3. Investitsiya loyihalarida risklarni tahlil qilish va baholash usullarining mazmuni, mohiyati va hisoblash tartibi
Amaliyotda investitsion risklarni baholashning bir qancha usullari mavjud bo‘lib, ulardan asosiylarini quyida keltirib o‘tamiz:
- Sezgirlik tahlili usuli;
- “Zararsizlik nuqtasi” ni aniqlash usuli;.
- Barqarorlikni tekshirish usuli;
- Matematik usullar (o‘rtacha kvadratik chetlanish, dispersiya va variatsiya);
- “Qarorlar daraxti” barpo etilishi usuli;
- Ssenariylar usuli;
- Monte-Karlo usuli.
1. Sezgirlik tahlili usuli. Loyiha sezgirligi tahlilida loyiha ko‘rsatkichlaridan (parametrlaridan) biri o‘zgarganda, loyiha samaradorligi (NPV yoki IRR) qay darajada o‘zgarishiga miqdoriy baho berishda qo‘llaniladi. Sezgirlik tahlilini investitsiya loyihalari natijalariga sezilarli darajada ta’sir etuvchi omillarni aniqlash va ularni taqqoslash tahlili uchun o‘tkazish tavsiya etiladi. Sezgirlik tahlili miqdoriy tahlil bo‘lib, u loyihaning dastlabki parametrini barqarorlik va kritik ifodasini aniqlab berishda yordam beradi. Ushbu usulni qo‘llaganda, risk deb loyihaning samaradorlik ko‘rsatkichlarining (ya’ni, sof foyda, NPV, IRR, PI, PP va h.k.larning) loyihaning dastlabki shart-sharoitlarini o‘zgarishiga bo‘lgan sezgirlik darajasi tushuniladi. Bu erda dastlabki shart-sharoitlarning o‘zgarishi deganda, misol uchun, soliq stavkalari, narh-navo, mahsulot hajmi, harajatlar darajasi va boshqalarning o‘zgarishi tushuniladi. Qanchalik loyihaning samaradorlik ko‘rsatkichlari dastlabki shart-sharoitlar o‘zgarishiga qarab keskin o‘zgarsa, shunchalik loyiha yuqori riskli hisoblanadi.
Loyiha sezgirligi tahlili quyidagi tartibda olib boriladi:
- investitsiya loyihasining asosiy parametrlarining (ya’ni sotish hajmi, sotish bahosi, ishlab chiqarish harajatlari va h.k.) bazaviy qiymatlarini aniqlash;
- shu qiymatlar asosida loyiha samaradorligini hisob-kitobini amalga oshirib, ularni NPVo yoki IRRo deb belgilash;
- loyiha samaradorligiga eng ko‘p ta’sir etuvchi, uning asosida loyiha sezgirligini tahlil qilinuvchi ko‘rsatkichlardan birini tanlash (NPV yoki IRR);
- samaradorlik ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash. Bunday omillar ikki guruxga bo‘linadi (ya’ni ular o‘zgaruvchan omillar deb ataladi):
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromad va harajatlarga ta’sir etuvchi omillar: sotish hajmi, mahsulot sotish bahosi, ishlab chiqarish harajatlari, investitsiya xajmi, qarz mablag‘lariga to‘lovlar va boshqalar.
- bilvosita ta’sir etuvchi omillar: qurilishning davomiyligi (muddati), ishlab chiqarish davrining davomiyligi, to‘lovlarning kechikishi, tayyor mahsulotni sotish muddati, inflyasiya darajasi, daromad solig‘i stavkasi va boshqalar.
- o‘zgaruvchan omillardan biri o‘zgarganda asosiy ko‘rsatkich qanchaga o‘zgarishini hisob-kitob qilish.
Xulosa kilib shuni aytish mumkinki, loyihaviy tahlilda sezgirlik tahlili loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash va noaniqlikni hisobga olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sezgirlik tahlilini investitsiya loyihalari natijalariga sezilarli darajada ta’sir etuvchi omillarni aniqlash va ularni taqqoslash tahlilini o‘tkazish uchun tavsiya etiladi. Sezgirlik tahlili loyihaning o‘xshash parametrlaridan biri o‘zgarganda, loyiha samaradorligi qay darajada o‘zgarishiga miqdoriy baho berishda qo‘llaniladi.
2. “Zararsizlik nuqtasi”ni aniqlash usuli yordamida mahsulot sotishdan kelgan tushum uni ishlab chiqarish harajatlariga teng bo‘lgan holdagi sotish hajmi aniqlanadi. Agar sotish hajmi bu nuqtadan past bo‘lsa, korxona zararlarni qoplashi mumkin, agar pul kirimi harajatlarga teng bo‘lsa, korxona ishini zararsiz olib borayotgan bo‘ladi. “Zararsizlik nuqtasi” tahlili investitsiya loyihasi quvvati yoki ishlab chiqarish hajmi mikdorini topish maqsadida qo‘llaniladi. Agar ishlab ishlab chiqarish xajmi past bo‘lsa, korxona zararga ishlayotgan bo‘ladi.
Bunda eng asosiy maqsad harajatlarni qoplash uchun zarur bo‘lgan ishlab chiqarish hajmini aniqlashdan iborat va bu holat korxona rahbarlariga va loyiha menejerlariga quyidagi omillarni o‘zgarishining foydaga ta’sirini aniqlash imkoniyatini beradi:
- doimiy xarajatlar (miqdori ishlab chiqarish hajmiga qarab o‘zgarmaydigan harajatlar, masalan, qarz foizi, garov puli, ijara haqi, renta to‘lovlari va boshqalar);
- o‘zgaruvchan xarajatlar (miqdori ishlab chiqarish hajmiga nisbatan to‘g‘ri mutanosiblikda o‘zgarib turuvchi harajatlar, masalan, ish haqi, xom ashyo, yoqilg‘i, yuk tashish xarajatlari va boshqalar);
- sotish hajmi;
- mahsulot tannarhi;
- sotilishi ko‘zda tutilgan mahsulot assortimenti.
“Zararsizlik nuqtasi” tahlilida xarajatlarni qoplash uchun zarur bo‘lgan sotish hajmi maxsus nuqtani tavsiflaydi, ya’ni u ishlab chiqarish hajmining kritik nuqtasini ifodalaydi. Mana shuning uchun ham bunday tahlil “zararsizlik nuqtasi” deb nomlanadi. Bunda korxona foyda ham olmaydi, zarar ham ko‘rmaydi, ya’ni mahsulot sotishdan tushgan tushum mahsulotning to‘liq tannarhiga (xarajatlarga) barobardir.
Zararsizlik nuqtasini aniqlash uchun, eng avvalo, sotish hajmi (Q) o‘zgarishining foydaga (P) ta’sirini aniqlash lozim bo‘ladi. Bunday o‘zgarishlar nisbatini aniqlashdagi elementlar bo‘lib, mahsulot birligi narhi (P), mahsulot birligidagi o‘zgaruvchan xarajatlar (V) va mahsulot birligidagi doimiy xarajatlar (C) ishtirok etadi. Formula quyidagi ko‘rinishga ega:
Do'stlaringiz bilan baham: |