Chigirtka bor o't ichida,
Bodringchaday kichih juda.
Juda ko'm-ko'k edi-da u,
Juda ko'm-ko'k edi-da u.
Yeyar edi nuqul ko'kat,
Qo'ng'izlarga tegmas faqat.
Oshna edi pashshalarga,
Oshna edi pashshalarga.
Qarab uyoq va buyoqqa,
Kelib qoldi och qurbaqa,
Chigirtkani yutdiqo'ydi.
Chigirtkani yutdi-qo'ydi.
O'ylamagan hech qachon u,
Va kutmagan hech zamon u,
Shunday bo'lar deb oxiri,
Shunday bo'lar deb oxiri!
Qo'shiq g'amgin bo'lganidan, oxirida ashulachilamning o'zlari ham toqat qilisholmay ho'ng-ho’ng yig'lashdi. Ochko'z qurbaqa yutib qo'ygan bechora chigirtkaga hamma achindi. Ko'zlaridan duv-duv yosh to'kishdi.
— Juda yaxshi chigirtka edi bechora, — dedi xo'rsinib Dovdirvoy.
— Hech kimga sirayam tegmasdi, pashshalar bilan ham ahil edi, — dedi Shoshqaloq.
— Shuning uchun ham uni qurbaqa yeb qo'ydi-da! — qo'shib qo'ydi Murvatvoy.
Faqat Bilag'on yig'lamasdan o'rtoqlarini ovvitdi:
— Yig'lamanglar, oshnalar! Qurbaqa chigirtkani yegani yo'q. Bu to'g'ri emas. Qurbaqa pashshani yeydi. O'lay agar, pashshani yeydi!
— Bari bir, — deb xo'rsindi Murvatvoy, — men pashshaga ham achinaman.
— Pashshaga achinishning nima keragi bor? Ular kasal yuqtirib, hammaning joniga tekkani-tekkan. Endi bir kamlaring pashshaga achinishmidi!
— Men umuman pashshaga yig'layotganim yo'q! — dedi Sergap. — Men uyda ekanligimizda bu qo'shiqni aytganimizni esladim, xolos.
Shu orada Bilmasvoy shunday qattiq uvillab yubordiki, yig'lab turganlar hayron qolishib, yig'isini ham to'xtatib, uni ovutishga tushishdi. Hamma undan nega bunaqa qattiq yig'laganini so'rashdi. Ammo Bilmasvoy piqillab, hech nima demadi. Oxirida xo'rsinib:
— Men Dum... Men anovi... Dumbulvoyni sog'indim! — dedi.
— Rostdan-a? — deb hayron qoldi barcha, — sog'inmay yurib-yurib, birdaniga sog'inibsan-da!
— Ha! — deb injiqlik qilib javob berdi Bilmasvoy. — Men bu yerdaman, Dumbulvoy bo'lsa, uyda qoldi!
— Qo'yaver, sensiz Dumbulvoy yo'qolib qolmaydi, — dedi Shoshqaloq.
— Yo'q, yo'qoladi! Men bilaman, u ham meni sog'inib qolgan. Dumbulvoy mening eng yaxshi og'aynim, biz havo pufagida uchganimizda, men hatto u bilan xayrlashmagan edim.
— Nega xayrlashmading?
— U bilan urishib qolganim uchun xayrlashgim kelmovdi. Biz uchgan mahalda u nuqul menga qarab qo'lini silkiy bergan edi, men jo'rttaga yuzimni teskari o'girib olib, unga qaramovdim. Havo pufagida uchayotganimdan juda mag'rur edimda. Endi bo'lsa meni qiynayapti anovi... Nimaydi?..
— Vijdonmi? — dedi doktor Dorijon.
— Ha, ha, og'aynilar, vijdon! Agar xayrlashganimda edi, menga ancha oson bo'lardi. Og'aynilar, uyga qaytib borgach, men Dumbulvoy bilan yarashamanda, keyin xayrlashaman.
— Agar qaytib borsak, xayrlashish emas, salomlashish kerak bo'ladi, — dedi Bilag'on.
— Bari bir, oldin xayrlashamanda, keyin salomlashaman, hammasi joyida bo'ladi.
— Do'stlar, qaytib ketishimizga to'g'ri keladi, — dedi Mashshoqvoy. — Bilmasvoyning uyga ketgisi kelib qoldi.
— To'g'ri, og'aynilar, mening ham uyga ketadigan vaqtim bo'ldi, — dedi Dorijon. — Men bo'lmasam, Gulzor shahrida bitta-yarimtasi kasal bo'lib qolishi mumkin, tuzatadigan hech kim yo'q, axir.
— Bo'ldida, shuncha o'ynaganimiz yetar endi! — deb javob berdi Bilag'on. — Qachon bo'lmasin, uyga qaytishimiz kerak-da. Ertaga yo'lga chiqamiz.
Bazm tamom bo'ldi. Ko'kko'z Bilmasvoyning oldiga keldi:
— Mana, ikkalamiz xayrlashamiz endi, — dedi xafa bo'lib u.
— Ha, — deb asta javob berdi Bilmasvoy. — Uyga ketadigan vaqtimiz bo'ldi.
— Bizning shaharda juda oz turdinglar.
— Mening yana ancha qolgim bor-u, ammo uyga ketgim kelyapti, — dedi Bilmasvoy boshini quyi solib.
Ko'kko'z nimanidir o'ylab turdi-da, keyin:
— To'g'ri, albatta, uyga borishlaring kerak, — dedi. — Uyda qolgan do'stlaringiz, ehtimol, sizdan xavotir olishayotgandir. Do'stlaringizni unutmayotganlaringiz yaxshi.
Anchagacha ikkovi ham indamay turishdi. Bilmasvoy nimadir demoqchi edi-yu, lekin tomog'i bo'g'ilib, ichidan so'zi chiqmay qolsa bo'ladimi. U boshini egib poshnasi bilan yerni kavladi, Ko'kko'zga qarashga jur'at etolmadi. U ko'zimdagi yoshni ko'rib qoladi deb qo'rqqan edi. Nihoyat, ular boshlarini ko'tardilar, ko'z-ko’zga tushdi.
— Men sizga yo'lga xalta tikib beraymi? — dedi Ko'kko'z.
— Mayli.
Ertasi kun Bilag'on bilan o'rtoqlari yo'lga tushishdi. Yayov sayohat qilishga qaror qilishdi. Havo pufagi yorilgan, uni tuzatish qiyin edi, buning ustiga o'sha tomonga shamol ham esmasdi. Hammadan oldinda qo'liga kompas ushlagan Bilag'on borardi. Uning ketidan doktor Dorijon, keyin Murvatvoy bilan Tuzatvoy, ularning ketidan esa qolgan mitti bolalar ketishardi. Bilmasvoy hammadan keyinda borardi. Bolalarning orqasida yuk xalta bor edi. Bu xaltalarni qizaloqlar tikib berishgandi. Yuk xaltalarda yo'l uchun piroglar va shuningdek, Gulzor shahrida bo'lmaydigan meva, sabzavot va gul urug'lari bor edi. Sharbatjonning hamma cho'ntagida bittadan tarvuz urug'i bor edi.
Hamma qizaloqlar bolalarni kuzatgani chiqishdi. Ko'plar yig'lashdi.
— Yig'lamanglar, — dedi lilarga Bilag'on. — Bir kunmas bir kun biz tag'in havo pufagi yasaymizda, siz tomonga uchib kelamiz.
— Ko'klamda olma gullaganda uchib kelinglar, — deb qichqirishdi qizaloqlar. — Bizda bahor juda chiroyli bo'ladi.
Qizaloqlar shahar chetida qolishdi, bolalar esa maysalar va dala gullari o'sib yotgan yo'ldan ketishdi.
— Xayr! Xayr! — deb qichqirishdi qizaloqlar va qo'llarini silkishdi.
— Xayr! Xayr! — deb javob berishdi bolalar. Ko'kko'z indamasdan qo'l silkib qoldi.
Bolalar darrov olisga ketib qolishdi, qizaloqlarning ovozi ularga zo'rg'a eshitilardi.
— Bilmasvoy! Bilmasvoy! — deb qichqirdi Ko'kko'z birdaniga.
Bilmasvoy qayrilib qaradi.
— Xat, Bilmasvoy, xat!
Bilmasvoy boshini qimirlatdi va qalpog'ini silkiy boshladi.
— U eshitibdi! — deb sevinib ketdi Ko'kko'z. Sayyohlar tez orada ko'z ilg'ar-ilg'amas nuqtaga o'xshab qolishdi. Yo'l burilgandan keyin esa butunlay g'oyib bo'lishdi. Qizaloqlar uy-uyiga tarqaldilar. Hamma g'amgin edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |