangan rejadan chetga chiqishlar boʻladi, chunki oʻquvchilarning individual xislatlari, bilimlarining darajasi va kengligi har xil boʻladi, shu tufayli oʻqituvchi seminarni samarali oʻtkazishi uchun temaga muvofiq material mazmunini oʻzi yuksak darajada egallagan boʻlishishart. Seminar avvalida oʻqituvchi tayyorlab kelgan savollari yoki vazifalaridan foydalangan holda oʻquvchilarda seminarda qatnashish uchun yetarli boʻlgan bilimlarni yuzaga chiqaradi. Bilimlarni yuzaga chiqarish bilimlarni chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha seminarlardagi usullar asosida amalga oshiriladi.Soʻng yuzaga chiqarilgan bilimlar asosida oʻqituvchi mashg’ulotda hal qilinadigan muammoni oʻquvchilarga bildiradi va uni ifodalab beradi. Avval boshdanoq qoʻyilgan muammoning oʻquvchilar tomonidan qabul qilinishini ta’minlash uchun muammoni qoʻyishda uni yechish uchun urinib koʻrishni tashkil etish tavsiya etiladi. Bu bilan oʻqituvchi kutilayotgan yechimni oʻquvchilar bilan tahlil qiladi, ularda koʻringan qiyinchiliklarni aniqlaydi. Muammoni yechishdagi dastlabki urinish natijasida oʻquvchilar uni yengilgina yechish mumkin emasligini aniqlaydilar. Bunda muammoli vaziyat oʻquvchilar uchun muammoni yechish usullarining keyingi izlanishini avj oldirish zarurligining ichki ruxiy asoslanishi boʻlib xizmat qiladi. Oʻqituvchi muammoni yechish usullarini izlashni tashkil etishga oʻtar ekan, avvalo birinchi muammoni ifoda qiladi, soʻng muammoli savollarni qoʻyadi va javoblarni muhokama qilib, oʻquvchilarning bu muammoni yechish usulini izlashga, ya’ni birinchi oraliq xulosani qidirishga undaydi. Soʻngra shu tahlitda yaxlitligichamuammoni yechish va xotima xulosalarni ifodalash bilan tugallanishi lozim boʻlgan keyingi muammolarning yechilish usulini izlashni tashkil etadi. Oʻqituvchi muammoni qoʻyishda uning mazmunini oydinlashtiruvchi muammoli savollarni berishdan oldin muammoni toʻlaligichayechishga urinish tashkil etilganidek, oʻquvchilarning muammo qismlarini yechishga urinishlarini tashkil etishi mumkin. Bu urinish muammoni yechishda ikkinchi mashaqqatni vujudga keltiradi, uning oʻquvchilar tomonidan anglab yetilishi muammoning yechilish usulini qidirishda faol ishtirok etishining qoʻshimcha motivi boʻlishiga olib keladi. Oʻqituvchi muammoli savol qoʻyib, unga javob olishi bilanoq toʻg’ri va notoʻg’ri javoblarni baholamasligi, balki oʻquvchilardan savollarga har tomonlama keng javob talab qilishi kerak. Agar oʻquvchi kutilgan muayyan javobni tayinli asoslay olmasa, bu javobga xayrihoh boʻlgan boshqa oʻquvchilarni ham aniqlab, ularga birgalikda shu javobni asoslashni taklif etadi. Agar oʻquvchilar u yoki bu savolga turli javoblar taklif etsalar, oʻqituvchi oʻquvchilarning javoblarni qiyoslashga qaratilgan fikrlashga urintirishi lozim boʻladi. Bunday fikrlash ishi murakkab boʻlib, u barcha bildirilgan nuktai nazarlarni tushunish, ularning kuchli va kuchsiz tomonlarini aniqlash, toʻg’ri javobni qidirish maqsadida tanqidlarni hisobga olgan holda turli karashlarni oʻzaro nisbatlashni koʻzda tutadi. Shunday qilib, muammoli savolga javob topishni qidirishni tashkil etish oʻzida muntazam qoʻyilgan qadamlar modulini birlashtirdi.
Ular quyidagilar:
muammoli savolni qoʻyish;
qoʻyilgan savollarga javob topish va asoslash boʻyicha oʻquvchilarning fikrlashga urinishlarini tashkil etish;
javoblarning tanqidiy tahlilini tashkil etish, ularning kuchli va kuchsiz jihatlarini aniklash;
kelishilgan mavqe (pozitsiya)ni ishlab chiqish – eng toʻg’ri javobni konstruksiyalash maksadida javoblarni oʻzaro qiyos qilishni tashkil etish;
keyingi muammoli savolni qoʻyishga oʻtish.
Oʻqituvchi tashkil etgan bunday mujassamlangan harakatlarni bajarish jarayonida oʻquvchilarning tafakkurlarida rivojlanish yuz beradi. Oʻquvchilarga muammolisavollar qoʻyishda muammoli savollarning uzluksizligini, ularning bajargan ijodiy ish natijalari bilan aloqasini ta’minlash zarur. Umuman, oʻquvchilarning fikrlash qobiliyatlarini oʻstirishga bag’ishlangan seminar quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
1. Oʻquv muammosini yechish boʻyicha ijodiy faoliyatda faol ishtirok etish uchun zarur boʻlgan bilimlarni yuzaga chiqarish;
2. Muammoga kirishish va uni ifodalash;
3. Oʻquvchilarning avval egallangan bilimlari negizida muammoni yechishga urinishni tashkil etish;
4. Muammoni yechish boʻyicha oʻquvchilarning keng ijodiy faoliyatini tashkil etish (muammoni va muammoli savolni qoʻyish, muammoli savolga javob topishni tashkil etish, oraliq va yakuniy xulosalarni ifodalash);
5. Mashg’ulotga yakun yasash. Muammoli oʻqitish sharoitidagi oʻquv jarayonining mustahkam asosi oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga muntazam tayyorlash, shaxsiy fazilat sifatida ulardagi baholanadigan mustaqillikni shakllantirish va rivojlantirish hisoblanadi. Bu oʻqitishdagi mustaqil ishning alohida muhim ahamiyati, uni oʻquv yurti pedagogik tizimi markaziga qoʻyilishining qonuniyligi, uning oʻz tizimi boʻlishi zaruriyatini tashkil etish demakdir. Shu bilan birga ta’kidlash joizki, bu masala hanuzgacha amaliyotda toʻla hal qilingan emas. Amaliy mashg’ulotlar bir necha bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqichda bilimlar nazorat qilinadiki, ularning mavjudligi mashg’ulotlarda ishlab chiqiladigan vazifalarning yechilish metodikasini tushunishga yordam beradi. Oʻqituvchi bilimlar oʻzlashtirilishining nazoratini oʻtkazib boʻlgach, oʻquvchilarni muayyan toifadagi vazifalarni yechish metodikasi bilan tanishtiradi. Bu jarayonda oʻqituvchi metodika tarkibiga kiradigan barcha harakatlarnioʻquvchilarga tushuntirishi lozim. Oʻrganilgan metodikaga muvofiq ravishda barcha harakatlarni amaliy egallashni tashkil etish uchun oʻqituvchi oʻquvchilarga individual topshiriqlar beradi. Bu topshiriqlarni bajarish jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklarni oʻz vaqtida yengish maqsadida oʻqituvchi oʻquvchilarga yoʻl-yoʻriqlar beradi. Bunda oʻqituvchining vazifasi har bir oʻquvchining oʻz topshirig’ini ongli ravishda bajarishini ta’minlashdan iborat boʻladi. Topshiriqni bajarish yakunlangach, oʻqituvchi uning borishini va oʻquvchilar ishlari natijalarini tahlil qiladi, guruh bilan birgalikda tipik qiyinchiliklarni muhokama qiladi, ularni yengish usullarini koʻrsatib beradi, shakllangan malakalarni kelgusida takomillashtirish boʻyicha vazifalar qoʻyadi. Shunday qilib, algoritmik tipdagi amaliy mashg’ulotlarni oʻtkazish quyidagi bosqichlarni koʻzda tutadi:
1. Muayyan toifadagi vazifalarni yechish metodikasini tushunib olishga yordam beradigan bilimlar oʻzlashtirilishini nazorat qilish;
2. Oʻzlashtirilish obekti boʻlgan vazifalarning yechilish metodikasi bilan tanishish;
3. Konkret vazifa materiallari asosida oʻrganilgan metodikaga muvofiq ravishda oʻquvchilarning individual faoliyatni tashkil etish;
4. Tipik qiyinchiliklar va ularni yengish yoʻllarini guruh boʻlib muhokama qilishni tashkil etishning oʻquvchilar tomonidanbajarilishining borishi va natijalarini tahlil qilish, kelgusida egallanishi mumkin boʻlgan malakalarni takomillashtirish boʻyicha vazifa qoʻyish. Muammoli tipdagi amaliy mashgulotlarni tashkil etish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
1. Muayyan toifadagi vazifalarning yechilish metodikasini ishlab chikish uchun zarur boʻlgan bilimlarning oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilishini nazorat qilish;
2. Yechilish metodikasini ishlab chiqishni koʻzda tutgan yangi vazifalarni qoʻyish;
3. Qoʻyilgan vazifaning yechilish metodikasini ishlab chiqishga qaratilgan oʻquvchilarning fikrlashga urinishlarini tashkil etish;
4. Oʻquvchilar ishlarining natijalarini tahlil qilish, metodikani ishlab chiqish jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklarni guruh boʻlib muhokama qilish, uning sabablari va uni yengish usullarini aniqlash. Amaliy vazifa va muammolarni yechishdagi oʻquvchilarning umumiy faoliyatini tashkil etishning samarali shakli tadbirkorlik oʻyinlaridir. Ma’lumki, tadbirkorlik oʻyinlari oʻquvchilarning kollektiv faoliyatini tashkil etishni bildiradiki, bu jarayonda uning boʻlg’usi kasbiy faoliyatining ashyoviy va ijtimoiy mazmuni yaratiladi. Tadbirkorlik oʻyinlarining pedagogik samaradorligi natijasi koʻp jihatlardan oʻyinning ssenariysini ishlab chiqish uning tayyorlanish sifati bilan belgilanadi. Tadbirkorlik oʻyinlari oʻquvchini amaliytayyorlashning pedagogik vazifalari tizimini yechishga qaratilgan boʻlishi lozim. Bularga birinchi navbatda: real kasbiy faoliyatsharoitida qoʻllanadigan amaliy malaka va koʻnikmalarni shakllantirish; amaliy vaziyatlar va shunga mos harakat usullarini ishlab chiqishni tahlil qiladigan fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish; guruh (jamoa) faoliyatida faol ishtirok etishini ta’minlaydigan qobiliyatlarni shakllantirish taalluqlidir. Oʻyinning mazmuni va tuzilmasi shunday shakllanishi va shunday tuzilishi kerakki, shunga mos malaka va qobiliyatlar har bir ishtirokchida butun oʻyin davomida shakllansin. Oʻyinning pedagogik vazifalari ssenariyda aniq aks etishi shart. Muammoli oʻqitishni tashkil etish natijasida oʻquvchilarda kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalar hamda fikrlash qobiliyatlarini oʻstirishning ijodiy imkoniyatlari yuzaga keladi.
Muammoli texnologiyani amalga oshirish uchun:
eng dolzarb, ahamiyatli vazifalarni tanlash;
oʻquv ishlarining barcha turlarida muammoli oʻqitishning oʻziga xos xususiyatlarini belgilash;
muammoli oʻqitishning eng maqbul tizimini ishlab chiqish, darslik, oʻquv va metodik qoʻllanmalar, tavsiyanomalar yaratish;
shaxsiy yondashuv va oʻqituvchi mahorati zarurdir. Quyida biologiya fanini o‘qitishda muammoli ta’lim texnologiyasini tatbiq etish orqali o‘quvchilarda hayotiy ko‘nikmalarni shaklantirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar berib o‘tamiz. Misol uchun biologiya darsida odam qon guruhlari va ularning nasldan naslga berilishini muammoli ta’lim texnologiyasi asosida quyidagicha mashg‘ulot tashkil etish mumkin. Buning uchun o‘qituvchi dastlab 5-7 nafar o‘quvchilardan tashkil topgan kichik guruhlarni shakllantiradi, so‘ngra har bir guruhga mavzu bo‘yicha muammoli topshiriqlar berilgan tarqatma materiallarni beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |