Yan Amos Komenskiy
Pedagogika fani shaxsni rivojlantirishning ikki muhim jihati, uni o‘qitish va tarbiyalashga e’tiborni qaratadi. Shu bois didaktika (ta’lim nazariyasi) va tarbiya nazariyasi pedagogika fanining muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi. Ushbu mavzuda shaxs tomonidan ijtimoiy tajriba o‘z ichiga bilimlar, amaliy ko‘nikmalar va mahoratni hamda ijodiy faoliyat usullarini olishi muhim jihat ekanligi ko‘rsatilgan. Ko‘rsatilgan ushbu vazifa o‘qitish jarayonida hal qilinadi.
Didaktikaning ta’lim nazariyasi sifatidagi taraqqiyoti. Didaktika – pedagogikaning ta’lim, bilim berish jarayoni va o‘qitish nazariyasini umumiy qonuniyatlarini o‘rganuvchi mustaqil bo‘limi hisoblanadi. Didaktika yunoncha “didasko” so‘zidan olingan bo‘lib, “o‘qitish”, “o‘rgatish” ma’nolarini bildiradi. Ta’lim qonuniyatlarini o‘rganish, tahlil qilish jarayonida ta’lim tushunchasi uning mohiyati, mazmun va vazifalari, o‘qitish prinsiplari shakllari haqidagi bilimlar bayon etiladi.
Didaktika-ta’lim nazariyasi. Didaktika – bilim berish nazariyasi. Aniqrog‘i, ta’lim – tarbiya beruvchilar va ularni oluvchilar orasidagi pedagogik munosabatlarning kechish qonuniyatlarini aniqlovchi va shu sohada qo‘llaniladigan tushuncha, atama va qoidalarni ilmiy asoslab beruvchi hamda ularni boshqalarga o‘rgatuvchi pedagogik ilm-fan tarmog‘idir. Ta’lim – insoniyat tajribasining ma’lum tomonlarini, ya’ni o‘quvchi-talabalar ijtimoiy taraqqiyotining hozirgi talablariga muvofiq darajada bilimga ega bo‘lishlarini ta’minlaydigan faoliyatdir.
D
Didaktika (ta’lim nazariyasi, yunoncha “didaktikos” – “o‘rgatuvchi”, “didasko” – “o‘rganuvchi”) – ta’limning nazariy jihatlari, ta’lim jarayonining mohiyati, tamoyillari, qonuniyatlari, o‘quvchi-o‘qituvchi faoliyati, ta’limning maqsadi, mazmuni, shakllari, metodlari, vositalari, natijasi, ta’lim jarayonini takomillashtirish yo‘llari va hokazo muammolarni tadqiq etadi.
idaktikaning predmeti, vazifasi va funksiyalari
Didaktika predmetini aniqlash bo‘yicha turli qarashlar ilgari surilgan. Ko‘pchilik olimlar ta’lim obyekti deb o‘qitish jarayonining maqsadi, mazmuni, qonuniyatlari, metodlari va tamoyillarini ko‘rsatadilar. Didaktika ta’limni ijtimoiy tajribani berish vositasi sifatida e’tirof etiladi. Ta’limiy faoliyatni tashkil etishda o‘qituvchi-o‘quvchi yoki talaba, o‘quvchi-o‘quv materiali, o‘quvchi-boshqa o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlar yuzaga keladi. O‘qish, o‘rganish ta’lim jarayonining ajralmas xususiyatidir. Ijtimoiy tajribani o‘rgatish jarayoni sifatida ta’lim ikki shaxs (o‘quvchi va o‘qituvchi) o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadi.
Didaktikaga ta’limning mazmunli va jarayonli jihatlarini birgalikda o‘rganish xosdir. Amaliyotni qayta tashkil etish va takomillashtirish masalalarini nazarda tutgan holda didaktika ta’limni faqatgina o‘rganish obyekti sifatidagina emas, balki ilmiy asoslangan loyihalashtirish obyekti sifatida qaraydi.
Didaktika butun pedagogik faoliyat uchun, ya’ni ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanuvchilarning nazariy va amaliy harakatlari uchun metodologik asos vazifasini o‘taydi.
Shunday ekan, didaktikaning tadqiqot obyekti, predmeti, maqsadi va ilmiy-tadqiqot metodlari nimadan iborat, degan savollarga javob topish mumkin.
Didaktikaning ilmiy tadqiqot obyekti – uzluksiz ta’lim va tarbiya jarayonidir. Didaktikaning ilmiy tadqiqot predmeti – ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etuvchi “ta’lim-tarbiya oluvchi”, “ta’lim-tarbiya beruvchi”, “o‘quv dasturi, darslik va boshqa didaktik materiallar”, “o‘qitishning usul va uslublari” hamda “o‘qitishning texnik vositalari” orasidagi funksional aloqadorlikdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |