Reja: 1. Pul massasi va tarkibi 2. Pul agregatlari va ularning turlari.
3. Muomala uchun zarur bo’lgan naqd pullar miqdorini aniqlash asoslari.
1. Pul massasi va tarkibi Pul massasi – muomaladagi naqd pullar va naqd pulsiz oborotdagi pullarning yig’indisidir. Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritayotgan mamlakatlarning pul oborotida faqat banknota va tanga ko’rinishda emas, balki kredit, chek va elektron yozuvlar ko’rinishida ishtirok etayapti. Shuning uchun iqtisodchilar ushbu pullarni pul massasi deb yuritishadi. Pul massasi mamlakatda muhim iqtisodiy ko’rsatkich bo’lib, uning hajmi jami ijtimoiy mahsulotning hajmi bilan muvozanatda (pulning aylanish tezligini inobatga olgan holda) bo’lishi zarur.
Pul massasining miqdori va uning tarkibi Markaziy bank tomonidan nazorat qilinadi. Markaziy bank pul – kredit instrumentlari orqali mamlakatda pul massasini oqilona me’yorini ta’minlaydi.
Pul massasi tarkibi asosan ikkita komponentdan tashkil topadi. Muomaladagi naqd pullar – pul massasining yuqori likvidli mablag’lari hisoblanib, istalgan paytda to’lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyatini beradi. Ushbu agregat muomaladagi banknot va tangalarni o’z tarkibiga oladi.
Naqd pulsiz mablag’lar – mulkiy shaklidan qat’iy nazar barcha turdagi xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kredit muassasalarida hisobraqam-lardagi, shuningdek, plastik kartochkalar va hisob – kitob cheki ko’rinishidagi mablag’lardan iborat.
Muomaladagi likvidlik darajasi past hisoblangan pullar kvazipullar deb yuritiladi. Ushbu pullarning tarkibiga nisbatan past likvidli va to’lov vositasi sifatida ishlatilmaydigan qimmatli qog’ozlar kiradi.
Pul massasini miqdoriy o’lchashga nisbatan 2 xil yondashuv mavjud:
transaktsion yondashuv - bunda pullarning to’lov vositasi va muomala vositasi sifatida harakatlanishi ko’zda tutiladi. Shu sababli transaktsion yondashuvda pul massasining aktiv qismi e’tiborga olinadi;
likvidli yondashuv - bunda pullar eng yuqori likvidli aktiv sifatida tan olinadi.
Aktivlarning likvidliligi deganda tez pulga aylana olish qobiliyati tushuniladi. Likvidli yondashuvga ko’ra nafaqat aktiv pullar balki passiv pullar ham pul massasining tarkibiga kiritiladi.
Pullarga bo’lgan talab nazariyalari ichida J.Keynsning likvidlikka ixlos qo’yish nazariyasi muhim o’rin egallaydi. Ushbu nazariyaga ko’ra pullarga bo’lgan talabni 3 ta omil belgilaydi:
transaktsion omil-tovarlar xomashyo va materiallar sotib olish uchun, ish haqi to’lash uchun kompaniyalarga pul kerak. Aholi ma’lum turdagi tovarlarni xarid qilish uchun, xizmatlar haqini to’lash uchun pul kerak. Shu sababli ular daromadlarining ma’lum qismini pul shaklida saqlaydilar;
extiyotkorlik omili-aholi ham kompaniyalar ham kelgusida yuz berishi mumkin bo’lgan, ko’zda tutilmagan holatlardan himoyalanish maqsadida pul jamg’aradilar;
spekulyativ (chayqovchilik) omili-aholi va kompaniyalar pul mablag’larini kelgusida daromad olish maqsadida aktivlar sotib olish uchun saqlaydi.
Muomalardagi pul massasining hajmi Markaziy bankning monetar siyosati asosida tartibga solinadi, bu jarayonda iqtisodiyotda pul taklifining ko’rsatkichlari muhim omil bo’ladi. Pul taklifi – bu naqd va naqdsiz ko’rinishdagi pul mablag’larining muomlada paydo bo’lishi bo’lib, pulning to’lov vositasi va muomala funktsiyalari bilan bog’liq.
Ko’pchilik hollarda Markaziy bank iqtisodiyotda naqd pul taklifi miqdoriga ta’sir qilish orqali uning barqarorligini oshirishga harakat qiladi. Biroq bu iqtisodiyotda naqd pul taqchilligini keltirib chiqarishga sabab bo’ladi. Muomaladagi pul miqdorini kamaytirish uchun quyidagi choralarni amalga oshirish muhimdir.
- iste’mol kreditni rivojlantirish, kreditga qanchalik ko’p tovar sotilsa, shuncha kam miqdorda pul muomalada kerak bo’ladi;
- naqd pulsiz hisob-kitoblarning rivojlanishi;
- pullarning muomala tezligini oshirishga erishish va boshqalar.
Pul massasi darajasini hisoblashning asosiy tamoyillaridan biri mablag’larni likvidlilik darajasi hisoblanadi. Muomaladagi pulning turlari pul agregatlari bilan guruhlarga ajratiladi. Unga ko’ra muomaladagi mablag’lar likvidlilik bo’yicha tasniflanadi, ya’ni dastlab yuqori likvidli mablag’lar past likvidligiga qarab M1, M2, M3,….Mn yoki L agregatlarga ajratiladi. Pul agregatlari tarkibi va soni turli mamlakatlarda turlichadir.