Xozirgi kundagi iqlim o’zgarishi
Ma’lumki, iqlimning o‘zgarib borishi va uning atrof-muhitga ta’siri XXI asrning eng asosiy muammolaridan biri bo‘lib insoniyat oldida turgan jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Bunda antropogen holatning faol ta’siri ostida tuproq qatlami va biologik xilma-xillikni saqlab qolish muhim ahamiyatga ega.
Tabiiy iqlim o‘zgarishlarini bilish inson faoliyati tufayli kechadigan iqlim o‘zgarishi jarayonlarini chuqur anglab yetishga imkon beradi.
Global harorat haqidagi sistematik kuzatish ma’lumotlari 1860-yil bilan chegaralanadi. Ular quruqlik yuzasida havo haroratini o‘lchash natijasida hamda dengiz yuzasi haroratini o‘lchash asosida olingan ma’lumotlarni qamrab oladi. Qadimgi iqlimiy sharoitlarni tiklash iqlimiy modellar asosida tuzilgan prognozlar uchun solishtirish mezoni sifatida xizmat qilishi mumkin. Muzlik davri iqlimini modellashtirish asosida “oldindan aytish” ni
paleoklimatologik ma’lumotlar bilan solishtirish kelajakdagi iqlim o‘zgarishlariga taalluqli bo‘lgan va modellar asosida tuzilgan jarayonlarni ma’lum darajada tekshirishga imkon beradi. Hozirgi kunda yuqorida ko‘rib chiqilgan iqlimiy omillar asosida kuzatilayotgan iqlimiy o‘zgarishlar sabablarini tushuntirib beruvchi qator nazariyalar mavjud. Yerning geologik tarixi davomida butun Yer tabiati bilan birgalikda atmosfera tarkibi, uning massasi o‘zgargan, shu bilan birga materiklarning shakllari tog‘ sistemalarining konfiguratsiyasi va balandliklari quruqlik va okeanlar maydonlari ham o‘zgarib turgan. Quyosh yorituvchanligi, Yer orbitasi ekssentrisitetining tebranishlari va ekliptika tekisligiga nisbatan Yerning aylanish o‘qi qiyaligining o‘zgarishlari kuzatilgan. Shu bilan birga Yerning aylanish tezligi ham sekinlashgan. Oqibatda, bu holat, issiqlik almashinuvi, namlik almashinuvi va atmosfera sirkulyatsiyasi hamda iqlimning geografik omillarining o‘zgarishiga olib kelgan. Bularning barchasi Yerda iqlimning ko‘p karra o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Ko‘plab tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, insoniyat sivilizatsiyasining gullagan vaqtidan buyon global harorat 1°C dan kamroq qiymatga o‘zgargan. Oxirgi yuz ming yillik davomida ekstremal va ba’zan tez ro‘y bergan iqlimiy tebranishlarga nisbatan bizning iqlimni osoyishta deb atash mumkin.
Hozirgi zamon fan-texnika taraqqiyoti, shuningdek, tabiatga antropologik (insonning bevosita qatnashishi) ta’sir etishning tobora kuchayishi natijasida tabiiy omillarning o‘zaro bog‘lanishi ma’lum darajada muvozanatdan chiqmoqda, bu esa yer yuzida hayotiy jihatdan risoladagidek kechishiga xavf solmoqda. Shu boisdan tabiiy muhitni asrash muammolari ko‘p jihatdan ekologik tadqiqotlar bilan bog‘lanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |