3. Investitsiyalarni loyihaviy moliyalashtirishning parallel va ketma-ketlik usullari
Loyihaviy moliyalashtirishni jahon amaliyoti tajribasidan kelib chiqqan holda moliyalashtirish tartibiga (Arxitekturasi bo‘yicha) qarab ikki turga bo‘lish mumkin:
- parallel moliyalashtirish;
- ketma-ketlik moliyalashtirish.
Birinchi tur moliyalashtirish, odatda, hamkorlikdagi moliyalashtirish, deb ham ataladi, ya’ni bir nechta kredit muassasalari investitsiya loyihasining amaliyotga tatbiqi uchun qarz mablag‘larini ajratadi. Bu bir tomondan banklarga beradigan kredit summalarining me’yoriy chegarasiga rioya qilishiga imkoniyat bersa, ikkinchi tomondan o‘z kredit risklarini kamaytiradi. Amaliyotda hamkorlikdagi moliyalashtirishning ikki shakli qo‘llaniladi:
Mustaqil parallel moliyalashtirish, ya’ni har bir bank qarzdor bilan kredit shartnomasini tuzadi va investitsiya loyihasining o‘ziga tegishli qismini moliyalashtiradi.
Hamkorlikdagi moliyalashtirish, ya’ni kreditorlar yagona sindikat (konsorsium)ga birlashadi; yagona kredit shartnomasi tuziladi; sindikat (konsorsium)ni shakllantirishni, kredit shartnomasini imzolashni menedjer - bank amalga oshiradi; kelgusida kredit shartnomasining amalga oshirilishi ustidan nazorat va zarur hisob kitob operatsiyalarini sindikat (konsorsium) tarkibiga kiruvchi maxsus agent-bank amalga oshiradi va buning evaziga komission haq oladi.
Bugungi kunda loyihaviy moliyalashtirishning ikkinchi turi keng tarqalgandir. Loyihaviy moliyalashtirishning bosqichma-bosqich moliyalashtirish turi yirik nufuzli bankning ishtirokida amalga oshiriladi. Bunday nufuzli birinchi toifali tijorat banklari investitsiiya loyihalarini ekspertizasi bo‘yicha tajribali mutaxasislarning mavjudligi, kreditlash imkoniyatining yuqoriligi sababli loyihalarni kreditlash uchun katta miqdorda arizalar olishadi. Lekin bu yirik tijorat banklari har doim ham barcha loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi yoki bu holat ularning balansiga salbiy ta’sir etishi mumkin.
SHuning uchun ham ko‘p hollarda bunday banklar loyihalarni kreditlash jarayonining tashabbuskori vazifasini bajaradi. Korxonaga qarz berilgandan so‘ng tashabbuskor - bank konsessiya shartnomasi bo‘yicha qarzdorga nisbatan o‘z talablarini boshqa kreditorga uzatadi. Investitsiya loyihasini baholagani, kredit shartnomasini ishlab chiqqani va qarz bergani uchun tashabbuskor - bank kommission haq oladi. Bu qayd qilingan loyihaviy moliyalashtirish turlarida asosiy rol tashabbuskor - bank sifatida ishtirok etuvchi yirik tijorat banki va halqaro moliyaviy institutlar zimmasiga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi davrlarda “loyiha obligatsiyalari” deb nomlanuvchi qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqaruvchi va joylashtiruvchi moliyaviy kompaniya va banklar ham loyihaviy moliyalashtirishning asosiy ishtirokchilariga aylangan. Dastlabki vaqtlarda bunday obligatsiyalarni muomalaga chiqarish investitsiya loyihalarini boshlang‘ich davridan moliyalashtirish uchun emas, balki bankdan olingan loyihaviy kreditni qayta moliyalashtirish maqsadida amalga oshirilar edi. 1990 yillarning o‘rtalaridan bu obligatsiyalar investitsiya loyihalarini boshlang‘ich davridan moliyalashtirish uchun muommalaga chiqarilmoqda.
Rivojlanayotgan davlatlarda loyihaviy moliyalashtirish o‘z xususiyatiga ega, ya’ni ko‘p hollarda ular konsessiya shartnomasiga asoslanadi. Bu shartnomanining mazmuni shundan iboratki konsessioner (loyihachi kompaniya) kelishilgan davr mobaynida (20, 30 va undan ortiq yillarga) investitsiya ob’ektini qurish, moliyalashtirish, boshqarish va xizmatini tashkil etish bilan bog‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. So‘ng ob’ekt davlatga (davlat korxonasi) topshiriladi. Konsessiya davrida konsessioner ob’ektdan foydalanib, daromad oladi, investitsiya loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha xarajatlarini qoplaydi. Loyihalarni moliyalashtirishning bunday usuli so‘ngi vaqtlarda sanoati rivojlangan davlatlarda ham ko‘p infratuzilmali loyihalarni moliyalashtirish sxemasining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |