4
Qadimgi dunyo xalqlari nafaqat kalendarlardan, balki o'ziga xos hisoblash usullaridan ham
foydalanishgan. Bu murakkab usullarni aniqlashga tarixiy xronologiya fani yordam beradi.
Tarixiy xronologiyaning obyekti tarixiy voqealar haqida ma'lumot beruvchi manbalar
hisoblanadi. Tarixiy xronologiya tarixiy taraqqiyot davomida vaqtni hisoblash sistemasini
o'rganadi, ularning o'zaro bog'liqligini, vaqtlarni bir hisob sistemasidan ikkinchisiga aylantirish
uslublarini ishlab chiqadi. Tarixiy xronologiya yuqoridagi hisoblash sistemasidan tarixiy
vaqtlarni hisoblashda amalda foydalanadi va tarixiy manbalardagi sanalarning aniqligini tarixiy
tahlil qiladi.
Insoniyatning xo'jalik hayotidagi ehtiyoji vaqtni hisoblash zaruratini yuzaga keltirdi.
Qadimda vaqtni hisoblashda tabiatning doimiy takrorlanib turuvchi hodisasi bo'lgan sutka,
tun, kun, Oy fazalarining o'zgarishi, Yerning yillik aylanma harakatidan foydalanilgan.
Asta-sekin vaqtni aniq hisoblashga bo'lgan ehtiyoj yuzaga keldi. Buning uchun osmon
jismlari harakatini, umuman, astronomiyani bilish zarur edi. Bundan tashqari, yana bir vazifani,
kun, oy, yillar o'rtasidagi farqlarni aniqlash zarurati ham tug'ildi. Buning uchun esa matematik
hisob-kitobni puxta bilish lozim edi. Tabiat hodisalarini kuzatish, vaqtni aniqlash uchun
qo'llanilgan murakkab matematik hisob-kitoblar xronologiyaning fan sifatida shakllanishiga asos
sifatida xizmat qildi. Bobil va Misr kabi qadimgi davlatlarda paydo bo'lgan xronologiya ayniqsa,
Qadimgi Gretsiya va Rimda rivojlandi. Xronologiya bilim sohasi sifatida rivojlanishiga Qadimgi
Gretsiya va Rim olimlari Eratosfen, Kalipp, Gipparx, Varron, Senzorin, Ptolomey, Makrobiylar
katta hissa qo'shganlar.
Gipparx (eramizgacha 190-125-yillar) birinchi bo'lib Oyning o'lchamini va undan
Yergacha bo'lgan masofani aniqlagan. Gipparx shaxsiy kuzatuvlari natijasida Quyosh yilining
uzunligini deyarli aniq hisoblab chiqqan (xato 6 minut). Olim o'sha davr uchun ulkan
hisoblangan 850 ta yulduzning holati katalogini tuzgan edi.
Klavdiy Ptolemey - mashhur «Almagest» asari muallifi. Bu asar o'rta asrlargacha
astronomiyaga oid asarlarning sarasi hisoblangan. Shuningdek, Ptolemey sakkiz kitobdan iborat
«Geografiya» asarining muallifi hamdir. Ptolemey kartografik proyeksiyalar nazariyasini ham
yaratgan. Ayniqsa, uning «Podshohlarning xronologik jadvali» asari xronologiyaga oid muhim
manba hisoblanadi.
Mark Terensiy Varron (eramizgacha 116-27-yillar) ham xronologiya fanining rivojiga
katta hissa qo'shgan. U qomusiy olim bo'lib olti yuzga yaqin asarlar muallifidir. Mark Terensiy
Varron asarlarining aksariyati xronologiyaga bag'ishlangan.
VII asr oxiri VIII asrning birinchi choragida yashagan ingliz monaxi, solnomachi Beda
Dostopochtenniy xronologiyaga oid «Dunyoning olti yoshi» nomli asar muallifidir. Uning
mazkur asarida xristian erasining asoslari haqida ma'lumot beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |