2.Baliqlarning ekologik guruhlari.
Suv muhitida yashash sharoitlarining har xil bo’lishiga qaramasdan, baliqlarni uchta ekologik guruhga bo’lish mumkin: pelagik, abissal va litoral.
1. Pelagik baliqlar suv bag`rida yashaydi. Bu baliqlarning ba’zilari suvda osilgan mayda hayvon va o’simliklar, boshqalari baliqlar, suvga tushgan hasharotlar bilan oziqlanadi. Bu zonada yashovchi baliqlarning ustki tomoni, odatda qoramtir rangda bo’lsa, pastki tomoni kumushsimon rangda bo’ladi. Pelagik baliqlar gavdasi uzunchoq duksimon bo’lib, juda yaxshi suzadi. Ko’pchilik akulalar, losos, seldlar, treskalar shu zonada yashaydi.
2. Litoral baliqlar asosan suv qirg`oqlari va tubi bilan bog`langan. Bu baliqlar unchalik tez harakat qilmaydi. Bu guruhga skatlar, kambalalar, ikki xil nafas oluvchi baliqlar, buqa baliqlar va boshqalar kiradi.
3. Abissal baliqlar suv tubida, katta chuqurlikda yashaydi. Katta chuqurliklarning asosiy xossalari bosimning g`oyat yuqori bo’lishi, yorug`likning mutlaqo yo’qligi, suvning oqmasligi, temperaturaning bir xil va past bo’lishi hisoblanadi.
Bu aytilganlardan tashqari, baliqlar suvdagi tuzlarga bo’lgan munosabatiga qarab uchta guruhga bo’linadi:
1) butun umrini sho’r suvlarda o’tkazuvchi dengiz baliqlari (kambala, seld, treska);
2) butun umri daryo, ko’l va hovuzlarda o’tadigan chuchuk suv baliqlari (laqqa baliq, gulmoy yoki forel, marinka);
3) o’tkinchi baliqlar, ya’ni bu baliqlar dengizda yashasa, ko’payish uchun daryolarga chiqadi (losos) yoki daryolarda yashasa, ko’payish uchun dengizlarga chiqadi (ilonbaliq).
Ekologik guruhlar va sistematik holatidan qat’iy nazar, baliqlarning hayoti bir-biri bilan almashinib turadigan biologik sharoitning yil fasllariga qarab o’zgarib turishiga bog`liq. Biologik yoki hayot sikli semirish, qishlash va ko’payish davrlariga bo’linadi.
3.Baliqlar migratsiyasi. Ko’pchilik baliqlar yillik hayot siklining eng asosiysi bo’lib migratsiya - yashash joylaridan ko’chish hisoblanadi.
Migratsiya passiv va faol bo’ladi. Passiv migratsiyada baliqlar suv oqimidan foydalanadi. Bu usul bilan kamharakatchan pelagik baliqlar, ko’pchilik baliqlarning lichinkalari (seld, ilonbaliq, losos) migratsiya qiladi. Faol migratsiyada baliqlar tanlab olgan yo’nalishiga qarab harakat qiladi, ba’zan kuchli oqim va hatto sharsharalarga qarshi yuradi (lososlar).
Faol migratsiya urchish, oziqlanish va qishlash migratsiyalariga bo’linadi.
Urchish yoki nyerest migratsiyasi, ayniqsa, o’tkinchi baliqlarda xilma-xil va murakkab bo’ladi. Urchish migratsiyasi dengizdan (sho’r suvdan) daryoga (chuchuk suvga) kirish yoki anadrom migratsiyasiga va aksincha, daryodan dengizga kirish - katadrom migratsiyalariga bo’linadi. Ko’pchilik baliqlar ikra tashlash uchun qirg`oqlardan ochiq dengizga qarab migratsiya qiladi (seldlar, treska, piksha va boshqalar).
Oziqlanish migratsiyasiga misol qilib treskani olamiz. Тreska ikra tashlab bo’lgandan keyin ozib qoladi va Norvegiyaning g`arbiy qirg`oqlaridan Murmansk qirg`oqlari bo’ylab sharqqa tomon harakat qiladi, so’ngra yana urchish joyiga qaytadi.
Qishlash migratsiyasiga misol qilib ko’pgina baliqlarning (zog`ora, lesh, sla, laqqa) Volga, Ural, Kura va boshqa katta daryolar deltasiga kirishini ko’rsatish mumkin, bular kech kuzda o’sha yerlarda suv tagidan chuqur joylarga nihoyatda ko’p to’planadi va shu yerda qishni o’tkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |