5-modda. Aksiyadorlik jamiyatlarining shakllari
Aksiyadorlik jamiyati ochiq yoki yopiq bo‘lishi mumkin. Ochiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari tarkibiga kiruvchilarning eng kam soni cheklanmaydi, yopiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari esa kamida uch shaxsdan iborat qilib belgilanadi. Jamiyatning har bir muassisi uning aksiyadori bo‘lishi lozim.
(5-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6-modda. Ochiq aksiyadorlik jamiyati
Qatnashchilari o‘zlariga tegishli aksiyalarini o‘zga aksiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati ochiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi.
Ochiq aksiyadorlik jamiyati o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o‘tkazishga va qonun hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda ularni erkin sotishga haqlidir.
Ochiq aksiyadorlik jamiyati o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga yopiq obuna o‘tkazishga haqli, jamiyat ustavida va qonun hujjatlarida yopiq obunani o‘tkazish imkoniyati cheklab qo‘yilgan hollar bundan mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 36-moddasi.
Ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni chegaralanmaydi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Yopiq aksiyadorlik jamiyati
Aksiyalari faqat o‘z muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunday jamiyat o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o‘tkazishga yoxud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. Yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni ellik nafardan ziyod bo‘lishi mumkin emas. Belgilangan chegaradan ortib ketgan taqdirda u yopiq aksiyadorlik jamiyatlari uchun miqdori aksiyadorlarning chegaralangan limitidan ortib ketgan shaxslar aksiyadorlar reyestrida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran olti oy ichida ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi, ushbu muddat tugagach sud tartibida tugatilishi lozim.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlari sotayotgan aksiyalarni uchinchi shaxsga taklif etilayotgan narxda va shartlarda, ularning har biriga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda imtiyozli olish huquqiga, agar jamiyat ustavida mazkur huquqni amalga oshirishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, ega bo‘ladi. Agar aksiyadorlar aksiyalarni sotib olishda o‘z imtiyozli huquqlaridan foydalanmasalar, jamiyat aksiyadorlar tomonidan sotiladigan aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquqqa ega bo‘lishi uning ustavida ko‘zda tutilishi mumkin.
(7-modda uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 26-sentabrdagi O‘RQ-183-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 39-son, 392-modda)
Aksiyadorlar sotayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanish tartibi, muddati jamiyat ustavida belgilab qo‘yiladi. Imtiyozli huquqdan foydalanish muddati aksiyalar savdoga qo‘yilgan paytdan boshlab 30 kundan kam va 60 kundan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |