Ishlab chiqarish sanitariyasi va gigienasi
Reja:
Sanitariya me’yorlari va qoidalari.
Ishlab chiqarish ob’ektlariga qo‘yiladigan umumiy talablar.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarni joylashtirishga va territoriyasini rejalashtirishga qo‘yiladigan talablar
1. Sanitariya me’yorlari va qoidalari
Mehnat gigienasi ishlab chiqarish muhitini va mehnat jarayonini kishi organizmiga ta’sirini o‘rganadi va ularning sanitariya-gigiena holatlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiyanomalarni ishlab chiqadi, bularning hammasi ishchilarning sog‘lig‘ini va ish qobiliyatini saqlab qolishga yordam beradi.
Ishlab chiqarish sanitariyasi ishlab chiqarish korxonalari territoriyalarining holatini yaxshi saqlash, sanitariya-obodonlashtirish, ishlab chiqarish binolarini va xonalarini, sanitariya-texnik qurilmalari (ventilyasiya, isitish, yoritish), sanitariya-maishiy xonalar qurilmalari, shaxsiy himoyalanish vositalaridan foydalanish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishdagi zaharlanishlarni hamda kasb kasalliklarining oldini olish, xizmatchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shuningdek mehnatni ilmiy tashkil qilish va ishlab chiqarish estetikasi bilan bog‘liq bo‘lgan gigiena chora-tadbirlarini ishlab chiqish masalalarini hal qiladi.
SHaxsiy gigiena tushunchasiga kiradigan masalalar doirasi juda keng. Bu badanni toza tutish, ishlaganda, ovqatlanganda shaxsiy gigienaga rioya qilish, o‘zi yashaydigan joyni ozoda tutish va boshqalar. SHaxsiy gigiena qoidalarini bajarish faqat individual emas, balki ijtimoiy ahamiyatga ham molik bo‘ladi. Agar bir odam shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilmasa, u o‘z oilasida va ishlaydigan jamoada yuqumli kasalliklarning tarqatilishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Sog‘lom ish sharoitlari yaratilishining negizida sanitariya me’yorlari va qoidalari yotadi, eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan konsentratsiya (EYUQ), eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan miqdor (EYUM), eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan darajalar (EYUD) ishlab chiqilgan. YUqoridagi me’yoriy darajalarga amal qilish va ularni ta’minlash sog‘lom mehnat sharoitlari yaratilishiga kafolat beradi.
Hozir amaldagi «Sanitariya me’yorlari SM 245-71», «Qurilish me’yorlari va qoidalari», «Har xil sharoitlar uchun sanitariya qoidalari», «Xavfsizlik va mehnat gigienasi» bo‘yicha traktor va qishloq xo‘jaligi mashinalarining konstruksiyalariga umumiy talablar», «Ta’mirlash-texnologik uskunalarga xavfsizlik va ishlab chiqarish sanitariyasining umumiy talablari», «Ishlab chiqarish korxonalarining uskunalari va xonalarning sanitariya holati bo‘yicha qo‘llanma», «Radiatsion xavfsizlik me’yorlari», «Ishlab chiqarish xonalarining mikroiqlim sanitariya me’yorlari» va boshqalar korxonalarni joylashishiga hamda ularning territoriyasini rejalashtirish, ishlab chiqarish maqsadida qurilgan binolarga umumiy talablarni belgilaydi.
YOrdamchi binolar va xonalar uchun sanitariya talablari, sanitariya-himoyalanish doirasini me’yorlaydi, mikroiqlim parametrlari qiymatini, havo muhitini, yoritilganlik darajasini, shovqinni, titrashni, nurlanishni, dam olish va mehnat tartiblarini rejalashtiradi. Ko‘rsatilgan me’yorlar ishlab chiqarish muhit parametrlarini mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlarini ta’minlashga asos bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |