V. Mustaqil ishlarning shakli va hajmini belgilash
Talabalarga mustaqil ta’lim mavzulari berilar ekan, o‘qituvchi har bir mavzuning o‘ziga xos xususiyatlari, mavzularni o‘rganishga bo‘lgan yondashuv, mavzu natijalarini qay tarzda umumlashtirish, tahlil qilish, xulosalar chiqarish va ularni oxirgi jarayon sifatida baholash uchun taqdim qilish holatlarini tushuntirib berishi lozim.
Mavzularning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganish jarayonida uning natijalarini umumlashtirishda eng maqbul uslublar, xususan, reja asosidagi konspekt, tezislar, xronologik va boshqa mazmundagi jadvallar, diagrammalar, chizmalar, xaritalar (yoki xaritalar asosida ishlash), grafiklar, yozma yoki og‘zaki axborot, referat, ilmiy ish, ijodiy ish tarzida amalga oshirilishining qo‘llanishi haqida ma’lumotlar va tushunchalar berib o‘tishi maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, talabalar o‘zlari tayyorlagan mustaqil ta’lim topshiriqlarini yozma yoki og‘zaki, referat yoki ijodiy ish sifatida topshirishlarini ham oldindan belgilashlari zarur.
Talabalar mustaqil ishlarining shakli va hajmini belgilashda quyidagi jihatlar e’tiborga olinishi lozim:
- o‘qish;
- muayyan fanning o‘ziga xos xususiyati va o‘zlashtirishdagi qiyinchilik darajasi;
- talabalarning qobiliyati hamda nazariy va amaliy tayyorgarlik darajasi (tayanch bilimi);
- fanning axborot manbalari bilan ta’minlanganlik darajasi;
- talabaning axborot manbalari bilan ishlay olish darajasi.
Mustaqil ish uchun beriladigan topshiriqlarning shakli va hajmi, qiyinlik darajasi semestrdan-semestrga ko‘nikmalar hosil bo‘lishiga muvofiq ravishda o‘zgarib, oshib borishi lozim. Ya’ni, talabalarning topshiriqlarni bajarishdagi mustaqilligi darajasini asta-sekin oshirib, ularni topshiriqlarni bajarishga tizimli va ijodiy yondashishga o‘rgatib borish kerak bo‘ladi.
Talabalar mustaqil ishini tashkil etishda talabaning akademik o‘zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakllardan foydalanish mumkin:
- fanning ayrim mavzularini o‘quv adabiyotlari yordamida mustaqil o‘zlashtirish, o‘quv manbalari bilan ishlash;
- amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rib kelish;
- ma’lum mavzu buyicha referat tayyorlash;
- mavzuga doir hisob-kitob va grafik ishlarini bajarish;
- maket, model va badiiy asarlar ustida ishlash;
- amaliyotdagi mavjud muammoning echimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash;
- ilmiy maqola, tezislar va ma’ruza tayyorlash;
- uy vazifalarini bajarish va boshqalar.
Fan xususiyatidan kelib chiqqan holda talabalarga mustaqil ish uchun boshqa shakllardagi vazifalar ham topshirilishi mumkin. Talabalarga qaysi turdagi topshiriqlarni berish lozimligi kafedra tomonidan belgilanadi. Topshiriqlar puxta o‘ylab chiqilgan va ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, talabalarning auditoriya mashg‘ulotlarida olgan bilimlarini mustahkamlash, chuqurlashtirish, kengaytirish va to‘ldirishga xizmat qilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |