Balansli modulyatsiya
Balansli modulyatsiya Yuqorida ta’kidlanganidek, AM signal quvvatining katta qismi hech qanday axborotga ega bo‘lmagan tashuvchi uchun sarflanadi. Uzatkich quvvatidan samarali foydalanish uchun tashuvchisi yo‘q qilingan (bostirilgan) ikki polosali signaldan foydalanish maqsadga muvofiq. Spektrida tashuvchisi mavjud bo‘lmagan va faqat ikkita yon tomon polosalaridan iborat bo‘lgan garmonik modulyatsiya turi balansli modulyatsiya (inglizcha – amplitude modulation with suppressed carrier, AM-SC) deb ataladi. Bitta garmonik signal bilan balansli modulyatsiyalangan (BM) signalning matematik ifodasi quyidagicha
Agar modulyatsiyalovchi signal murakkab, ya’ni bir nechta garmonikalardan iborat bo‘lsa, u holda BM signal quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ladi
Bundan ko‘rinadiki, BM signal spektri AM signal spektriga o‘xshash bo‘lib, faqat tashuvchisi mavjud emas.
BM signalning vaqt diagrammasi
BM signalning vaqt diagrammasi (ossillogrammasi)dan ko‘rish mumkinki, bunda ushbu signal yuqori chastotali tebranish bilan to‘ldirilgan bo‘lib, ammo bu yerda tashuvchi tebranishning o‘zi mavjud emas. Bundan tashqari o‘rovchisining qiymati musbatdan manfiyga o‘tganida (modulyatsiyalovchi signalning qiymatiga muvofiq) yuqori chastotali to‘ldiruvchining fazasi 180° ga o‘zgaradi (sakraydi). Natijada, agar bunday BM signal 𝜔0 chastotaga sozlangan tebranish konturiga berilsa, unda o‘sha vaqtda yuzaga keladigan tebranish keyingi davr tebranishi bilan bostiriladi (kompensatsiyalanadi). Shunday qilib, konturning chiqish effekti amaliy jihatdan deyarli minimal bo‘ladi.
BM signalni shakllantirish qurilmasi balansli modulyator deb ataladi. Balansli modulyatorning prinsipial sxemalari: diodli ikki taktli amplituda modulyatoridan iborat bo‘lgan sxema a-rasmda, halqali modulyator sxemasi b-rasmda keltirilgan. Bunda tashuvchi chastota sxemaning ikkita yelkasiga bir xil faza bilan, modulyatsiyalovchi chastota esa qarama-qarshi faza bilan ta’sir etadi. BM chiqishida 𝜔0 ± Ω chastotali signalni hosil qilamiz, bunda tashuvchi chastota kompensatsiyalanadi (yo‘qoladi), chunki diodlardan o‘tayotgan tok va 𝜔0 chastotalar qarama-qarshi faza bilan o‘tadi. BM sifatida halqali modulyator (HM) deb ataluvchi ikkita ikki taktli amplituda modulyatori birlashmasidan iborat sxema ham ishlatiladi (b-rasm)
Balansli modulyator sxemalari: a) – diodli ikki taktli amplituda modulyatori; b) – halqali modulyator.
Xulosa o‘rnida quyidagilarni keltiramiz. BM signal spektrining kengligi AM signal spektrining kengligi bilan teng. BMda AMga nisbatan uzatkichning quvvatidan samarali foydalaniladi, chunki bunda tashuvchi chastotani nurlatish uchun hech qanday energiya sarflanmaydi. Shunga qaramasdan BM keng qo‘llanilmaydi, chunki qabul qilish tomonida BM signaldan foydali axborot signalini ajratib olish uchun zarur bo‘lgan tashuvchini tiklashning iloji yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |