5. Huquqiy va iqtisodiy fantomlarning manbalari
Real hayotda ne'mat(boylik)ni qanday - tovar, kapital, mulkiy munosabatlar vositasi (1.2-ma'ruzada keltirilgan) - sifatda va atributlarda namoyon bo'lishidan qat'iy nazar, instinktiv nafs omili yetakchiligida sotsiumda ongli ravishda nafli (o'zi uchun manfaatli, foydali) faoliyat hisobiga hayot ko'ruvchi mulkdor inson oliy hazratlari (NM) uchun huquqiy va iqtisodiy nuqtai nazarlardan ne'mat(boylik va unga bo'lgan huquqlar) uning hayot siklidagi har bir davrida “qanchalik nafli va foydali ekanligi?”, undan “qanchalik manfaatdor bo'lish mumkin?” degan savollar hamisha dolzarb bo'lgan.
Bu savollarga javob topish uchun ne'mat(boylik)ni huquqiy va iqtisodiy fantomlarning turli manbalarini bilish muhim ahamiyatga ega. Zero, aniqlangan manbalarga NM tomonidan ta'sir etish asosida huquqiy va iqtisodiy fantomlar ekvivalentligini ta'minlash, ularni samarali boshqarish va bunda zaruriy investitsion qarorlar qabul qilish masalalari yechimiga erishish imkoniyati vujudga keladi.
“Ne'mat-fantom-mulkdor” triadasi g’oyasining mazmunini (1.1-ma'ruzaga qarang) sxematik shaklda 1.1.1-rasmda ifodalanganidek tasvirlash asosida huquqiy va iqtisodiy fantomlarning quyidagi manbalarini ko'rish mumkin.
Sxematik modelga (1.1.1-rasm) ko'ra, ne'mat, huquqiy va iqtisodiy fantomlar vujudga kelishining umumiy manbai NM bo'lsada, lekin bularning barchasini umumiy sababchisi nafs omilidir. Bu fikr quyidagicha (1.1-ma'ruza) izohlanishi mumkin.
Falsafiy nuqtai nazardan, yorug’ dunyoda nafsga bo'ysunmasdan yashaydigan, maqsadli orzu-havassiz, nafli ne'mat qo’shish-istagisiz mulkdor insonning o'zi bo'lmagan! Chunki, bu dunyoning jonli va jonsiz materiyasi benafs yaratilmagan, ularning nafsi bir-biriga bog’liq yaratilgan!
Inson nafsi nazariga vaqtinchalik tushmagan yoki undan yiroq ne'mat mulkdor nafi uchun mazmunga ega bo'lmagan hech qanday fantomsiz materiyaligicha qolaveradi. Bu fantomlar faqat inson nafsiga asoslangan nafli mulkiy munosabatlar muhiti mavjud bo'lganidagina ma'noga ega bo'lib, ular o'z bazisidan (konkret shakl va mazmundagi mulkiy huquq sifatidagi ne'matdan, boylikdan, qimmat, qiymat va narx kategoriyalaridan) alohida mavjud emas.
Umuman olgan, yuqorida aytilganlarni hayotiy-falsafiy aksioma deb qabul qilish mumkin.
Aytilgan fikr hamda 1- va 2-mavzularda va 3.1-3.3-ma'ruzalarda berilgan materiallar asosida, huquqiy va iqtisodiy fantomlarning quyidagi manbalarni ajratib ko'rsatish mumkin:
1) sababiy (yetaklovchi) manbasi - NM nafsi va uning hosilalari bo'lmish naf, manfaat, foydalilik;
2) umumiy manbasi - NM (qisqacha - mulkdor);
3) vositaviy (instrumental) manbasi - ne'mat (boylik va unga bo'lgan turli huquqlar);
4) funksional manbalari - tovar, kapital va mulkiy munosabatlar vositasi funktsiyalarni bajaruvchi manba sifatida;
5) institutsional manbalari - mulk bozori va uning institutlari, mulk qiymatini baholash xizmatlari bozori va uning institutlari, mulkchilik tizimi va uning institutlari;
6) ta'minot manbalari - ijtimoiy, huquqiy, axborotiy, iqtisodiy ta'minot turlari;
7) ilmiy-metodologik manbalari:
- soha (bu soha o'z ichiga quyidagilarni oladi: mulk va unga bo'lgan huquqlar, mulkiy munosabatlar va mulkchilik tizimi, bundagi mulk bozori va mulk qiymatini baholash xizmatlari bozori hamda mazkur bozorlardagi faoliyatlar va h.k.) to'g’risidagi atama, ta'rif va tushunchalar majmuasi (terminologik apparat).;
- soha bo'yicha jamlangan bilimlar;
- soha bo'yicha yangi bilimlarga ega bo'lish va ularni sohaga oid muammo va masalalar yechimiga qo'llash metodologiyasi (bir-biri bilan kelishtirilgan yondashuv, usul, uslub, yo'sinlar majmuasi).
Xulosa sifatida aytish mumkinki, yuqorida sanab o'tilgan manbalar samaradorligini mulkiy tizimda ta'minlash “ne'mat-fantom-mulkdor” triadasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi rolini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |