Tayanch tushunchalar: kompetentlilik, standart kompetensiya, asosiy kompetensiya, yetakchi kompetensiya, insonning kompetentligi, pedagogning kasbiy kompetentligi, maxsus kasbiy kompetentlik, kompetentlik tushunchasi va uning mazmun-mohiyati.
Mavzuning qisqacha mazmuni: O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining kompetentliligini shakllantirish borasida olib borilayotgan davlat siyosatining mohiyati.
O‘ZBEKISTONDA MUSTAQILLIK YILLARIDA PEDAGOG KADRLARINING KOMPETENTLILIGINI SHAKLLANTIRISH BORASIDA OLIB BORILAYOTGAN DAVLAT SIYOSATINING MOHIYATI
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari, shu jumladan, ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini isloh qilish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Darhaqiqat, doimo yangilikka, o‘z kasbiy salohiyatini oshirishga intiladigan, zamon bilan hamnafas bo‘lib yashaydigan, xalqaro tajribalardan keng foydalaniladigan, millati, xalqi, jamoasi manfaatlarini har tomonlama muhofaza eta oladigan kadrlar, shuningdek, rahbar kadrlar jamiyat ravnaqini ta’minlashga qodirdir.
Bugungi globallashuv jarayonida pedagog kadrlar zimmasiga juda katta kompetensiyaviy talablar qo‘yilmoqdaki, ularga javoban kuchli metodologik bilim, katta tajriba, ilmiy-nazariy salohiyat talab etiladi. Bu o‘rinda oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlari quyidagi metodologik manbalarga:
falsafaning tabiat va jamiyatni bilish qonuniyatlariga;
milliy va xalqaro qonunchilik asoslariga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyishlariga;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyish, Davlat dasturlari va boshqa huquqiy – me’yoriy hujjatlariga;
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining huquqiy-me’yoriy hujjatlariga;
xalqaro va mamlakatimizning etakchi olimlarining ta’lim menejmenti borasidagi fundamental qarashlariga, hamda hayotdagi ilg‘or tajribaga asoslangan holda ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalarga asoslanmoq lozim.
Mamlakatimizning birinchi Prezidenti I.A.Karimovning barcha chiqishlaridagi rahbar va pedagog kadrlar kompetensiyasiga qo‘yiladigan talablar uzluksiz ta’lim tizimi muassasalari rahbar va pedagog kadrlari uchun ham dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.
Jumladan, “Bu borada oliy o‘quv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarining kasbiy darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, ularni zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish maqsadida shu yil qabul qilingan Farmon bu ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga zamin bo‘ladi, deb ishonaman”. (2015-yil 1-oktabr o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigidan).
Mamlakatimizda xalq manfaatlari, el – yurt farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida rahbar va pedagog kadrlarning malaka talablari kundan kun takomillashtirilmoqda, davlat taraqqiyotini ta’minlashdagi mas’uliyatini kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda. O‘qituvchi kadrlar salohiyati davr talablari nuqtayi nazaridan yangi – yangi komponentlar bilan rivojlanib boradi.
OTM rahbar va pedagog kadrlarining kompetensiyasi talablari aynan qaysi manbalarda belgilab berilgan?
Prezentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF – 4947 – sonli Farmoni asosida ishlab chiqilgan va qabul qilingan "2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning 1 – 2. “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish” hamda ”Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish” yo‘nalishlarida olg‘a surilgan g‘oyalarning mazmun va mohiyati ham rahbar va pedagog kadrlarining kompetensiyasi masalasi shunga qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2015-yil 12-iyunda qabul qilingan «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni oliy o‘quv yurtlari professor – o‘qituvchilarining kasb darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, zamonaviy talablarga muvofiq kompetensiyasi sifatini tubdan oshirish borasida muhim poydevor bo‘ldi.
Farmonda oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishning quyidagi muhim yo‘nalishlari belgilab berilgan:
– oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining pedagogik va kasb darajasini muntazam oshirish asosida ularning qonunchilik normalari, nazariy, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha innovatsiyalar, shuningdek, o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni chuqur o‘rganish;
– samarali ta’lim va innovatsion texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy o‘quv yurtlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari, dastur va uslublarini tubdan yangilash;
– oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining global Internet tarmog‘i, multimediya tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda zamonaviy innovatsion pedagogika, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini egallashi va ularni o‘quv jarayoniga faol tatbiq etishi malakalarini oshirish;
– oliy o‘quv yurtlari pedagog kadrlarining chet tilini amaliy o‘zlashtirish darajasini oshirish va undan o‘z kasb mahorati, pedagogik va ilmiy faoliyatini muttasil oshirib borishi uchun keng foydalanish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2015-yil 20-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qabul qilingan 242-sonli qarorida yuqorida qayd etilgan Farmonda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malaka talablari rahbar va pedagog kadrlarining kompetensiyasi indikatorlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan Davlat ta’lim standartlari (DTS) da esa bo‘lajak mutaxassislar kasbiy kompetensiyasini shakllantirishga qo‘yiladigan malaka talablari to‘liq belgilab berilgan. Bo‘lajak mutaxassislarda ushbu malaka talablarini shakllantirish samaradorligi OTM rahbar va pedagog kadrlari kompetentlik darajasiga bog‘liqdir. Shuningdek, dunyo miqyosidagi OTM rahbar va pedagoglari kompetentligi malaka talablari xalqaro huquqiy-me’yoriy hujjatlarda ham belgilangan bo‘lib, ulardan ijodiy va samarali foydalanish ta’lim menejmentining xalqaro talablar asosida tashkil etilishida muhim rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |