Normativ-huquqiy hujjatlarga kiritiladigan o‘zgartirishlar asosan quyidagilarni nazarda tutadi:
- Markaziy bank operatsion faoliyati mustaqilligini mustahkamlash va narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasini Markaziy bankka yuklash;
- valyutani tartibga solishning ustuvor yo‘nalishlarini va aniq me’yorlarini o‘rnatish, shuningdek valyuta bozorini rivojlantirish hamda uning bir maromda faoliyat yuritishi uchun zaruriy sharoitlar yaratish;
- bank faoliyatini tartibga solishning bozor mexanizmlari va tamoyillarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek sohada raqobat muhitini kuchaytirishning kafolatlari hamda sharoitlarini ta’minlash va boshqalar.
Oraliq davrda amalga oshiriladigan asosiy vazifalardan biri Markaziy bankning valyuta bozorida market-meykerlik rolini pasaytirgan holda, valyuta bozorini rivojlantirish hamda almashuv kursi barqarorligini ta’minlashning bozor mexanizmlariga o‘tish hisoblanadi.
Bozor mexanizmlari ta’sirida almashuv kursining moslashuvchanligini oshirish, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorining kengayishi va rivojlanishiga xizmat qiladi. Ushbu maqsadlarda oltin-valyuta rezervlarini maqsadli darajada saqlash bilan bir qatorda valyuta bozorida qimmatbaho metallarni sotishdan tushgan xorijiy valyutadagi daromadlarni muntazam ravishda sotish dasturini ishlab chiqish va joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish uchun tayyorgarlik davrida Markaziy bankning ustuvor vazifasi samarali antiinflyatsion siyosat olib borish hisoblanadi. Ushbu maqsadga Markaziy bank instrumentlaridan moslashuvchanlik bilan foydalanish orqali qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab turish orqali erishiladi.
Pul-kredit sharoitlari hamda inflyatsiya darajasini tahlil qilish, baholash va prognozlash ishlari ko‘rsatkichlarning keng to‘plamlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bunda, narxlarni barqarorlashtirish siyosatini olib borishda asosiy ta’sir kanallarini aniqlash vazifasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, pul-kredit siyosatining bozor instrumentlari turlarining kengayib borishi bilan bir qatorda maqsadli parametrlarga erishishga yo‘naltirilgan monetar operatsiyalar faollashtirilib, hajmlari mutanosib ravishda oshirilib boriladi.
2017-2021 yillarda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish hamda inflyatsion targetlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar Kompleksida keltirilgan vazifalarning amalga oshirilishi, o‘z navbatida, moliya bozorlari rivojlanishiga xizmat qilib, pul-kredit siyosatining ta’sir kanallarini mustahkamlashga yordam beradi.
Shuningdek, ushbu davrda inflyatsiyani modellashtirish va prognozlash ishlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi hamda shu asnoda pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish borasidagi qarorlar qabul qilish jarayonining sinovi amalga oshirib boriladi. Modellar takomillashtirilishi bilan inflyatsiyaning maqsadli miqdoriy ko‘rsatkichlari belgilanadi.
Umuman olganda, pul-kredit siyosatining oraliq rejimi inflyatsion targetlash rejimiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida pul-kredit siyosatining barcha jarayonlari va uning instrumentlarini qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar majmuini qamrab oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |