Balog`atga etgan har bir yigit-qiz o`zining mustaqil hayotini kelin-kuyovlikdan boshlaydi. Bu ota-bobolarimizdan qolgan meros bo`lib, uning ham odoblari bor.
Mustaqil hayotni poklik asosiga qurish uchun chimildiqqa kiradigan kelin-kuyov avval tahorat olishlari, xushbo`yliklar surib, chiroyli libos kiyishlari tavsiya etiladi. Nikohli hayotni boshlash arafasida har qanday insonda kuchli hayajon bo`ladi, qalbi bir olam orzu-istaklar bilan to`lib-toshadi. Chunki oila hayotiga qo`yilayotgan ilk qadam kishini o`zgacha tuyg`ular ummoniga g`arq etadi. Bunday paytda qilinadigan har bir ish, aytiladigan har bir so`z umr bo`yi xotirada muhrlanib qoladi. Shu sabab bo`lsa kerak, odamlar bu hodisaga alohida ahamiyat berishadi.
Kuyov kelinning oldiga ilk bor kirayotganida xursand holda bo`lishi, uyga ochiq chehra bilan kirib kelishi, kelinga muloyimlik bilan muomala qilishi tavsiya etiladi. Chunki, kelin hayajonlanadi, hadiksiraydi, begona uyda o`zini noqulay his etadi. Kuyovning go`zal muomalasi kelinni mana shunday holatdan chiqaradi, o`rtalarida iliqlik paydo bo`ladi.
Kuyov “bismillah” deb o`ng oyoq bilan, salom berib uyga kiradi. Keyin kelinning peshonasiga qo`lini qo`yib, mana bu duoni o`qiydi: “Allohumma, inniy as`aluka xoyrahaa va xoyra maa jabaltahaa `alayh, va auvzu bika min sharrihaa va min sharri maa jabaltahaa `alayh”.
Duoning ma`nosi: “Yo Alloh! Sendan ayolimning yaxshiligini, Sen unga bergan axloqning yaxshiligini so`rayman. Uning yomonligidan, Sen unga bergan axloqning yomonligidan panoh berishingni so`rayman!”
Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mana shu duoni o`qishni uylangan kishiga tavsiya etganlar (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Duodan so`ng ikkisi birgalikda nafl namoz o`qishadi. Kuyov imom bo`ladi, kelin orqada (o`ng tarafda turib) iqtido qiladi. Bu namozni har biri alohida o`qisa ham bo`ladi. Lekin birga o`qishgani ma`qul.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Agar sizlardan biron kishi uylansa, qo`shiladigan kechada ikki rakat namoz o`qisin. Kelinga – orqasida – ikki rakat namoz o`qishni aytsin. Shunda Alloh o`sha uyda yaxshilik (paydo) qiladi” (Bazzor rivoyat qilgan).
Bu namozning ahamiyati juda katta. Ma`lumki, nikoh kechasida kuyovda ham, kelinda ham ozmi-ko`pmi hayajon bo`ladi. Ayniqsa, kelin begona joyda o`zini noqulay sezishi, kuyovdan cho`chishi mumkin. Ikkisi bir bo`lib namoz o`qishsa, mana shunday salbiy holatlar barham topadi. Kuyov imom bo`lib, kelin iqtido qilib, bir tan-bir jonga aylanishadi. Namozdan keyin qo`lni duoga ochib, Allohdan osuda hayot, farovon turmush, solih farzandlar so`rashadi. Yangi hayot ostonasida turgan yoshlar uchun mana shu onlardagi ibodatning o`rni juda ham beqiyos.
Aniqlanishicha, kelin-kuyov birga namoz o`qishganida ikkisi tanasidagi zararli zaryadlar, ruhiy taranglik yo`qolib, o`rnini xotirjamlik, bir-biriga mehr-muhabbat tuyg`usi egallar ekan. Afsuski, ota-boblarimiz amal qilib kelgan mana shu odat bugungi kunda bir oz unutilayozgandek. Uning o`rniga har xil bid`at-xurofotlar o`rgatilyapti. Aslida, oila ostonasida turgan yoshlarga jo`yali maslahat berilsa, irim-sirimlarga yo`l qo`yilmasa, yangi qurilgan oila a`zolari baxti uchun mustahkam zamin tayyorlangan bo`ladi.
Namoz o`qib duo qilishgach, kelin-kuyov o`zlariga ajratilgan xonaga kirishadi... Oralarida o`zaro suhbat quriladi, bir oz iliqlik paydo bo`lganidan keyin kuyov kelinga muloyimlik bilan yaqinlashadi... Ilk harakatlar juda muhimdir. Tanalar bir-biriga tegadigan vaqtda kuyov o`zini qo`pol tutmasligi kerak. Chunki, bu kechadagi har bitta harakat butun umr esda qoladi, insonning kelgusi hayotiga ta`sir qiladi.
Kuyov avvaldan rejalashtirilgan qisqa suhbat muhitini yaratadi. Bu suhbatda sevgisini, birgalikda uyg`onadigan hissiyotlarni tilga oladi, ayoliga ham gapirish imkonini beradi. Shunday qilinsa, hayajon bosiladi, oralarida yaqinlik paydo bo`ladi. Jinsiy aloqadan oldingi suhbat juda muhim. Chunki ba`zi ayollarda o`ta kuchli hayajon yaqinlikka to`sqinlik qilishi mumkin. Natijada g`iybat, mishmish gaplar boshlanadi. Kimnidir kasal deb tabibga, kimnidir ko`ngli yo`q, deb issiq-sovuq qilish uchun folbin oldiga olib boriladi…
Bunday hayajonli damda tutilish erkakda ham bo`ladi. Buni to`g`ri tushunish, yomonlikka burmaslik lozim. Yoshlar bir-birlarini tushunib olgunlaricha muhlat beriladi, hovliqish yaramaydi... Jinsiy aloqadan oldin “bismillah”, deb mana bu duo o`qiladi: “Yo Alloh! Bizni, bizga beradiganing farzandni shaytondan yiroq qil”. Shunday duo qilinsa, tug`ilajak farzandga shayton zarar etkaza olmaydi.
Er-xotin aloqa vaqtida nozik munosabatda bo`ladi, qo`pol harakat qilmaydi, tozalikka rioya etadi. Qo`shilishdan oldin hazil-huzul, o`yin-kulgi qilish, erkalash lozim. Shunda shahvat to`la qo`zg`aladi. To`liq shahvat bilan dunyoga kelgan farzand sog`lom, baquvvat bo`ladi. Shuningdek, jinsiy aloqa vaqtida gaplashmaslik, ustiga biron narsa tashlab olish tavsiya etiladi.
Afsus bilan aytamiz, ba`zi joylarda kuyovning bemaza o`rtoqlari yoki kuyovjo`rasi ozgina aroq ichib olsa hayajon bo`lmasligini “maslahat” berarkan. Bu – juda ham noto`g`ri gap. Chunki, aroq ichgan odamning luqmasi bulg`anadi, duosi qabul bo`lmaydi. Qolaversa, harom ichimlik qonga singib, bo`lajak zurriyotga salbiy ta`sir qilishi mumkin. Birinchi kechani harom luqma bilan boshlasa, bu narsa kelgusi hayotiga salbiy ta`sir ko`rsatmay qolmaydi. Shuning uchun bu borada juda e`tiborli bo`lishni yigitlarga alohida tayinlaymiz.
Hayajonni bosish uchun namoz o`qishdan, duo qilishdan zo`r narsa yo`q. Bunda Allohdan yaxshilik so`raladi, savob olinadi. Bir harakatda ikkita foyda! Harom narsalarni eb nima foyda topadi odam?! Faqat zarar ko`radi: imoniga ham, sog`lig`iga ham katta ziyon etadi.
Musulmon odam har qanday holatda shariat ko`rsatmalariga amal qiladi. Shu bilan baxtli bo`ladi. Bugungi kunda din-diyonatdan bexabar ayrim yoshlar kuyovjo`ralik qilib, o`zlaricha “foydali” maslahatlar berishadi. Bundoq e`tibor berilsa, ularning ko`rsatmasi na dinimizga, na milliy qadriyatlarimizga to`g`ri keladi. Ko`pi Evropaga taqlidan qilinadigan ishlar. Unutmaylik: biz –musulmon farzandimiz. Shuning uchun har bir amalimiz dinimiz ko`rsatmasiga binoan qilinadi. Nikoh kechasidagi ishlar ham shariat ko`rsatmalariga mos ravishda amalga oshiriladi. Ota-bobolarimiz mana shunday tavsiyalarga amal qilib kam bo`lishmagan. Biz ham ajdodlar yo`lidan borsak, ikki dunyo saodatiga erishamiz.
Ziyovuddin RAHIM
“Baxtli hayot sari” kitobidan
Do'stlaringiz bilan baham: |