Oksidlanishli fosforillanish asosiy energiya generatori hisoblanadi. Oksidlanishli fosforillanish mitoxondriyalarning ichki membranasida joylashgan nafas zanjirida kechadi. Bir juft proton va elektronlarni nafas zanjiri orqali o‘tishi natijasida ko‘p miqdorda energiya ajralib chiqadi. Avval aytilganidek NADga bog‘liq bo‘lgan substratlarning oksidlanishi natijasida 52,7 kkal energiya ajralib chiqqanligi ko‘rsatilgan. Shunday 21,3 kkal 3 ta ATF sinteziga sarflanadi. Qolgan energiya esa issiqlik sifatida tarqaladi. Shuni aytish kerakki, 1 molekula ATFni sintezlash uchun 7,3 kkal energiya talab qilinadi, glyukozani to‘liq aerob sharoitda oksidlanishida esa 686 kkal energiya ajralib chiqadi va 38 molekula ATF sintezlanadi. 38 molekula ATF sinteziga esa 277,4 kkal energiya talab qilinadi. Bu 686 kkal energiyani atigi 40% ini tashkil etadi. Qolgan 60% energiya esa issiqlik shaklida chiqadi va organizmning temperaturasini muvozanatda ushlashga safarbar etiladi. Hosil bo‘lgan ATF energiya quyidagi jarayonlarga sarflanadi: kimyoviy, mexanik, plastik, faol transport, transdegidrogenaza reaksiyalariga. Substratli fosforillanish esa membranaga bog‘liq bo‘lmay sitozolda kechadi. Bunda makroergik bog‘lar tutuvchi metabolitlar energiya manbai hisoblanadi. Bularga asosan 1,3-difosfoglitserat, fosfoyenolpiruvat, kreatinfosfat, argininfosfat va boshqalar kiradi. Substratli fosforillanishda kam miqdorda ATF sintezlanadi. Ular
yordamchi energetik mexanizmlardir. Jumdalan, glyukozani anaerob oksidlanishi natijasida 2 molekula sut kislotasi va 4 molekula ATF sintezlanadi, ya’ni atigi 29,2 kkal energiya ajralib chiqadi. Filogenetik jihatdan substratli fosforillanish ustun turadi. Ular kislorodsiz sharoitda oddiy hayvonlarning asosiy energetik manbai hisoblangan. Ammo energetik qiymati kam bo‘lsada, u katta ahamiyatga ega, chunki yadrosi, mitoxondriyasi bo‘lmagan eritrotsitlarda, shuningdek, ko‘pchilik kasalliklarda kuzatiladigan gipoksiya sharoitida hujayraning asosiy energiya manbai bo‘lib qoladi.
Umuman olganda hujayrada 2 xil to‘qima nafas olishi mavjud: fosforillanuvchi nafas olish va fosforillanmasdan (erkin) nafas olish. Fosforillanish bilan nafas olish mitoxondriyaning ichki membranasida
kechadi va ATF sintezi bilan boradi. Erkin nafas olish zanjiri mitoxondriyaning tashqi membranasida kechadi va bunda energiya issiqlik sifatida ajralib chiqadi.
Ikki turdagi nafas zanjirining bo‘lishi fiziologik ahamiyatga ega. Chunki ba’zi paytlarda organizm ko‘p miqdorda ATFga muhtoj, boshqa paytlarda esa issiqlikka. Bunda organizm bir nafas olish zanjiridan ikkinchisiga o‘tishi mumkin va organizmni adaptatsiya-kompensatsiya (moslashuv) jarayonlar holatini belgilaydi.
Fosforlanish koeffitsienti. Nafas olish zanjirining ingibitorlari va oksidlanish va fosforlanishni ajratuvchilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |