Gulli o‘simliklarda jinsiy ko‘payish. Gulli o‘simliklarda jinsiy hujay-
ralar – changchining changdonida, urug‘chining urug‘kurtagida yetiladi. Chang
xaltasidagi diploid mikrosporotsit hujayra meyoz yo‘li bilan bo‘linib, 4 ta
mikrosporani hosil qiladi. So‘ng har bir mikrospora mitoz yo‘li bilan bo‘linib
ikkita: yirik vegetativ va mayda generativ hujayralarga ega chang donasiga
aylanadi. Generativ hujayra yana mitoz usulida ikkiga bo‘linib ikkita spermiyni
hosil qiladi (38-rasm).
38-rasm. Urug‘li o‘simliklarda erkaklik gametalarning rivojlanishi. 1 – changchi;
2 – mikrosporotsit hujayra; 3 – mikrosporalar; 4 – chang donasi; 5 – vegetativ hujayra;
6 – generativ hujayra; 7 – spermiylar.
Tugunchaning urug‘kurtagidagi diploid to‘plamli megasporotsit hujayra
meyoz bo‘linishdan so‘ng 3 ta mayda, 1 ta yirik hujayra – megasporani hosil
qiladi. Mayda hujayralar tezda nobud bo‘ladi. Megaspora 3 marotaba mitoz
yo‘li bilan bo‘linadi va sakkiz yadroli murtak xaltasini hosil qiladi. Murtak
xaltaning bir qutbida uchta, ikkinchi qutbida ham uchta, markazida esa ikkita
hujayraning o‘zaro qo‘shilishidan hosil bo‘lgan markaziy hujayra joylashadi.
Murtak xaltasining mikropile tomonidagi uchta hujayrasining o‘rtadagi
yirikrog‘i tuxum hujayra hisoblanadi (39-rasm).
39-rasm. 1 – urug‘chi; 2 – megasporotsit hujayra; 3 – megaspora;
4-, 5-, 6 – mitoz bo‘linish; 7 – murtak xalta; 8 – tuxum hujayra; 9 – markaziy hujayra.
Changlanishdan so‘ng urug‘chi tumshuqchasiga tushgan chang asta-sekin
o‘sa boshlaydi. Uning vegetativ hujayrasi o‘sib, uzun va ingichka naycha-
chang yo‘lini hosil qiladi. Chang naychasi tez o‘sib, urug‘chi tugunchasi
tomon o‘sib urug‘kurtakka yetib boradi. Hosil bo‘ lgan ikkita spermiy chang
naychasi orqali urug‘kurtakdagi murtak xaltaga kiradi. Spermiylardan biri
tuxum hujayra bilan, ikkinchisi markaziy hujayra bilan qo‘shiladi. Bu jarayon
gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish deb ataladi (40-rasm).
40-rasm. Gulli o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish jarayoni.
Urug‘kurtakning urug‘langan hujayralari ko‘p marta bo‘lina boshlaydi.
Urug‘langan tuxum hujayra – zigotadan murtak, urug‘langan markaziy
hujayradan esa endosperm rivojlanadi. Murtak bilan endosperm birgalikda
urug‘ni hosil qiladi. Shunday qilib, qo‘sh urug‘lanishdan so‘ng urug‘kurtak
urug‘ga aylanadi. Uning po‘stidan shu urug‘ni o‘rab turadigan po‘st, tuguncha
va gulning boshqa qismlaridan esa meva hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |