2-rasm. Qadimgi pul birligi
Qadimda natural pullar turli ko’rinishda bo’lib, (2 – rasmga qarang) ulardan to’lov vositasi sifatida foydalanishga qator omillar ta’sir qilgan. Xususan:
– odamlarning kunlik ehtiyoji uchun juda zarur bo’lgan buyumlar;
– mamlakatning tabiiy iqlimi va geografik joylashuvi;
– kamyob buyumlar va ularni etishtirishning murakkablik darajasi;
– uzoqroq muddat davomida saqlash imkoniyatining mavjudligi.
Metall pullar
Kishilar o’rtasida ayirboshlash jarayonlarining tezlashuvi va mehnat taqsimotining chuqurlashuvi ayirboshlash hajmining ortishiga olib keldi. Iqtisodiy munosabatlarning takomillashuvi natijasida kishilar metalni kashf etdilar, undan turli xil mehnat qurollarini yasab kundalik hayotida foydalandilar. Shu bilan birga, ushbu mehnat qurollari to’lov vositasi vazifasini ham bajardi. Keyinchalik esa metalldan tanga pullarni zarb qilish yo’lga qo’yildi. Bularning barchasi ayirboshlash munosabatlari jarayonida foydalanib kelinayotgan natural pul shakllarini metall pul shakliga o’tishiga zamin tayyorladi.
Metaldan yasalgan mehnat qurollarining to’lov vositasi sifatida foydalanganligining xususiyati shunda ediki, kishilar metaldan tayyorlangan bolta va shunga o’xshash narsalardan to’lov vositasi sifatida foydalangan bo’lsada, ular boshqa maqsadda, ya’ni kundalik hayotda foydalanish uchun yaratilgan edi. Masalan, kishilar metaldan yasalgan boltadan ayirboshlash vositasi sifatida keng foydalangan, lekin u to’lov vositasini bajaradigan tanga ko’rinishiga ega bo’lmagan. Odamlar stixiyali ravishda metalldan yasalgan boltani to’lov vositasi o’rnida foydalanishgan.
Pulning natural ko’rinishidan metall tanga shakliga o’tishi, yuqorida ta’kidlanganlardan tashqari quyidagi omillar muhim ahamiyat kasb etgan.
1.Kishilar metallarga turli shaklda ishlov berishni kashf etilishi. Ta’kidlaganimizdek, bolta va shunga o’xshash temir qurollardan pul vositasi sifatida foydalanilgan, lekin ularni puldan foydalnishning metall davri deb yurita olmaymiz. Chunki, ushbu mehnat qurollarining funksiyalari boshqa bo’lgan. Kishilar metalni kashf qilganlaridan keyin oradan juda ko’p davrlar o’tishi bilan unga ishlov berish yo’llarini o’rgandilar. Bu o’z – o’zidan metall tangalarni zarb etishga turtki bo’ldi.
2.Davlatchilikning paydo bo’lishi. Metall kashf etilib, odamlarga unga ishlov berish yo’llari ma’lum bo’lgandan so’ng, ma’lum hudud va qabilalar alohida kishilarning hukmronligi, xonligi va qirolligi ostida boshqarila boshlandi. Bu o’z o’zidan o’sha davrning hukmroni, xoni yoki qirolining maqieni oshirish, o’zining chegaralarini mustahkamlash va qonunlarini yuritish zaruriyatini keltirib chiqardi. Bularning barchasi turli tasvirlar va yozuvlar tushirilgan tangalarni zarb etishga asos bo’ldi.
3.Kishilar o’rtasida tovar ayirboshlash hajmining ortib borishi natijasida ushbu jarayonning murakkablashuvi. Masalan, dehqon bir qop bug’doyni bitta boltaga ayirboshlashi uchun temirchi kosibning hoxishi dehqonning hoxishiga mos kelishi lozim. Ya’ni mazkur holatda, temirchining bir qop bug’doyga ehtiyoji bo’lishi kerak. Biroq, temirchiga bir qop bug’doy emas, balki bitta qo’y kerak bo’lsa, u holda dehqon bug’doyni qo’yga almashtirishi, so’ngra qo’yni temirchiga olib kelib bitta boltaga almashishi zarur bo’lar edi. Ko’rinib turibdiki, kishilar o’rtasida mehnat taqsimotining chuqurlashuvi va ayirboshlash hajmining ortishi natural pullarni to’lov vositasi sifatidagi vazifasini amalga oshirish imkoniyatlarini chegaralab qo’ydi.
4. Natural shakldagi pullarni saqlash va olib yurishning qiyinligi. Alabatta, o’sha paytlarda pulning vazifasini bajargan bolta yoki boshqa mehnat qurollarini saqlash qiyin bo’lmagan bo’lsada, lekin ularni olib yurish va xavfsizligini ta’minlash odamlarga turli noqulayliklarni keltirib chiqargan. Pulning vazifasini bajargan bug’doy, jun, qo’y yoki boshqa shunga o’xshash narsalar esa vaqt o’tishi bilan buzilgan, o’zining dastlabki xususiyatini yo’qotgan. Shu bilan birga, ularni olib yurish, ayniqsa saqlash ham odamlarga qo’shimcha tashvish keltira boshlagan.
Bularning barchasi natural pullar o’rniga metall pullarni muomalaga to’lov vositasi sifatida kirib kelishiga zamin yaratdi.
Dastlab metall tangalar qora rangli temirlardan slitka ko’rinishida tayyorlangan bo’lsa, keyinchalik to’rtburchak, uchburchak, yumaloq ko’rinishdagi tanga shaklini olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |