O`zbekistonda bioxilmaxillik
Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, ularni boshqarish va butligini saqlash hamda samarali faoliyat yuritishini ta’minlash dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Chunonchi 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilindi va u bir yil o‘tib, xalqaro hujjat sifatida kuchga kirdi. Ko‘plab muhim vazifalar belgilab berilgan mazkur Konvensiya bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Shu munosabat bilan har yili 22 may — Xalqaro biologik xilma-xillik kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda barqaror rivojlanish uchun biologik xilma-xillikni saqlab qolishning o‘ta muhimliga alohida ahamiyat bergani holda bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarga, shu jumladan, 1995 yilda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shildi va respublika hukumati tomonidan O‘zbekiston Respublikasida Biologik xilma-xillikni saqlab qolish bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatga asosan mamlakat umumiy yer maydonining 10 foizini muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toifasiga kiritish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklashga katta e’tibor qaratilib, uning zarur tashkiliy-huquqiy bazasi yaratildi. Konstitutsiyamizda yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, sohaga doir bir qator qonunlar qabul qilindi.
Bugun yurtdoshlarimiz Vatanimizning betakror nabotot va hayvonot olami bilan haqli ravishda faxrlanadi. Diyorimizga tashrif buyuradigan sayyohlar ham yurtimizning azim tog‘lar, cho‘llar, suv havzalari, to‘qayzorlar, bog‘u rog‘lar, boshqa madaniy ekotizimlar, ularda uchrovchi barcha tirik organizmlar majmuidan tarkib topgan bioxilma-xilligi o‘ziga xos hamda noyob ekanligini hamisha e’tirof etadi.
Ona-tabiatimizni har tomonlama himoya qilish — ekologik barqarorlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Shunday ekan, respublikamizda biologik xilma-xillik ob’yektlarini asrab-avaylash o‘simlik va hayvonot dunyosi, ular yashaydigan muhitni kompleks muhofaza qilish, shunga mo‘ljallangan hududlarni kengaytirish, yangilarini bunyod etish va ularning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qancha yumushlar amalga oshirilayapti.
Bu borada hukumatimiz tomonidan qabul qilingan biologik xilma-xillikni saqlab qolish bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yangidan tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish, bunday hududlarda faoliyat yuritishning iqtisodiy mexanizmlarini xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda olib borish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish va unga ziyon yetkazmasdan foydalanishda keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kabi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Ularning ijrosi doimiy diqqat-e’tiborda.
Biologik xilma-xillikni saqlab qolish aynan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda to‘laqonli amalga oshirilishini e’tirof etgan holda, hukumatimiz tomonidan mazkur hududlar maydonini kengaytirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonuni mazkur hududlarni tashkil etish, boshqarish va kengaytirish bilan bog‘liq huquqiy asoslarni belgilab beradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimiga 8 ta davlat qo‘riqxonalari, 1 ta davlat biosfera rezervati, 2 ta tabiat milliy bog‘i, 10 ta davlat buyurtma qo‘riqxonalari, 6 ta tabiat yodgorliklari, 3 ta yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar, respublika hududidan oqib o‘tuvchi 8 ta daryolarining suvini muhofaza qilish zonalari, respublika hududida joylashgan xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq joylari ro‘yxatga kiritilgan 2 ta (Dengizko‘l va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi) ko‘llar kiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “Baday-to‘qay” davlat qo‘riqxonasi negizida “Quyi-Amudaryo” davlat biosfera rezervati tashkil etildi. Biosfera rezervatining vazifasi rezervat hududidagi tabiiy landshaftlarni, fauna va floraning yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarini hamda hududga xos boshqa tabiiy ob’yektlarini saqlab qolish, qayta tiklash, ekologik holatini yaxshilash, tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni va aholining ijtimoiy farovonligini ta’minlash, tabiat jarayonlarini o‘rganish, ekologik ta’lim va tarbiyaning rivojlanishiga yordam ko‘rsatishdan iborat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 15700 ga yaqin hayvon, 4500 ta oliy navli o‘simlik turi uchraydi. Muhofaza qilinadigan hududlar ularni saqlash, qayta tiklash va foydalanishda ayni muddaodir. Shuning uchun ham bu kabi makonlarni yanada kengaytirishning ahamiyati katta.
Respublikamizda tabiiy fauna turlarini maxsus ko‘paytirishga ham bioxilma-xillikni ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratiladi. O‘z navbatida, diyorimiz o‘simlik olami noyobligi, shifobaxshligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning aniqlashicha, yurtimiz florasi tarkibidagi turlarning 700 tasi efir saqlovchi hisoblanadi, 100 tasi zamonaviy tibbiyotda, 1500 tasi esa xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. Demak, ularni sun’iy usulda yetishtirish ko‘lami kengayib borayotgani quvonarlidir. Bugun davlat va xususiy tadbirkorlik tizimidagi bir qator sub’yektlar ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani fikrimizga misoldir. Bu boradagi ishlarni yanada izchil davom ettirish biologik ne’matlar, tabiiy muvozanatni saqlash, ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy samaradorlikka xizmat qilishi, shubhasiz.
Kezi kelganda, shuni ham qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda turli tabiiy va antropogen omillar tufayli dunyoda qurg‘oqchilik, cho‘llanish, degradatsiya kabi muammolar kuzatilayotir. Oqibatda hayvonot va nabotot turlari soni kamaymoqda, yashash muhitlaridagi ahvol yanada keskinlashib, bioxilma-xillikka putur yetayotir. Mazkur vaziyat, albatta, yovvoyi turlar muhofazasini yanada takomillashtirish, mutaxassislar, keng jamoatchilikning mas’uliyatini kuchaytirishni taqozo etadi. O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga (2009 yilda chop etilgan) 324 turdagi noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simliklar va zamburug‘lar, 184 turdagi hayvonlar kiritilgan. O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ularning yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolganlarini saqlab qolish hamda ko‘paytirishdek davrimiz uchun o‘ta dolzarb muammolarni hal etishda O‘zbekistonda qo‘riqxonalar, buyurtmaxonalar va Milliy bog‘lar alohida o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston ekologik harakati, uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlari guruhi, parlament quyi palatasidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari bu boradagi ishlarga hissa qo‘shishni o‘zlari uchun ustuvor vazifa, deb biladi.
Ayni paytda deputatlar tomonidan sohaga oid qonunchilik normalarini yanada takomillashtirish ustida ishlar olib borilmoqda. Ularning ijrosi nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganilayapti. Hujjatlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, zarur huquqiy mexanizmlarni yanada maromiga yetkazishga oid taklif-tavsiyalar ishlab chiqilayapti, qarorlar qabul qilinmoqda. Olimlar, amaliyotchi ekspertlar, ekologlar, huquqshunoslar, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda, bir qator ishchi guruhlari tashkil qilindi. Ularda tabiatni asrab-avaylash va ekologiyaga oid ko‘plab huquqiy hujjatlar, jumladan, amaldagi qonunlarni yanada maromiga yetkazish ustida izlanishlar davom ettirilayapti. O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunlari yangi tahrirda qabul qilindi.
Bugungi kunda respublikamizdagi ayrim viloyatlarning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida davlat kadastrini yuritish sifatini yaxshilash lozimligini ham qayd etib o‘tish joiz. Qolaversa, sohada ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish davr talabidir.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda biologik xilma-xillikni asrashga qaratilgan ezgu amallar atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini chuqur qaror toptirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etyapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |