Bilishdagi qarama- qarshiliklar. Bilish jarayonining ichki mantig‘i (izchilligi) qanday?
Bilish jarayoni ma'lum qarama-qarshiliklardan ham xoli emas. Ular bilishning murakkab muammolarga to‘la xususiyatini aks ettiradi. Bilish jarayonida mavjud qarama-qarshiliklarning ayrimlarini aytib o‘tamiz.
Sub'ekt va ob'ekt (ya'ni inson va tashqi dunyo) o‘rtasidagi qarama-qarshilik mangu va mutlaqo tabiiydir. U insonning dunyoni amalda o‘zgartirish ehtiyoji bilan bu dunyo haqidagi bilimlarning kamligi (yoki umuman mavjud emasligi) o‘rtasidagi nomuvofiqlikni ifodalaydi. Aslida bilish jarayoni doim ayni shu nomuvofiqlikdan boshlanadi.
Ba'zan bilishga sezgi a'zolari ma'lumotlari bilan tashqi dunyoning fikr va tushunchalardagi in'ikosi o‘rtasidagi qarama-qarshilik xosdir. Ma'lumki, Quyoshning chiqishini faqat Quyosh harakatsiz yer atrofida aylanishini taxmin qilib, sezgi a'zolari yordamida tushuntirish mumkin. Biroq bu hodisani ilmiy mushohada yordamida, ikkala osmon jismining harakatchanligini isbotlash yo‘li bilan ham tushuntirish mumkin. Bu qarama-qarshilik taxminlarimizning mantiqiy dalillar va mulohazalar tizimi yordamida tajribada sinash yo‘li bilan yechiladi.
Shakllangan nazariya bilan olingan yangi ilmiy dalillar va eksperimental ma'lumotlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik ham bilish uchun tabiiy bir holdir. Bunda mazkur dalillar yordamida nazariyaga aniqlik kiritish yoki, aksincha, uni eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan deb topish talab etiladi.
Bilish jarayonida fandagi oqimlar, maktablar va ayrim nazariyalar o‘rtasida qarama-qarshiliklar yuzaga keladi. Bunday qarama-qarshilik falsafada ham, masalan, «Demokrit yo‘nalishi» va «Platon yo‘nalishi» o‘rtasida mavjud. Insonning tashqi dunyoni to‘liqroq va aniqroq bilishga intilishi bilan buning uchun sub'ektiv va ob'ektiv chegaralar (inson qobiliyatining cheklanganligi, fan va texnika rivojlanish darajasining yetarli emasligi va boshqalar) mavjudligi o‘rtasidagi nomuvofiqlik odatdagi hol hisoblanadi. Faol va rivojlanuvchi jarayon bo‘lgan inson bilishi uchun qarama-qarshiliklarning mavjudligi tabiiy bir holdir. Ularning umumiy negizini amaliyot, ijtimoiy hayot tashkil etadi. Qarama-qarshiliklar amaliyot jarayonida yangi metodlar va dalillarni izlash, bilish sub'ektining intellektual qobiliyatini takomillashtirish yo‘li bilan yechiladi.
Xulosa
Shunday qilib, insonning bilishi rivojlanib boruvchi, faol jarayondir. Bu, avvalo, jamiyatda yangi ehtiyojlarning tug‘ilishi, tegishli ravishda amaliyotning rivojlanishi va takomillashuvi bilan belgilanadi. Ayni shu sababli bilish «mangu harakat, qarama-qarshiliklarning yuzaga kelishi va ularning yechilishi jarayoni» deb qaralishi lozim.
Balki bilimni standart tushunish haddan tashqari taxminiy va nisbiydir? Qisman shunday, biroq bilim-bir ta'rif chegaralariga sig‘dirish juda qiyin bo‘lgan rang-barang hodisa ekanligi muhimroq. Agar «bilmoq» so‘zi tilimizda qanday qo‘llanilishiga nazar tashlasak, bilim turlari juda rang-barang ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Quyidagi gaplarni ko‘rib chiqamiz. Men bu mashinani qanday qilib tuzatish mumkinligini bilaman. Men gitara chalishni bilaman. Men Po‘latni o‘n yildan beri bilaman. Men Toshkentni yaxshi bilaman. Men uchburchak burchaklarining yig‘indisi ikki to‘g‘ri burchakka teng ekanligini bilaman. Men kit sut emizuvchilar oilasiga mansub ekanligini bilaman.
ADABIYOT
ASOSIY:
Do'stlaringiz bilan baham: |