Jalb qilingan mablag’larning manbasi:
Depozitlar:
chaqirib olinguncha saqlanadigan depozitlar;
muddatli depozitlar;
jamg’arma depozitlar.
Xalqaro bank amaliyotida bank resurslari tarkibida depozit mablag’lar, ayniqsa muddatli depozitlar asosiy ulushni tashkil etadi. Bank resurslari tarkibida muddatli depozitlar ulushining yuqoriligi banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga va to’lovga layoqatliligini ta’minlashga bevosita ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Ta’kidlash lozimki, respublikamiz tijorat banklari resurslari tarkibida muddatli mablag’larning ulushi o’sib borish tendentsiyasiga ega bo’lib, ushbu ko’rsatkich 2001 yil 1 yanvar holatiga taxminan 7 – 8 foizni tashkil etgani holda, 2008 yil 1 yanvar holatiga 17 foizga, 2018 yil 1 yanvar holatiga 30 – 35 foizni tashkil etgan.
Depozitsiz mablag’lar
Banklararo kredit resurslari;
hukumat hisobvaraqlaridagi vaqtincha bo’sh mablag’lar;
tijorat banklaridan olingan resurslar;
boshqa mablag’lar.
Banklarning depozit bo’lmagan mablag’lari tarkibida moliya bozoridan jalb qilingan banklararo kredit resurslari asosiy salmoqni egallaydi. Banklararo kreditlar asosan qisqa muddatli xarakterga ega bo’lib, odatda ushbu kreditlarni berish va olish jarayoni o’zining tezkorligi bilan muhim ahamiyatga ega. Ushbu jarayon bo’yicha asosiy operatsiyalar banklarning vakillik hisobvaraqlari doirasida amalga oshiriladi. Ya’ni, tijorat banklari o’zaro kelishuvga erishganda mablag’lar vakillik hisobvaraqlari orqali o’tkazib beriladi. Shu bilan birga, ushbu kreditlar tijorat banklari uchun nisbatan arzon va muddati jihatidan «uzun» mablag’lar hisoblanadi.
Xalqaro bank amaliyotida banklarning depozit bo’lmagan resurslari tarkibida asosiy yirik manbalardan biri qimmatli qog’ozlar hisoblanadi. Banklar moliyaviy resurslarni shakllantirish maqsadida aktsiya, obligatsiya, depozit va jamg’arma sertifikatlarni muomalaga chiqaradi. Shuningdek, tijorat banklari uzoq muddatli resurslarini shakllantirishda ipoteka va subordinar qimmatli qog’ozlari muhim o’rin tutadi. Banklarning qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqarish orqali resurslarni shakllantirish bilan bog’liq operatsiyalarini ikkita guruhga ajratish maqsadga muvofiq.
Birinchi guruhga, tijorat banklari ustav va qo’shimcha kapitalini shakllantirish maqsadida aktsiya va subordinar qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqarish bo’yicha operatsiyalari, ikkinchi guruhga esa qisqa va uzoq muddatli resurslarga bo’lgan ehtiyojini qoplash uchun obligatsiya va ipoteka qimmatli qog’ozlari, depozit va jamg’arma sertifikatlari bilan bog’liq operatsiyalari kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |