49-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozorida axborotning maxfiyligi
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining mijozlari, ular hisobvaraqlarining holati va o‘tkazilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarning mazmuni (emitent, qimmatli qog‘ozlarning turi va xili, soni, bahosi, bitim tuzilgan sana, vaqt, birja savdosi o‘tkazilgan hollarda esa savdoda ishtirok etgan shaxslar ham bundan mustasno) maxfiy axborotdir.
Maxfiy axborotga ega shaxslar bu axborotdan bitimlar tuzish uchun foydalanishga, shuningdek uni bitimlar tuzish uchun boshqa shaxslarga berishga haqli emas.
Maxfiy axborotdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxslar bunday axborotni oshkor etganlik uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
50-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozorida maxfiy axborotni oshkor qilish
Qimmatli qog‘ozlar bozorida maxfiy axborotni oshkor qilish qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Mijozlarning hisobvaraqlari bo‘yicha ma’lumotlar — ularning o‘zlariga yoki vakillariga, o‘z vakolatlariga taalluqli masalalar yuzasidan — monopoliyaga qarshi davlat organiga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentiga, sudlarga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘lgan taqdirda esa, tergov va surishtiruv organlariga beriladi.
Mijozlarning — jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari bo‘yicha ma’lumotlar ularning egalari vafot etgan taqdirda, merosxo‘rlarga yoki hisobvaraqning egasi ko‘rsatgan shaxslarga, o‘z ish yurituvidagi meros ishlari yuzasidan notarial idoralarga beriladi, chet el fuqarolariga nisbatan esa chet davlatning konsullik muassasalariga beriladi.
Birja bitimining mazmuni haqidagi axborot sudlarga taqdim etiladi, tergov va surishtiruv organlariga esa qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etiladi.
Maxfiy axborot qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga quyidagi hollarda:
Oldingi tahrirga qarang.
u qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi faktlarini ko‘rib chiqayotganda;
(50-modda beshinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
u Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti a’zolari bo‘lgan boshqa davlatlarning qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organlariga ularning yozma so‘roviga ko‘ra axborot berganda oshkor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq maxfiy axborot qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
(50-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |