13-mavzu
Badiiy matn va uning adabiy tilga munosabati
Reja:
Adabiy til. Adabiy tilning lug‘at tarkibi.
Adabiy til va badiiy matn tili.
Badiiy matn adabiy tilni lug‘aviy jihatdan boyituvchi manba.
Adabiy til normasi va badiiy matnning adabiy normaga munosabati.
Tayanch so‘zlar: adabiy til, til, nutq, til lug‘ati, badiiy matn, adabiy norma, umumnorma.
Adabiy til milliy tilning oliy shakli bo‘lib, bu tilning oliy shakli ekanligi uning vazifasida va keng jabhada qo‘llanilishida ko‘rinadi. Adabiy til umumxalq tili negizida paydo bo‘ladi. Adabiy tilning vujudga kelishi jamiyat a’zolarining ongli aralashuvi bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra adabiy til umumxalq tilining so‘z san’atkorlari tomonidan ishlangan, sayqallangan, meyorga solingan ko‘rinishidir.
Adabiy til vazifa nuqtai nazaridan umumxalq tili bilan hamohang, ya’ni aloqa-aralashuv vazifasini bajaradi. Shunday ekan, adabiy tilni yaratishdan muayyan maqsad bo‘ladi. Adabiy tilni yaratishdan maqsad esa umumxalq ommaviy aloqa vositasini yaratishdir.
Adabiy til avvalo rasmiy davlat tili. Adabiy tildan rasmiy davlat tili sifatida foydalanish, bu tilning qo‘llanish doirasini yanada kengaytiradi.
Zero, adabiy til ijtimoiy-siyosiy sohalar tili, diplomatik aloqalar tili, idoraviy ishlar va hujjatlar tili, maorif, madaniyat tili, og‘zaki targ‘ibot va tashviqot, radio-televideniye tili kabi ko‘p yo‘nalishlarda qo‘llaniluvchi tildir. Bu yo‘nalishlarning barchasida umumxalq tilidan foydalanib bo‘lmaydi. Bu holat adabiy tilni yaratish zaruratini vujudga keltiradi. Adabiy til ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-madaniy hayotning barcha sohalarida aloqa vositasi darajasiga ko‘tarilgan tildir.
Adabiy tilning rivojlanib borishi tarixiy taraqqiyot, hamda unga ongli aralashuv bilan bog‘liq. Bu jarayonni so‘z san’atkorlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. So‘z san’atkorlari tomonidan umumxalq tili zaxirasida mavjud so‘zlar, badiiy matnlar orqali tanlanib, saralanib adabiy tilga o‘tadi. Bu jarayon o‘ta murakkab bo‘lib, so‘zni adabiy tilga o‘tishi uning umumxalq uchun birdek tushinilishi, ko‘p qo‘llanilishi bilan ham aloqador.
Adabiy tilning keng jabhada qo‘llanilishi uchun uning lug‘aviy jihatdan boy, imkoniyatlari cheksiz bo‘lishi taqoza etiladi. Shuning uchun adabiy til xalq tilining boshqa shakllariga nisbatan boy lug‘aviy fondga, ishlangan, takomillashtirilib boriladigan grammatik qurilishga, turli nutq uslublarida qo‘llana olish xususiyatlariga ega bo‘lgan tildir.
Adabiy tilning lug‘at tarkibi va grammatik qurilishi sheva va lahjalardan farqli ravishda tilning muayyan qonun-qoidalariga bo‘ysundirilgan, ular saralanagan va ishlangan.
Adabiy til tilning boshqa shakllaridan doimiy ravishda ishlanib, takomillashtirilib borishi bilan farqlanadi.
Masalan, o‘zbek adabiy tili 1930 yilga qadar an’anaviy arab alifbosi asosida bir necha bor takomillashtirildi, 1930 yildan lotin alifbosi asosida, 1940 yildan krill alifbosi asosida 1995 yildan lotin alifbosi asosida takomillashtirildi: imlo qoidalari yaratildi, imlo lug‘atlar tuzilib, bir necha bor qayta ishlandi, normativ darslik va qo‘llanmalar yozilib, o‘zbek tili lug‘aviy, morfologik va sintaktik jihatdan muayyan qoidalarga bo‘ysindirildi.
O‘zbek adabiy tilini ongli ishlash va uning normalarini takomillashtirishda 1920-1940 yillarda ijod qilgan yetakchi o‘zbek yozuvchilari, jurnalistlar, olimlar, ayniqsa, tilshunoslarning hissalari katta.
Hozirgi kunda o‘zbek adabiy tili boy lug‘aviy imkoniyatga ega bo‘lgan, shu tilda gaplashuvchi kishilarning so‘zlashish va yozish ehtiyojlari uchun to‘la javob bera oladigan, fonetik, leksik va grammatik jihatdan ishlangan, takomillashgan til sifatida o‘z mavqeiga ega.
1976 yil nashr etilgan «Imlo lug‘at»i va 1981 yil nashr etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘at» ida 60000 so‘z berilgan.
Ba’zi olimlarning fikricha hozirgi o‘zbek adabiy tilida 100000 atrofida so‘z mavjud. Bu holat o‘zbek adabiy tilini boy lug‘aviy fondga ega bo‘lgan, unda fikr ifodalash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan til ekanligidan dalolat beradi. Adabiy til keng jabhalarda qo‘llanilganidek, badiiy matnlarni ham adabiy tilsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Badiiy matnlar adabiyot tilni rivojlantiruvchi nutqiy ko‘rinishdir. Tilshunoslikka oid adabiyotlarda til va nutq atamalari doimiy ravishda bir-birining o‘rnida qo‘llanib kelingan. Shunga ko‘ra badiiy adabiyotdagi tilga nisbatan badiy adabiyot tili atamasi qo‘llanilib kelmoqda. Endilikda badiiy adabiyot tili atamasini qo‘llash masalasini ham o‘ylab ko‘rish lozim bo‘ladi. Chunki badiiy adabiyotdagi til aslida adabiy tilning, keng ma’noda, umumxalq tilining o‘zi.
Shu tilning badiiy nutqda aks etishi, shunday ekan badiiy matndagi tilni umumxalq tilining shu nutqda reallashuvi sifatida baholash kerak.
Ma’lumki, tilshunoslikda til va nutq jarayonlarini farqlash va ularni izohlash uzoq tarixga ega.
Jumladan, V. fon Gumbold, G. Shteyntal, F. de Sosyur tadqiqotlarida til va nutq farqlangan va alohida ta’riflangan.
F. de Sosyur til tushunchasi nutq tushunchasi bilan mutlaqo teng emasligini ta’kidlar ekan, tilni (langve), nutqni (parole) alohida ajratgan.
Tilshunos A. Rosetti so‘z umumiy ma’nosiga ko‘ra tilga, xususiy ma’nosiga ko‘ra nutqqa xosdir deb qaraydi. Polyak tilshunosi V. Dorashevskiy ham so‘zda yakka va umumiy ma’no mavjud deb, umumiy ma’no, tildagi ma’no, yakka ma’no, nutqdagi ma’no deb hisoblaydi.
Shvetsariyalik tilshunos Sharl Balli ham «Til boyligi» bo‘lgan so‘z haqida alohida, uning nutqda qo‘llanilishi haqida alohida fikr yuritadi.
Til va nutq masalalarini bunday farqlashda ularning moddiy va psixik hodisa ekanligi asosga olingan.
Fransuz tilshunosi A. Meyye Hind-Yevropa tillarining qiyosiy tahlilidan kelib chiqib, tilni kishi psixologiyasiga oid hodisa deb qaraydi. Arman tilshunosi E.B. Agoyan til kishiga boshqa kishilar bilan aloqa qilish imkonini beradigan ichki qobiliyat ekanligini aytib, Meyyening fikriga qo‘shiladi.
O‘zbek tilshunosligida til va nutq masalalarini farqlash prof.S.Umonov, Sh. Rahmatullayev, H. Ne’matov tadqiqotlarida ko‘zga tashlanadi.
Chunonchi, prof.S.Usmonov fikricha til psixik material, ya’ni so‘zlarning xotiradagi obrazi, nutq esa moddiy materialdir. U nutqning moddiy materialligini shunday izohlaydi: yog‘och stol yasash uchun material bo‘lganidek, til ham nutq uchun materialdir («O‘zbek tili va adabiyoti», 1970, №2, 19 bet).
Darhaqiqat, til funksional jihatiga ko‘ra ham nutqdan farqlanadi. Til materiallari nomlaydi, aloqa-aralashuv vazifsini bajaradi. Til materiallari nutq jarayoniga ko‘chgandagina, turli vazifalarni (badiiy nutq-esettik ta’sir etish, ilmiy nutq ilmiy axborot berish) bajaradi.
Shuningdek, til birliklari, tayyor, reallashmagan birliklar, ular fikr emas. Ular nutqqa ko‘chgandagina fikr ifodalaydi. Shunga ko‘ra til va nutq birliklari o‘zaro quyidagicha farqlanadi:
Til birliklari insonning aloqa-aralashuv ehtiyojlarini qondira olish imkoniyatiga ega bo‘lgan boylik, nutq birliklari shu boylikdan foydalanishdagi imkoniyatdir.
Til birliklari ma’no ifodalashga mo‘ljallangan birliklar, nutq birliklari fikr ifodalovchi vositadir.
Til birliklari tayyor birliklar, nutq birliklari shu birliklarining nutqda reallashuvidir.
Fikr ifodalash jihatidan til birliklari mavhum, nutq birliklari aniq birliklardir. Shu nuqtai nazardan badiiy matnga yondoshadigan bo‘lsak, badiiy matn adabiy tilni, shu jumladan, umumxalq tilini reallashuvini ta’minlaydigan nutq shaklidir.
Badiiy matn adabiy til bilan uzviy bog‘liq, shu bilan bir qatorda adabiy til tizimidagi vositalar bilan badiiy matndagi til vositalari orasida muayyan farqlanishlar mavjud. Badiiy matnda til vositalari birinchi navbatda shu nutq turining estetik ko‘lamdorligini ta’minlash vazifasini bajaradi. Adabiy til esa bunday imkoniyatga ega emas.
Adabiy tilning qo‘llanish jarayoni keng bo‘lsa, badiiy matnning lug‘aviy imkoniyati adabiy tilga nisbatan kengdir.
Adabiy til bilan badiiy matndagi til ma’lum umumiyliklarga ham ega. Binobarin, adabiy til umumxalq tiliga tayanadi. Badiiy matn ham adabiy tilga, ham umumxalq tiliga tayanadi.
Badiiy matn ham adabiy til uslublari tizimiga mansub bo‘lib, barcha davrlarda badiiy adabiyot uchun adabiy til va uning uslubiy ko‘rinishlaridan material sifatida foydalanib kelingan.
Shu bilan bir qatorda adabiy tilning rivojlanishi, uning lug‘aviy jihatdan boyishiga badiiy matnlarning muhim o‘rni bor. Chunki, badiiy matn orqali umumxalq tili o‘zining sayqallangan, saralangan, ko‘pchilikka ma’qul va tushunarli bo‘lgan ko‘rinishini namoyon etadi.
Adabiy til butun tarixiy taraqqiyoti jarayonida badiiy matnda erishilgan yutuqlarga tayanadi. Umumxalq tilining turli dialekt va shevalariga oid so‘zlar dastlab badiiy matnda aks etib, uning sayqallangan namunalari adabiy tilga o‘tadi.
Badiiy matn o‘ziga xos ifoda usuliga ega bo‘lgan matn turidir. Badiiy matndagi ifoda usulining rang-barangligi unda lug‘aviy vositalarning cheklanmagan miqdorda erkin qo‘llanilishini talab qiladi.
Badiiy matnning talabi shuki, so‘z unda faqat fikr ifodalab qolmaydi, balki obraz yaratuvchi, badiiylik mezoniga aylanuvchi vosita vazifasini bajaradi. Masalan, +oq o‘rtasidan katta soy o‘tgan ulkan qishloq, bir-biriga tutashib ketgan mevazor bog‘lar go‘yo beshafqat yong‘inda qolganday lovullab yonardi. +irmizrang o‘rikzorlar orasida nafis tillarang bedazorlar, hanuz ko‘m-ko‘k chinorlar kumushrang yaproqlari hali to‘kilib bitmagan oq teraklar ko‘zga tashlanar, buning hammasi kuz oftobining kumish nuriga cho‘milib, go‘yo ona bag‘riga erkalangan go‘dakday erkalanar edi. (O.Yoqubov, «Oqqushlar, oppoq qushlar»)
Ushbu matn go‘zal obrazli ifodalar bilan bezatilganligi, tasvirning serbo‘yoqligi, ta’sirchanligi bilan xarakterlanadi va badiiy matn sifatida qabul qilinadi. Unda bir qishloqning kuz faslidagi tasviri berilgan. Matn asosan kitobiy va umumiste’mol so‘zlaridan tuzilgan bo‘lib shevaga xos birgina qoq so‘zi qo‘llanilgan.
Matndagi lovullab yonardi birikmasidagi yonardi, nurga cho‘milib birikmasidagi cho‘milib so‘zlari qo‘llanilishi jihatidan xarakterlanadi. Undagi yonardi so‘zi asl «yonmoq» ma’nosida emas, balki ko‘chma ma’noda qo‘llanilib, kuz faslini, ushbu faslda daraxt barglarining qirmizi ranga kirib tovlanishini ifodalagan. Shu ifoda natijasida fikrning badiiyligi ta’minlanib, estetik ta’sirchanligi oshgan. Matnda fikrning serbo‘yoqligini ta’minlash uchun xizmat qiladigan go‘zal o‘xshatishlar, sifatlashlar mavjud. Jumladan, ulkan qishloq va undagi mevazor bog‘larning kuzdagi ko‘rinishi yonardi so‘zi orqali lovullab yonayotgan olovga o‘xshatilgan. Cho‘milib so‘zi esa badiiy-kitobiy so‘z bo‘lib, «burkanmoq» ma’nosida badiiy bo‘yoqdorlikni ta’minlagan.
Badiiy matnda so‘z ichki va tashqi ma’noga ega ekanligi bilan ham xarakterlanadi.
Masalan, /./ulomning «Sog‘inish» she’ridagi:
Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek,
Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh, misralaridagi zo‘r karvon, yetim bo‘ta so‘z birikmalariga diqqatni qaratadigan bo‘lsak, bu birikmalarning badiiy matndagi ahamiyati o‘z farzandini urushga jo‘natib, ertaga nima bo‘lishini bilolmay hayot tashvishlarini tortayotgan otaning iztiroblarini ifodalashidadir.
«Avesto» matnidan keltirilgan ushbu parchada esa yer va bug‘doy so‘zlari inson hayotida yer va bug‘doyni naqadar ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Spitamen Zaratushtra iloh Ahura Mazdadan so‘radi.
-Ey, Ahura Mazda!
Zaminni, hammadan ham baxtiyor qiluvchi zot kim!
Ahura Mazda javob berdi.
«Ey Zaratushtra!
Kimki uni yaxshilab haydasa va ziroatga tayyorlasa!
Ey Zaratushtra!
Kimki g‘alla eksa, u haqiqatni ekadi! «Avesto», Videvdot.
Non inson uchun eng muqaddas ne’mat, yer va non jahondagi birorta kitobda «Avesto»dagidek e’zozlanmagan. Bu holatni Ushbu matndagi yer va bug‘doy so‘zlarining qo‘llanilishi orqali kuzatish mumkin. Yoki «Tunyuquq» matnidan keltirilgan ushbu parchadagi.
Tabg‘ach haqoni dushmanimiz edi. O‘n o‘q hoqoni ham dushmanimiz edi. +irg‘izning qudratli hoqoni dushmanimiz bo‘ldi, o‘sha uch hoqon, shunday maslahat qilishibdi. Sharqqa, Turk hoqoniga lashkar tortaylik depti.
O‘sha gapni eshitib tunlari uyqum kelmas edi, kunduzlari o‘tirgim kelmas edi.
«Tunyuquq».
Uyqum, o‘tirgim (kelmas) so‘zlarining qo‘llanilishi Tunyuquqning vatanparvarligini, o‘z xalqi va vatani uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lgan inson ekanligini ko‘rsatadi.
Bu holatlar badiiy matnlarda so‘z qo‘llashning o‘ziga xos qonuniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Unda so‘zlar adabiy tildagidan farqli o‘laroq uslubiy imkoniyatlarni yaratadi, badiiy ta’sirchanlikni vujudga keltiradi. Shuning uchun badiiy adabiyot so‘z san’atining muhim turi sifatida talqin qilinadi.
Badiiy matnlar adabiy tilni boyituvchi manbalardan biridir. Zero, umumxalq tilidagi sheva va dialektlardagi so‘zlar badiiy matnlar orqali adabiy tilga o‘tadi. Masalan, yozuvchi Sh.Xolmirzayevning «So‘nggi bekat» romani nashr etilgandan keyin bekat so‘zi adabiy tilga kirib keldi. Yoki Ne’mat Aminovning «Suvarak», «Yelvizak» qissalaridan keyin suvarak, yelvizak so‘zlari keng miqyosda qo‘llanilib boshlandi.
Bundan tashqari badiiy matnlar tilda yangi so‘zlarni vujudga kelishidagi asosiy manbadir. Eng muhimi badiiy matnlarda uchraydigan yangi so‘zlar tilning ichki imkoniyati asosida vujudga keladi. Tilimizda uchraydigan qarindosh, vatandosh kabi so‘zlar asosida vujudga kelgan yurtdosh, o‘lkadosh, yelkadosh, qadamdosh, g‘ururdosh, kabi ko‘plab yangi yasamalarni shoir /./ulom she’riyatida uchratish mumkin. Bunday so‘zlar tilda okkazional so‘zlar hisoblanib, ularning ayrimlari adabiy tilga o‘tib ulgurgan. Yoki Aziz telegrammada Moskvaga yaxshi yetib kelganini xabarlabdi (U.Usmonov «Girdob»). Ular terakli shom quyoshida olovlangan keng yo‘l chetida yonma-yon ketishdi (Oybek «Oltin vodiydan shabadalar»), Abdullajaon bilan Obidjonning fojiasini Yana o‘ylab, ko‘ngli noxushlandi, Otaning rangi bo‘zarib, ko‘zlari olalandi. (H./ulom. «Mangulik»). Zebixon Nizomjoningni ko‘ngillabdi. (S.Ahmad.«Ufq») gaplaridagi xabarlabdi, olovlangan, noxushlandi, olalandi, ko‘ngillabdi kabi so‘zlar badiiy matnda vujudga kelgan yasamalar bo‘lib, bu turdagi so‘zlar adabiy til lug‘atiga o‘tishi va uni lug‘aviy jihatdan boyitishi shubhasizdir.
1926 yil chex germanisti Vilem Matezius hamda R.Yakobson tashabbusi bilan maydonga kelgan Praga lingvistik to‘garagi adabiy til, adabiy norma va til madaniyati masalalarini ilmiy-nazariy masala sifatida tahlil qilishni tilshunoslik fanining kun tartibiga qo‘ygan filologik maktabdir.
Praga lingvistik to‘garagi adabiy tilning rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi va adabiy tilga til usulblari nuqtai nazaridan yondoshishni taklif qildi.
Adabiy tilning shakllanishi va funksional xususiyatlari bilan aloqador bo‘lgan qonuniyatlarini o‘rganish Praga lingvistik to‘garagi a’zolarini adabiy norma bilan bog‘laydi. PLTning til madaniyati haqidagi ta’limoti adabiy til rivojiga ongli aralashuv bilan bog‘liq. Shu to‘garak a’zosi B.Gavranekning buyuk xizmatlaridan biri adabiy til bilan xalq tili normalari o‘rtasidagi farqni birinchi bo‘lib ko‘rsatib berdi. B.Gavrakek adabiy tilni ongli ishlash tufayli madaniylashtirilgan til vujudga kelishini ta’kidlaydi. Madaniylashtirilgan til-nutq madaniyati adabiy tilga nisbatan qo‘llanilib, uning markaziy tushunchasi til normasidir.
Norma deganda til vositalarining xalq o‘rtasida ko‘pchilik uchun tushunarli bo‘lgan, ma’qul variantini qo‘llash tushuniladi. YA’ni norma tilni tushunishdir. Norma asosan adabiy tilga nisbat berilgan holda tushuniladi. Normashunos olim V.A. Itskovich normaning tilning barcha yashash shakli uchun xosligini alohida ta’kidlaydi. Darhaqiqat, umumtil boyligi hisoblangan dialektizmlar, kasb-hunar so‘zlari hamma uchun tushunarli bo‘lmasa-da, muayyan hududda yashovchilar ham hamda ma’lum kasb-hunar egalari uchun tushunarlidir. Bu holat tor doiradagi ijtimoiy-guruhlar uchun normadir. Adabiy til normasi esa keng doiradagi umumxalq ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladigan normadir.
Shunga ko‘ra til normasini umumiy norma va xususiy norma kabi turlarga bo‘lish mumkin.
Umumiy norma adabiy tilga taalluqli bo‘lib, barcha nutq turlaridagi normalarning yig‘indisini ifoda etadi.
Xususiy norma umumiy normaning nutq ko‘rinishlaridagi shakli bo‘lib, o‘zbek dialektlari normasi, so‘zlashuv nutqi normasi, badiiy nutq normasi kabi bir qator shakllarda namoyon bo‘ladi.
Adabiy til normasi tabiiy shakllangan, ongli ishlangan normadir. Bu norma grammatik qoidalar asosida sayqallanib, darslik va qo‘llanmalarda, ilmiy asarlarda, lug‘atlarda mujassamlashtirilgan. Bu norma adabiy tilda so‘zlovchi va yozuvchi shaxslar, xullas, xalqning ongli vakili uchun o‘zlashtirilishi majburiy normadir. Adabiy tilni bunday normalashtirilishi uning umumxalqqa daxldorligi, hammaga bir xilligining natijasidir. Adabiy til normasi adabiy tilning barcha sohalari: tovush tizimi, so‘z qo‘llash, so‘z yasash, gap tuzish, so‘zlarni yozish kabilarga taalluqli. Shunga ko‘ra adabiy tilning normalari quyidagicha tasnif qilinadi: fonetik norma, orfografik norma, orfoepik norma, lug‘aviy norma, so‘z qo‘llash normalari, so‘z yasash normalari, morfologik norma, sintaktik norma, uslubiy norma, punktuatsion norma.
Adabiy norma adabiy tilning barcha nutqiy ko‘rinishlari uchun asos, shu bilan bir qatorda ayrim nutq ko‘rinishlarida adabiy normani chetlab o‘tish holatlari ham uchraydi. Ana shunday nutq turlaridan biri badiiy nutq bo‘lib, u adabiy til normasi bilan bir qatorda badiiy nutq normasiga tayanish asosida vujudga keladi.
Badiiy nutq nutqning boshqa turlariga nisbatan lingvistik jihatdan qamrovdor. Zero, ijodkor badiiy matn oldiga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqqan holda so‘z qo‘llashda erkin bo‘lganligi uchun badiiy matnlarda so‘z turli shakllarda, turli ma’nolarda qo‘llaniladi. Bu hol adabiy til normasini buzilishiga, badiiy normaning esa shakllanishiga imkon yaratadi. Badiiy nutq normasi faqat so‘zlarni qo‘llanilishi bilan emas, balki so‘z qo‘llashdagi mahorati bilan ham belgilanadi. Xullas, badiiy matnda turli nutq uslublariga xos bo‘lgan lug‘aviy-garammatik vositalarning qo‘llanilishi so‘zlarning turli ma’no xususiyatlaridan foydalanish nutqning shu turida normativ imkoniyatlar keng ekanligidan dalolat beradi.
K.S.Gorbachevich adabiy til normasiga eng avvalo taniqli yozuvchilarning so‘z qo‘llash mahoratini kuzatish, turli davrlarda yaratilgan asarlardagi til faktlarini taqqoslash orqali erishilishini ta’kidlaydi. Bu fikr adabiy normaning shakllanishida badiiy nutqning muhim o‘rni borligidan dalolat beradi. Muhimi shundaki, badiiy nutq adabiy normaga tavsiya beradi, biroq o‘zi shu normani chetlab o‘tadi.
Badiiy matn har qanday cheklanishdan xoli bo‘lgan matn bo‘lsa-da uch jihatdan adabiy normaga tayanadi. Grammatik jihatdan, ifodadagi fikrning izchil va aniqligi jihatidan va orfografik jihatdan.
Badiiy matnlarda adabiy normaning buzilishiga olib keladigan holatlar so‘zlarni turli shakllarda, turli ma’nolarda ishlatish, dialekt, shevaga xos so‘zlarni, turli ijtimoiy guruh nutqiga xos so‘zlarni, og‘zaki nutqqa xos bo‘lgan so‘kish va qarg‘ish ifodolovchi so‘zlarni, til uchun arxaik va tarixiy bo‘lgan so‘zlarni qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Shu bilan birgalikda, she’riy asarlarda vazn, turoq, qofiya, o‘lchov talabi bilan bog‘liq ravishda ko‘pgina so‘zlarning qisqartirilgan (gar, ila, chun, la) shaklda qo‘llanilishi ham adabiy norma talablariga mos kelmaydi. Biroq bu holatlar badiiy matn talablari natijasida vujudga keladi. Masalan, -O‘, pirim,- nola qildi saroybon. –O‘rusiyada o‘shal ishlar ro‘y berdi-yu, Puxoroda ham arining ini buzildi. (SH.Xolmirzayev. «Qil ko‘prik») gapidagi O‘rusiya, Puxoro, o‘shal so‘zlarining qo‘llanilishi adabiy til nuqtai nazaridan normaning buzilishi. Biroq bu so‘zlar orqali personojning saviyasi, jamiyatdagi o‘rni qaysi toifa kishisi ekanligi ifodalanganki badiiy matnning tub mohiyatini belgilovchi bu jarayonsiz badiiy adabiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Xullas, badiiy matn har bir xalqning turmush tarzini, xarakter xususiyatini, kechmishini, o‘y-xayollarini, butun borlig‘ini o‘zida mujassamlashtiradigan ifoda shakli bo‘lib, muayyan xalqning adabiy tiliga ham bevosita ta’sir etib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |