Ribosomalar. Ribosoma donalari (Palade donalari, ribonukleoproteid donalari) sitoplazmatik to`r komponentlaridan biri bo`lib, zich dumaloq shakldagi diametri 15-30 nm keladigan donalardan iborat (13-rasm, a, b). Ribosomalar yadro qobig`ining tashqi membranasida ham yotadi. Membranalar bilan birikmagan sitoplazmada erkin yotuvchi ribosomalar ham ko`p uchraydi. Membrana bilan bog`liq bo`lgan ribosomalar erkin ribosomaga nisbatan radioaktiv aminokislotalarni ko`proq qabul qiladi. Ribosomalarda magniy va kaltsiy bo`ladi. Hayvon, o`simlikhujayralaridan va mikroorganizmlardan ajratib olingan ribosomalar ximiyaviy tarkibi, molekulyar og`irligi hamda sedimentatsiya konstantasi bilan bir-biriga yaqin. Ribosomalar oddiy va bir xil tipdagi moddadan tuzilganga o`xshasa ham haqiqatda ular mayda subbirliklardan iborat (13-rasm,b). Masalan, sedimentatsiya konstantasi 70S bo`lgan ichak ribosomalari 50s va 30s lik 2 subbirlikdan tashkil topgan. Subbirliklar orasida yoriq ko`rinadi. Har bir subbirlik bitta yuqori polimer ribosomal RNK molekulasini va oqsilni tutuvchi ribonukleoproteid moddadir.
Ribosomaning funktsiyasi. Ribosomalarda yadrodan informatsion RNK (i-RNK) orqali berilgan genetik axborotga qarab aktiv aminokislotalar kondensatsiyasi hamda ularning polipeptid bog`ga terilib, oqsilning sintezi ro`y beradi. Ayrim oqsillar sintezi alohida ajratib olingan ribosomalarda ham topilgan. Matritsa rolini i-RNK bajarib, u ribosomalarga o`tadi. Ribosoma yuzasida transport RNK (t-RNK) va aminokislotalar kompleksi bilan i-RNK ning komplementar nukleotidlari o`zaro ta’sir qiladi.
10. Kiritmalar, ularning klassifikatsiyasi, aniqlash usullari
Kiritmalar sitoplazmaning doimiy bo`lmagan tarkibiy qismlari hisoblanadi. Ular hujayra ichidagi modda almashinuvi, sekretsiya va pigment hosil qilish jarayonlari davomida va fagotsitoz yo`li bilan tashqi muhitdan hujayraga moddalar kirishidan hosil bo`ladi.
Mikroskop ostida kiritmalar har xil zichlikdagi granulalar yoki suyuq vakuolalar holida ko`rinadi. Qiritmalarning ximiyaviy tarkibi turlicha. Bir necha gruppa kiritmalar farqlanadi.
1. Trofik kiritmalar (yog` tomchilari, oqsil granulalari, glikogen to`plamlari, vitaminlar va boshqalar).
2. Sekretor kiritmalar (zimogen granulalar va boshqalar).
3. Ekskretor kiritmalar (o`t kislotasi, mochevina va b.)
4. Pigment kiritmalar (gemoglobin, melanin, lipofustsin va boshqalar).
Oqsil kiritmalar kamda-kam uchraydi. Misol tariqasida ba’zi bir umurtqali hayvonlar jigaridagi oqsil donalarini hamda tuxum hujayrasidagi murakkab oqsil va fosfoproteid gruppalaridan tashkil topgan plastinkalar, donachalar, disklar, duksimon shakldagi ko`pgina sariqlik donachalarini va boshqalarni ko`rsatish mumkin. Elektron mikroskopda olingan ma’lumotlarga qaraganda sariqlik tanachalari kristalsimon strukturalar hosil qilgan donachalardan va tayoqchalardan (protein makromolekulalari) iborat. Ko`pgina olimlar fikricha, sariqlik donachalari materiali ribosomalar ishtirokida donador endoplazmatik to`r sisternalarida hosil bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |