Barcha jihatlarni astoydil o‘rganib chiqib, shuni ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlar haqiqatan ham jahondagi barcha standartlarga javob beradigan dadil va qat’iy islohotlar dasturini ifoda
Ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonni tadqiq qilish bilan shug‘ullanayotgan biz, amerikalik ekspertlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning borishini “qayd etish” muhim edi. Tan olish kerak, bu oson bo‘lmadi, chunki O‘zbekistondagi islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab oldi. Ayrim tashabbuslar qonunchilik hujjatlari, ayrimlari Prezident farmonlari, boshqalari amaliy o‘zgarishlar shaklida hayotga tatbiq etilgani muayyan qiyinchilik tug‘dirdi. Lekin Toshkentdagi do‘stlarimiz tufayli yangi hukumat tomonidan chiqarilgan barcha hujjatlar to‘g‘risida ma’lumot oldik.
Barcha jihatlarni astoydil o‘rganib chiqib, shuni ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlar haqiqatan ham jahondagi barcha standartlarga javob beradigan dadil va qat’iy islohotlar dasturini ifoda etadi. Buni e’tirof etgan holda, “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” deb nomlangan kitob chiqarishga qaror qildik. Maqsadimiz oddiy edi. Biz shunchaki G‘arb o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasining muhim jihatlarini ochib bermoqchi edik.
Asosiy maqsadimiz xorij auditoriyasi uchun islohotlarning o‘ziga xos sharhini yozib berish bo‘lib, kitob o‘quvchilarga mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni baholash, O‘zbekiston qayerga va qay tarzda harakatlanayotganini tushunishga yordam berishini istagan edik.
G‘arbda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yaxshiroq anglashlari g‘oyat muhim. Fikrimizcha, u yerda hukumat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlayotgan, tashqi va ichki siyosatdagi eski yondashuvlarni izchil tuzatishga olib kelayotgan jarayonlar mohiyatini to‘liq anglab yetmayapti.
Tashrif davomida biz birinchi qo‘ldan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziridan mamlakatdagi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldik. Muhtasham binoda joylashgan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, ta’lim standartlarini oshirishga qaratilgan o‘ta muhim o‘zgarishlar ro‘y berayotgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘ldik.
Talaba va olimlar bilan suhbatlashib, O‘zbekiston yoshlari islohotlarning barcha yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlayotganiga amin bo‘ldik. Bundan tashqari, yosh avlod ushbu jarayonning bevosita ishtirokchisi bo‘lishga intilmoqda. Oradan bir yarim yil o‘tib Toshkentga yana qadam qo‘yarkanmiz, bu yerdagi ulkan islohotlar dasturi istiqbollarini qanday baholamoqdamiz? Taassurotlarimiz ilmiy isbotlar o‘rnini bosa olmaydi, albatta. Lekin o‘zbekistonlik yosh ishbilarmonlar bir yil avval amalga oshirishning imkoni ham bo‘lmagan loyihalar ustida ishlayotganini aytganda juda hayratlandik. Taksi haydovchisi mevalarni Qozog‘istonga eksport qilish uchun hamkor qidirayotgan akasi, do‘kon sohibi Farg‘ona vodiysining Tojikiston bilan chegaradosh hududidagi qarindoshlari bilan diydor ko‘rishgani haqida so‘zlab berdi.
Albatta, hech narsa bir zumda o‘zgarmaydi. Bizga tasodifan uchragan bir keksa odam eski odatlardan qutulish oson bo‘lmasligini ta’kidladi.