Omonimlar. Fonetik jihatdan, shaklan teng, ma’no jihatdan o‘zaro farqlanuvchi so‘zlar majmuasi omonimlardir. Masalan, ot (1 ish hayvoni; 2 ism, nom; 3 III shaxs buyruq fe’li) so‘zi omonim bo‘lib, bir qarashda ko‘p ma’noli (polisemantik) so‘zdek tuyuladi. Biroq polisemiyada so‘zlar o‘rtasidagi ma’no yaqinligi mavjud bo‘ladi: ishning ko‘zi, yog‘ochning ko‘zi, buloqning ko‘zi, uzukning ko‘zi, kabi.
O‘zbek tilida omonimlar turli ko‘rinishlarga ega.
Omonimlarning ikkinchi tipi omoformalar.
Omoformalarning omonimlardan farqi ular ko‘pincha boshqa-boshqa so‘z turkumlariga mansub bo‘ladi: olma (ot) - olma (III shaxs buyruq fe’li), qo‘y (uy hayvoni) - qo‘y (I shaxs buyruq fe’li) kabi.
Omonimlarning uchinchi tipi omofonlardir. Bular talaffuzi va eshitilishi bir xil, yozilishi va ma’nosi boshqaboshqa so‘zlardir: yetti (son) - yetdi (fe’l), yot (begona; III shaxs buyruq fe’li) - yod (xotira) kabi.
Omonimlarning to‘rtinchi tipi - omograflar bo‘lib, ular yozilishi bir xil, biroq talaffuzi, eshitilishi va ma’nosi boshqaboshqa so‘zlardir: tok (uzum)- tok (elektr quvvati), tur (xil, nav; III shaxs buyruq fe’li)- tur (davra, ikkinchi tur futbol musobaqalari boshlandi kabi).
Yuqorida sanab o‘tilgan omonimlar va ularning tiplari orasidagi farqlar nutq jarayonida yoki matnda reallashadi, ular tilda yolg‘iz holda deyarli uchramaydi.
Shu o‘rnida ta’kidlash kerakki, yozuv va birikmalarning ham teng kelishi, o‘xshash bo‘lishi omonimlarning doirasini kengaytiradi:
Inson bo‘lib qidirmadim yengil turmush va tanga,
Kuchquvvatim ham hayotim - bor imkonim Vatanga.
Vatan desam umrim uzoq, hayot porloq ko‘rinur,
Chunki Vatan sevgisidan kuchquvvat jon va tanga.
Deydilarki, kungaboqar,
Umr bo‘yi kunga boqar.
Berdim senga olmani,
Olma dedi: Ol, mani.
Gar olmasang olmani,
Olmanimas, ol, mani (A.O.)
Nutqda omofonlarni bunday ishlatish orqali so‘z o‘yinlari hosil qilinadi. Bunda so‘zmi, so‘z birikmasimi, ularning matndagi har galgi takrori muhim. Sababi bu holat so‘z o‘yini, askiya va qochiriqlarda juda qo‘l keladi. Masalan: Bir yosh yigit iste’dodli shoir oldiga kelib yozuvchilik da’vo qila boshlaydi:
-Men ko‘p vaqtlardan beri adabiy ishlar bilan shug‘ullanib kelayotirman. Istardimki, men yozgan asarlar ham nashr qilinsa.
- Siz nozimmi yoki nosir? - so‘rabdi shoir diqqat bilan uning so‘zlarini eshitgach.
Yigit yelkasini qisib javob beribdi:
-Nozim ham, Nosir ham emasman, mening nomim Karimjon («O‘zbekiston madaniyati» dan).
Bu o‘rinda adabiyotdan butunlay xabarsiz kishining qiyin ahvolga tushib qolishi (nozim -nazm, nosir-nazm -adabiy termin (poeziya va proza); uning omonimlari - Nozim, Nosir - atoqli ot) latifa muallifi tomonidan mohirona ochib berilgan.
Omonimlardan xalq og‘zaki ijodiyotida, badiiy adabiyotda maxsus janr - tuyuq tuzishda keng foydalaniladi:
qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,
Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot,
Nasihatim yod qilib ol, farzandim,
Yolg‘iz yursa chang chiqarmas yaxshi ot (F.)
Do'stlaringiz bilan baham: |