Misr va Gresiya. Qadimgi misrliklar bir necha yillar davomida asta-sekin turli sohalarda ilmiy ma’lumotlar toplay boshlagan. Ular ba’zi bir figuralarning yuzalarini, ba’zi masalalarining yechish usullarini ham bilishar edilar. Biroq, fan sifatidagi geometriya hali ularda mavjud emas edi. Ularda o’zaro bog’lanmagan, tartibsiz holdagi juda ko’p qoidalar mavjud. Bunday qoida, masalalarni yechish usullari ko’proq ruhoniylar qo’lida bo’lib, ular buni ommadan sir tutar edi.
Qadimgi Misr shohlari boshqa davlatlar bilan tinimsiz urushlar olib borar, bu esa shubhasiz Misr davlati ekonomikasini kuchsizlantirishga olib kelar edi. Tarixda Misrni boshqa kuchliroq davlatlar bosib olgan, Misrning fan va madaniyatini tushkunlikka uchratgan davlatlar ham mavjud.
Misr va Gresiya davlatlari vujudga kelgan paytda ular orasida savdo-sotiq ishlari juda yaxshi yo’lga qo’yilgan edi. Gresiyalik savdogarlar Misrga turli-tuman buyumlar olib borib sotar, Misrdan esa o’zlarining katta taassurotlari bilan qaytib, ular haqida o’z yurtlarida hikoya qilib berar edilar. Keyinchalik savdogarlar bilan Misrga olimlar ham safar qiladigan, ularning turli fanlar sohasidagi yutuqlarini o’rganib, o’z yurtlarida uni ommalashtiradigan bo’lishdi. Ana shunday olimlardan biri miletlik Fales edi. Greklar misrliklarning matematika va fanining boshqa sohalaridagi bilimlarini shundayligicha qabul qilishmadi, balki ularda uchraydigan kamchiliklarni to’g’irlashdi, natijada geometriya rivojlanib bordi. Bundan tahminan 2500 yil ilgari Gresiyada geometriya matematik fan ko’rinishiga keldi.
Gresiyada geometriya. Eramizdan oldingi VII asr o’rtalarida Kichik Osiyoning g’arbiy chegaralari Gresiyaga qarar edi. Uning o’rta qismi Ioniya deb atalar, Ioniyada boshqa mamlakatlar bilan savdo-sotiq ishlarini olib boruvchi katta-katta shaharlar juda ko’p edi. Shunday shaharlardan biri Miletda yuqorida nomi tilga olingan Fales yashagan. Fales Gresiya fanining asoschisi hisoblanadi. U Misrga sayohat qilgan va u yerda turli fanlar bilan tanishgan. Falesni ko’proq geometriya qiziqtirgan. U Ioniya maktabini asoschisi hisoblanadi. Fales geometriyaga tegishli juda ko;p kashfiyotlar qilgan (ular haqida quyida hikoya qilamiz). Fales maktabi faqat matematik fanlarni sistemalashtirib qolmay, balki Gresiyada fanining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Eramizdan oldingi VI asrda matematik ijodlar markazi Ioniyadan janubiy Italiyaga ko’chdi. Bu maktabga mashhur Pifagor (tahminan eramizdan oldingi 570-500y.y) rahbarlik qilar edi. Pifagor maktabida nazriy arifmetika, algebra hamda geometriya bilan shug’ullanishar edi.Shunday qilib, Gresiyada eramizdan oldingi VI-V asrlarda geometriya ancha rivojlangan edi. Eramizdan oldingi V asrda xioslik Gippokrat geometriyada to’plangan barcha faktlarni bitta kitobda bayon etishga urinib ko’rdi. Uning bu asari bizgacha yetib kelmagan. Gippokratning ana shunday asar yozganligini undan keyin yashagan qadimgi Gresiya olimlari Arxit, Platon, Yevdoks va Menexmlarining geometriyaga oid asarlaridan bilamiz.Gippokratdan ikki asr keyin eramizdan oldingi III asrda Yevklid geometriyaga doir barcha fanlarni to’plab, uni mustaqil matematik fan sifatida bayon etdi. O’z asarini “Negizlar” deb atadi. Yevklid o’z asarini bayon etishda asos qilib ba’zi jumlalar-aksiomalarni oldi va ulardan mantiqiy yo’l bilan teoremalarni keltirib chiqardi. Yevklidning bu asari 1500 yil davomida Gresiyada va boshqa mamlakatlarda qo’lda yozilib, o’rganilib kelindi. Yevkliddan so’ng yashagan olimlar uning “Negizlar”iga ba’zi temalarni qo’shib, ba’zi aniqliklar kiritdi. Asosiy material o’zgarishsiz qoldi. Shu sababli ham biz o’rta maktabda o’rganadigan geometriya Yevklid geometriyasi deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |